Iqtisodiyot | 10:54 / 18.11.2020
17743
2 daqiqa o‘qiladi

UzAuto Motors 2020 yil davomida 582 mlrd so‘mdan ortiq yig‘imni budjetga to‘lamagan 

Prezident qarorida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan har bir avtotransport vositasi narxidan 3 foiz yig‘im undirilishi belgilangan, shu sababli 2019 yilda UzAuto Motors mashinalari narxi 3 foizga oshirilgandi. Ma’lum bo‘lishicha, kompaniya bu to‘lovni to‘lamay kelyapti.

Foto: Askar Yakubov

Hisob palatasi tomonidan “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonuni loyihasi va 2021 yil uchun Budjetnoma bo‘yicha xulosasi tayyorlandi.

Xulosada qayd etilishicha, Soliq kodeksining 460-moddasida avtotransport vositalarini sotib olganlik va (yoki) O‘zbekiston hududiga vaqtinchalik olib kirganlik uchun yig‘im mamlakatning o‘zida ishlab chiqarilgan avtotransport vositalari sotib olinganda, yig‘im qonun hujjatlarida belgilangan tartibda avtotransport vositalarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan to‘lanishi belgilangan.

Shuningdek, prezidentning 2019 yil 18 iyuldagi “O‘zbekiston Respublikasi avtomobil sanoatini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4397-son qarori 3-bandiga asosan 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab respublikada ishlab chiqarilgan yangi avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun yig‘im avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan to‘lanishi qayd etilgan.

Biroq “O‘zavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilari tomonidan 2020 yil davomida yig‘im to‘lanmasdan kelinmoqda, deyiladi Hisob palatasi xulosasida.

Ta’kidlanishicha, UzAuto Motors AJ tomonidan 2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida 582,6 mlrd so‘m yig‘im to‘lanmagan.

“Yuqoridagilarni inobatga olib, “O‘zavtosanoat” AJ tizimidagi avtotransport vositalari ishlab chiqaruvchilarni yig‘im to‘lashdan ozod etishni belgilovchi imtiyozni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq hisoblanadi”, – deyiladi xulosada. 

Avvalroq Bosh prokuratura UzAuto Motors’ga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishni rad etgani xabar qilingandi

Mavzuga oid