O‘zbekiston | 18:39 / 14.07.2025
6236
2 daqiqa o‘qiladi

Wizz Air loukosteri O‘zbekistondan Abu-Dabiga parvozlarni to‘xtatadi

Aviakompaniya Yaqin Sharqdagi operatsion muammolar va geosiyosiy o‘zgarishlar tufayli 1 sentabrdan boshlab Abu-Dabi shahridan amalda oshiriladigan barcha reyslarini to‘xtatadi. BAA poytaxtini Toshkent va Samarqand bilan bog‘lovchi reyslar ham shular jumlasidan.

Foto: Uzbekistan Airports

Wizz Air aviakompaniyasi Yaqin Sharqdagi operatsion muammolar va geosiyosiy o‘zgarishlar tufayli joriy yil sentabr oyidan boshlab Abu-Dabi (BAA) shahridan barcha reyslar to‘xtatilishini ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters.

Asosiy sabablar sifatida issiq havo sharoitida Pratt & Whitney GTF dvigatellari bilan bog‘liq muammolarning cho‘zilib ketgani, havo bo‘shlig‘ining yopilishi va iqtisodiy samaradorlikning yo‘qligi ko‘rsatilgan. Ta’kidlanishicha, bularning barchasi 2020 yilda Yaqin Sharqqa kirgan Wizz Air uchun juda arzon biznes modelini saqlab qolishni imkonsiz qiladi.

Parvozlarning to‘xtatilishi O‘zbekistonga ham ta’sir qiladi. Wizz Air chiptalarni band qilish tizimidan 2025 yil 1 sentabrdan boshlab Toshkentdan Abu-Dabiga va Samarqanddan Abu-Dabiga reyslar yo‘qolgan.

Kompaniya keyingi faoliyatini Markaziy va Sharqiy Yevropa, shuningdek, Avstriya, Italiya va Buyuk Britaniyadagi asosiy bozorlariga yo‘naltirishini tasdiqladi.

Vengriyaning Wizz Air loukoster aviakompaniyasi 2022 yil dekabr oyidan Abu-Dabi – Samarqand, 2023 yil yanvar oyidan Abu-Dabi – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni yo‘lga qo‘ygan edi.

Mavzuga oid