O‘zbekiston | 13:00 / 27.03.2020
25271
3 daqiqa o‘qiladi

Karantin davrida pensiya va nafaqalar aholi uyiga yetkazib beriladi

18 martdan boshlab, mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida aholini to‘plab pensiya tarqatmasdan, pensiya va nafaqa pullari aholi uylariga yetkazib berila boshlandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri AT “Xalq banki“ ma'lumotiga tayangan holda.

Foto: KUN.UZ

Joriy yil 18 martdan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiy tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining COVID-19 koronavirus pandemiyasining tarqalishini oldini olish va undan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalaridan kelib chiqib, mahalla fuqarolar yig‘ini binolarida aholini to‘plab pensiya tarqatmasdan, pensiya va nafaqa pullari aholi uylariga yetkazib berila boshlandi.

2020 yil 26 mart holatiga 2 trillion 103,1 milliard so‘mlik yoki 98 foiz pensiya mablag‘lari naqd pul shaklda tarqatib berildi va 405 mingga yaqin pensionerlarga 252,8 milliard so‘m bank kartalari orqali to‘landi.

Ta'kidlanishicha, keyingi aprel oyida ham pensiya va nafaqa pullari barcha fuqarolarning yashash uylariga naqd shaklda yetkazib beriladi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish uchun Xalq banki quyidagi tadbirlarni amalga oshiradi:

  • Xalq banki bosh ofisida shtab tashkil qilindi;
  • Pensiya va nafaqa to‘lovlari uchun Markaziy bankdan sterillangan naqd pullar olinadi;
  • Har bir pensiya va nafaqa oluvchiga beriladigan naqd pullar sterilangan paketlarda tarqatiladi;
  • Pensiya va nafaqa pullarini fuqarolar uylariga yetkazib berish uchun sayyor kassalarga qo‘shimcha bank xodimlari jalb qilinadi;
  • Sayyor kassalar uchun qo‘shimcha maxsus avtomashinalar ajratildi;
  • Barcha sayyor kassalar xodimlari va avtomashina haydovchilari tibbiy himoya maskasi va qo‘lqop, spirtli antiseptik vositalar bilan ta'minlandi.

Shu paytga qadar, prezident tomonidan 2017 yil 13 martda tasdiqlangan qarorga asosan, 2017 yil 1 iyuldan boshlab respublikamizning barcha hududlaridagi 9 mingga yaqin mahalla, ovul fuqarolar yig‘inlarida belgilangan jadvallarga muvofiq har oyda o‘rtacha 3,0 million nafardan ortiq pensionerlarga 2,0 trillion so‘mdan ziyod pensiya va nafaqa mablag‘lari har oyning 27 sanasiga qadar Xalq banki sayyor kassalari tomonidan amalga oshirib kelinmoqda edi.

Shu bilan birga, I-II guruh nogironlari va mustaqil harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan 700 mingga yaqin fuqarolarga 500,0 milliard so‘mdan ortiq pensiya va nafaqa to‘lovlari mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan grafikka asosan birinchi navbatda ular yashaydigan joylarga yetkazib berilmoqda.

Mavzuga oid