Yoshlarni ish bilan ta'minlash masalasi biz uchun hamon eng dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bugungi kunda yoshlar uchun yangi ish o‘rinlari ochish, ularning halol mehnat qilib, daromad topishi maqsadida ko‘p ishlar qilinmoqda. Shunga qaramasdan, bu borada muammolar ham oz emas. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 iyun kuni bo‘lib o‘tgan "Kamolot" qurultoyida shu mavzuga to‘xtaldi. 

"Yurtimizda ishsizlarning aksariyat ko‘pchilik qismini kollej bitiruvchilari tashkil etmoqda. Masalan, 2016 yili 477 ming 743nafar yosh yigit-qiz kollejlarni bitirib chiqqan va ularning 438 ming 503 nafari yoki 91,8 foizi ish bilan ta'minlangani to‘g‘risida ma'lumot berilgan.

Savol tug‘iladi: bu raqamlar qanchalik to‘g‘ri? Agar barcha kollej bitiruvchilari ishga joylashayotgan bo‘lsa, ishsiz yoshlar qayerdan paydo bo‘lyapti? Kollej bitiruvchilari bilan to‘rt tomonlama shartnomalarni nomigagina imzolab, o‘zimizni o‘zimiz aldamayapmizmi?

Yoshlarni ish bilan ta'minlash uchun avvalo ular o‘rtasida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, bu borada yangi imkoniyatlar yaratish maqsadida biz bir qator chora-tadbirlarni ko‘zda tutmoqdamiz.

Bu borada Iqtisodiyot vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga har bir tuman (shahar) markazida Yoshlar tadbirkorlik klasterlarini tashkil etish vazifasi topshiriladi. Ana shu klasterlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun elektr energiyasi, tabiiy gaz, suv va transport kommunikatsiyasi, aloqa vositalari va Internetga ulanish imkoniyati mavjud bo‘lgan hududlarda foydalanilmay yotgan davlat obektlari yosh tadbirkorlarga “nol” qiymati bilan ijaraga beriladi.

Hamma hududlarda tashkil etilayotgan iqtisodiy zonalarda, shaharlarda esa kichik sanoat zonalarida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining a'zosi bo‘lgan yosh tadbirkorlardan ijara haqi olinmaydigan tartib joriy etiladi.

Bundan tashqari, o‘z biznesini boshlayotgan yosh tadbirkorlarga imtiyozli narxlarda yuridik, texnik va boshqa maslahat yordamlarini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish lozim. Bu masala bo‘yicha moliya vaziri B.Xo‘jayev hamda Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov bir oy muddatda tegishli takliflarni ishlab chiqib, taqdim etishi zarur.

Shuningdek, tegishli iqtisodiy chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining byudjyet mablag‘larini ikki barobar ko‘paytirish rejalashtirilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, moliya vaziri B.Xo‘jayev va Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.Parpiyev bu masalaga mas'ul hisoblanadi.

Iqtisodiyot vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda “Hunarmand” uyushmasiga topshiriq: hunarmandlik yo‘nalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band bo‘lishi uchun qulay sharoit yaratib berilsin. Bu borada bo‘sh turgan obektlardan imtiyozli shartlar asosida joy ajratish, mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlar o‘rnatib berish ko‘zda tutilmoqda.