O‘zbekiston | 09:52 / 01.07.2017
10059
3 daqiqa o‘qiladi

Ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun mas'uliyat va burchi huquqiy asosda mustahkamlanadi

Yurtimizda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli diniy ekstremistik oqimlar ta'siridan asrash masalasi barchamiz uchun eng asosiy vazifa bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Prezidenti "Kamolot" qurultoyida farzand tarbiyasi masalasini alohida qayd etdi.  

"Maktabda, litsey-kollej yoki mahallada bir bola adashib, noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketar ekan, bundan avvalo uning tengdoshlari, yoshlar tashkiloti xabardor bo‘lishi, hech kimni tinch qoldirmasdan, bong urishi kerak emasmi?

Shu ma'noda, bugungi kunda yurtimizda tobora keng tarqalib borayotgan “O‘z bolangni o‘zing asra!” degan da'vat faqat quruq shior bo‘lib qolmasdan, har bir ota-ona, har bir fuqaroning qalbiga, yuragiga chuqur kirib borishi, amaliy harakatga aylanishi zarur.

Buning uchun bu masalani, ya'ni, ota-onalarning farzandlar tarbiyasi uchun mas'uliyati va burchini huquqiy asosda mustahkamlab qo‘yish vaqti keldi, deb o‘ylayman.

Davlat maslahatchisi O.Murodov, adliya vaziri M.Ikromov bir oy muddatda ushbu masala yuzasidan tegishli takliflarni tayyorlab, kiritishi zarur.

Hozirgi vaqtda chet elda ishlab yurgan ayrim yoshlarning terrorizm va ekstremizm changaliga tushib qolayotgani bilan bog‘liq muammo barchamizni qiynamoqda.

Lekin, qaysi hokim yoki vazir, qaysi jamoat tashkilotining rahbari mana shu yoshlar xorijda nima qilib yuribdi, qanday kun kechiryapti, deb qiziqib ko‘ryapti?

Holbuki, ko‘pgina davlatlarda o‘z fuqarolari bo‘lgan, xorijdagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tuzilmalar bor. Ularning tajribasini o‘rganib, biz ham chet ellarda o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan yoshlar bilan ish olib boradigan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan bir tashkilot tuzishimiz kerak. O‘zimizning bolalarimiz haqida o‘zimiz o‘ylamasak, kim o‘ylaydi?

Bu masala bo‘yicha Davlat maslahatchisi A.Yunusxo‘jayev, tashqi ishlar vaziri A.Komilov, bandlik va mehnat munosabatlari vaziri A.Abduhakimov O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda bir oy muddatda taklif kiritsin", - dedi Prezident.

Mavzuga oid