Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yaqin Sharqdagi urush: Eron raketasi Tel-Avivga kelib urildi, Isroil Livan janubini egallamoqda
Seshanba kuni Eron Isroil bo‘ylab raketa zarbalari seriyasini amalga oshirdi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Donald Trampning Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralari haqidagi bayonotlariga qaramay, Eron va Livandagi «Hizbulloh» guruhiga harbiy bosimni susaytirmasligini ma’lum qildi. Bu vaqtda Isroil mudofaa armiyasi Livan janubidagi katta hududni «Isroilga tahdid yo‘q qilinganiga qadar» o‘z nazoratiga olishga tayyorlanmoqda.
Foto: EPA/Shutterstock
Seshanba tongida Eronning Tel-Aviv bo‘ylab raketa zarbasi oqibatida to‘rt kishi jarohatlangan. Ballistik raketalardan biri kelib tushgan joyda ulkan o‘ra hosil bo‘lgan, atrofdagi uchta bino hamda avtomobillar jiddiy shikastlangan, deya ma’lum qildi frontorti qo‘mondonligi rasmiy vakili, polkovnik Miki David.
Seshanbaga o‘tar kechasi Isroilning shimoliy va janubiy hududlari ham zarba ostida qolgan. Yuz minglab isroilliklar tunni bombapanagohlarda o‘tkazishgan, Xayfa shahri chekkasida yashovchi kishilardan biri hujum vaqtida yengil jarohat olgan.
Isroillik harbiylardan biriga ko‘ra, Tel-Avivga kelib urilgan raketalardan birining jangovar kallagida 100 kg atrofida portlovchi moddalar bo‘lgan, lekin u Eron bungacha qo‘llagan raketalarga qaraganda kuchsizroq edi.
Donald Trampning Eron infratuzilmasiga zarba berishni vaqtincha to‘xtatgani va Tehron bilan muzokaralar olib borilayotgani haqidagi bayonotlari fonida bosh vazir Netanyahu Isroil Livan janubida Eron rejimi va uning Livandagi ittifoqchisi bo‘lgan «Hizbulloh» guruhiga qarshi harbiy operatsiyani davom ettirishini ma’lum qildi.
«Biz hayotiy muhim manfaatlarimizni har qanday sharoitda himoya qilamiz», – dedi Netanyahu seshanba kuni 36 soniyalik videoda.
Eron bo‘ylab zarbalar: nimalar ma’lum?
Eron nashrlari xabar berishicha, qisqa tanaffusdan so‘ng Tehronning sharqiy hududlariga hujumlar qaytadan boshlangan.
Shuningdek, Erondagi manbalarga ko‘ra, 23 mart kuni ikkita gaz inshooti va quvurga hujum qilingan. Bu AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh besh kunga energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatishini aytganidan bir necha soat o‘tib ro‘y bergan.
«Sionist va amerikalik dushmanlar tomonidan davom etayotgan hujumlar doirasida Isfahondagi gaz boshqarmasi binosi va gaz bosimini nazorat qilish stansiyasiga zarba berildi», – deya xabar berdi Eronning Fars agentligi. Erondagi boshqa nashrlar hodisa haqida xabar bermagan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, obektlarga qisman zarar yetgan.
Yana bir zarba mamlakat janubi-g‘arbidagi Xurramshahr shahridagi elektr stansiyasi gaz quvuriga berilgan.
«Snaryad Xurramshahr gaz quvurining gazni qayta ishlash stansiyasi tashqarisidagi hududga kelib tushdi», – deya xabar bermoqda agentlik Iroq bilan chegarada joylashgan shahar gubernatoriga tayanib. Rasmiylarga ko‘ra, hujumga uchragan infratuzilma odatdagidek ishlashda davom etmoqda, gaz ta’minotida uzilishlar yo‘q.
Shu bilan birga, BBC Verify faktcheking bo‘limi kecha kechqurun internetda paydo bo‘lgan video va fotosuratlarni tahlil qildi, ularda Eronning markaziy qismidagi Isfahon shahri yaqinida kamida bitta portlash qayd etilgan.
Geolokatsiya ma’lumotlariga asoslanib, BBC surishtiruvchi jurnalistlari Fars xabar bergan zarba epimarkazi shaharning eng yirik elektr stansiyasidan kamida 20 km, eng yaqin aviabazadan sakkiz km va Isfahondagi yadroviy majmua hududiga kirish joyidan 22 km uzoqlikda bo‘lgan deb hisoblamoqda.
Isroil Livan janubidagi bufer zonani nazoratiga olmoqda
Isroil mudofaa vaziri Israel Kats seshanba kuni Isroil Livanning janubiy hududlari ustidan nazoratni saqlab qolishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Isroil xavfsizligi ta’minlanmaguncha, livanliklar bu hududlardagi uylariga qaytmaydi.
«Isroil mudofaa armiyasi Livanda „Hizbulloh“ga qarshi to‘liq kuch bilan harakat qilishda davom etadi. Livan janubining shimolga ko‘chirilgan yuz minglab aholisi Isroil shimolidagi aholining xavfsizligi ta’minlanmaguncha, Litani daryosi janubidagi hududlarga qaytib kela olmaydi», – degan Kats armiya bosh shtabi yig‘ilishida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Hizbulloh» jangchilar va qurol-yarog‘larni Livan janubiga o‘tkazish uchun foydalangan Litanidagi barcha ko‘priklar «yo‘q qilingan» va TSAHAL qolgan kechuv nuqtalarini hamda o‘z chegarasidan daryogacha bo‘lgan xavfsizlik zonasini nazorat qiladi.
Seshanba kuni TSAHAL Xar-Dov tog‘ining Livandagi qismi hududida harakatlanayotgan isroillik harbiylar «Hizbulloh» tunneliga kirish joyini topishgani, shuningdek, guruh tomonidan foydalanilgan boshqa obektlarni yo‘q qilgani haqida xabar berdi.
Foto: AFP
Isroil harbiy-havo kuchlari «Hizbulloh»ning Bayrutdagi qo‘mondonlik punktlariga ham zarbalar bermoqda.
TSAHAL ma’lumotiga ko‘ra, Livan poytaxti bo‘ylab seshanbaga o‘tar kechasi amalga oshirilgan zarbalar guruhning bir necha obektlari, jumladan, «Radvan» elita bo‘linmasi obektlari, shuningdek, «Hizbulloh»ning razvedka qanoti tuzilmalariga qarshi qaratilgan.
Bir kun avval kechqurun, guruh obektlariga zarba berishdan oldin, TSAHAL yana Bayrutning janubiy chekkasi – «Hizbulloh»ning tayanch qo‘rg‘onidagi aholini evakuatsiya qilish haqida ogohlantirish tarqatgandi. Livan milliy axborot agentligi xabar berishicha, Isroilning tungi hujumlari yetti xil hududni qamrab olgan.
Livan janubidagi At-Tiri shahriga yana bir tungi zarba «Hizbulloh» qo‘mondonlik markaziga berildi, u Al-Nur radiostansiyasi studiyasida joylashgani aytilmoqda. Isroil harbiylarining ta’kidlashicha, obekt «Hizbulloh»ning operativ xodimlari bo‘lgan vaqtda hujumga uchragan.
Seshanba kuni «Hizbulloh» Isroil shimolidagi Xayfa ko‘rfazi tomon 30 ga yaqin raketa uchirdi.