O‘zbekiston | 14:11 / 27.02.2017
15046
3 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tmoqda

Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish, ular orasida badiiy jihatdan yuksak intellektual saviyani o‘stirishga xizmat qiladigan kitoblarga bo‘lgan talablarni o‘rganish maqsadida joriy yilning 27-28 fevral kunlari Navoiy viloyatida “Yoshlar o‘rtasida kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish” mavzusida Respublika seminari tashkil etildi.

Shuningdek, shu yilning 12 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”gi Farmoni e'lon qilindi.

Seminarni tashkil etishdan asosiy maqsad – yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularni turli salbiy illatlardan asrab, ma'naviy dunyoqarashini kengaytirish, kitobga bo‘lgan muhabbatini uyg‘otishdan iborat.

Ta'kidlash lozim, mustaqillik yillarida mamlakatimizda ta'lim muassasalari uchun o‘quv adabiyotlari yaratish va o‘quvchilarga yetkazishning mustahkam tizimi yaratildi, bunda O‘zbekistonda ta'lim berilayotgan yettita tilda darslik va o‘quv qo‘llanmalari nashr etilmoqda. Axborot-resurs va axborot-kutubxona markazlarining moddiy-texnika bazasi yangilanib, zamonaviy elektron kutubxonalar tizimlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Kelajak avlodning baxtu kamoli, osoyishta va farovon hayotida kitobning alohida o‘rni bor. Yaxshi kitob insonda Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini yuksaltirib, yaxshilik va ezgulikka undaydi.

Yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini shakllantirish, ular orasida milliy o‘zbek adabiyoti hamda jahonning mashhur durdona asarlarini targ‘ib qilishda “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Har yili yoshlarning talab va istaklari asosida o‘zbek va jahon yozuvchilarining “Kamolot” kutubxonasi” rukni ostida 100 dan ortiq eng sara asarlari chop etiladi. Shuningdek, hududlarda barpo etilayotgan “Kamolot” kitob do‘konlari orqali yoshlarga, shu jumladan, uyushmagan yoshlarga eng so‘nggi chop etilgan nodir asarlarni yetkazishga xizmat qilmoqda.

Seminar doirasida ta'lim muassasalari, mahallalarda o‘quvchi-talabalar hamda uyushmagan yoshlar o‘rtasida “Zukko kitobxon” intellektual turniri, “Kamolot kutubxonasi” onlayn viktorinasi, “Mening sevimli kitobim” nomli sotsiologik so‘rovlar, shoir va yozuvchilar, teatr aktyolari bilan ijodiy uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Seminar yakunida faol ishtirokchilar “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Markaziy Kengashi tomonidan rag‘batlantiriladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid