O‘zbekiston | 12:58 / 02.06.2026
2538
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident zamonaviy qadoqlash materiallari ishlab chiqarish korxonasini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida faoliyat yuritayotgan Kmita Polymers korxonasiga tashrif buyurib, zamonaviy qadoqlash materiallari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi. Korxonada mahalliy va eksport bozorlari uchun polimer hamda termoqisqaruvchi plyonkalar ishlab chiqarilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Rossiyaning Polymers kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur korxona maxsus va keng assortimentdagi polietilen plyonka mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona 6 ming 670 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, Italiyaning zamonaviy texnologik uskunalari bilan jihozlangan.

Loyihaning umumiy qiymati 15,2 million dollarga teng. Birinchi bosqichda 7,4 million dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. Korxona ishga tushirilishi natijasida yiliga 9,5 million dollarlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.

Bu yerda 50 ta yangi ish o‘rni tashkil etilgan. Keyingi bosqichlarda ish o‘rinlari sonini yanada ko‘paytirish rejalashtirilgan.

2025 yilda korxona tomonidan 115 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lib, 6 million dollarlik mahsulot Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qilingan.

Ta’kidlanganidek, qadoqlash industriyasi oziq-ovqat, qurilish, farmatsevtika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarning uzluksiz faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bois bu kabi yuqori texnologiyali ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish mamlakat sanoati va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid