Jamiyat | 15:03 / 08.02.2020
43909
5 daqiqa o‘qiladi

Yuzlab fuqarolarga mashina va'da qilib, milliardlab pullarni o‘zlashtirgan «Avto Rental» ta'sischilari ushlandi

«Avto rental» 700 ga yaqin fuqaroning ishonchiga kirgan va umumiy hisobda qariyb 3 milliard so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib olgan. Tergov departamenti korxona mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tafsilotlarini ma'lum qildi.

«Avto rental» nomi ostida faoliyat yuritgan korxona qulay shartlarda, hech qanday foizlarsiz, 40 oy davomida bo‘lib to‘lash sharti bilan yengil avtomobillar yetkazib berishni taklif qilib, 700 ga yaqin fuqarolarning ishonchiga kirgan va umumiy hisobda qariyb 3 milliard so‘m mablag‘larni o‘zlashtirib olgan.  

Korxona o‘zini targ‘ibot ishlarida avtomobillarni foizsiz va oyma-oy bo‘lib to‘lash yo‘li bilan taqdim etayotgan O‘zbekistondagi yagona kompaniya deb e'tirof etgan. Narxi 100 mln so‘mgacha bo‘lgan transport vositalari uchun 4 mln so‘m, 100 milliondan ortiq bo‘lgan transport vositalari uchun 5 mln so‘m va 200 milliondan ortiq bo‘lgan transport vositalari uchun 12 mln so‘mdan pul olib, avtomobillarni 3 oydan 7 oygacha bo‘lgan vaqt mobaynida yetkazib berishi aytilgan. Firma o‘zining qisqa vaqt davomidagi faoliyatida yuzlab odamlarni aldashga va o‘zgalarning milliardlab mablag‘larini o‘zlashtirishga ulgurgan.

Firmaning jinoiy faoliyati huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fosh etilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda. Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti «Avto rental» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishining dastlabki tergoviga oid tafsilotlarni ma'lum qildi.

«Jinoyat ishi yuzasidan hozirga kelib jami 3 kishiga ayblov e'lon qilingan. Jamiyat fuqarolar bilan 695 ta shartnoma imzolagan, ammo shartnoma shunday rasmiylashtirilganki, unda aynan qaysi turdagi transport vositasi yetkazib berish ham ko‘rsatilmagan. Jamiyat fuqarolardan olgan pul mablag‘larining umumiy qiymati 2,8 milliard so‘m bo‘lib, shundan faqat 1,9 milliard so‘mini bank hisob raqamiga kirim qilgan, qolgan pul naqd shaklda qabul qilinib, korxona mutasaddilarining shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflangan.

O‘z navbatida, bank hisob raqamiga kirim qilingan 1,9 mlrd so‘m pul mablag‘lari ham shartnoma shartiga ko‘ra fuqarolarga transport vositasi olib berishga sarflanmasdan, o‘zlarining ta'sischiligida bo‘lgan, ammo boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning hisob raqamlariga turli xil maqsadlarda chiqarib yuborilgan. Korxona 695 nafar fuqaro bilan shartnoma tuzgan bo‘lsa-da, hech qaysi birining oldidagi majburiyatni bajarmagan. Barcha pul mablag‘lari jamiyat rahbarlari va mansabdor shaxslari tomonidan o‘zlashtirib olingan. Shu sababli, jamiyat rahbari va ta'sischisiga nisbatan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan va yana bir ta'sischiga nisbatan qidiruv e'lon qilinib, qamoq ehtiyot chorasi tanlangan», - deydi Tergov departamenti katta tergovchisi Farhod Ergashev.

Tergov departamenti katta tergovchisi Farhod Ergashev

Dastlabki tergov tafsilotlarida aytilishicha, «Avto rental» MChJning bosh ofisi Toshkent shahrida joylashgan bo‘lib, yagona filiali Andijon viloyatida bo‘lgan, lekin korxona jabrlanuvchilari respublikaning deyarli barcha hududlarida bor.

«Jamiyatni tuzishda ishtirok etgan, ya'ni jinoyatga bosh bo‘lgan shaxs barchaga rollarni bo‘lib bergan, ya'ni biri hisobchi, biri ish boshqaruvchi, yana boshqasi moliyaviy tomonga javobgar bo‘lgan. Shunga qaramay, korxonada jinoiy harakatlardan bexabar ishchilar ham bo‘lgan. Shu sababdan faqatgina korxona mansabdor shaxslari javobgarlikka tortilgan.

Jinoyat yuzasidan fuqarolarga yetkazilgan zararni undirish maqsadida jamiyatning hisob raqamida bo‘lgan qoldiq summa, ya'ni 390 mln so‘m Tergov departamentining depozit hisob raqamiga o‘tkazilgan. Shuningdek, korxona rahbariga tegishli bo‘lgan Mercedes benz rusumli transport vositasi 400 mln so‘mga baholangan va olib qo‘yilgan», - deydi Farhod Ergashev.

Shu tariqa, hozirgi kunda korxona jabrlanuvchilariga yetkazilgan 2,8 mlrd so‘m zararning 790 mln so‘mi undirilgan. Tergovchiga ko‘ra, undirib olingan mablag‘lar faqat sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilangina jabrlanuvchilarga qaytarib berilishi mumkin. 

Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.  

Mavzuga oid