Turizm | 18:55 / 26.03.2026
2661
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent-Maskat yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi

2026 yil 1 iyundan Toshkent-Maskat yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Bu o‘zaro sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilishi kutilyapti.

Foto: dunyo.info

O‘zbekiston elchisi Abdusalom Hotamov O‘mon meros va turizm vaziri Sayyid Ibrohim bin Said al-Busaidiy bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Tomonlar uchrashuvda turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini targ‘ib qilish, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qilgan.

O‘mon tomoni so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasida turizm va madaniy sohalardagi hamkorlik izchil rivojlanayotganini ta’kidlab, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida sayyohlar soni ortib borayotganini yuqori baholagan.

2026 yil 1 iyundan Maskat-Toshkent yo‘nalishida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning yo‘lga qo‘yilishi o‘zaro sayyohlar oqimini yanada oshirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston prezidentining O‘monga bo‘lajak tashrifi arafasida Maskat shahrida mamlakatning turizm salohiyatiga bag‘ishlangan Road Shov tadbirini o‘tkazish tashabbusi qo‘llab-quvvatlangan. O‘mon tomoni uni tashkil etishda ko‘mak berishga tayyorligini aytgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston 2021 yil 1 martdan boshlab O‘mon fuqarolari uchun 10 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy qilgandi. 2024 yil 1 iyulda esa O‘mon ham o‘zbekistonliklar uchun 14 kunlik davomida ushbu davlatda bo‘lish imkoniyatini taqdim etdi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid