O‘zbekiston | 12:46 / 13.03.2021
16369
4 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank mulozimi naqd pullarning butunlay muomaladan chiqarilishi haqidagi savolga javob berdi

2020 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 1,6 trln so‘mga yoki 5,8 foizga ko‘paydi. Bu haqda Markaziy bankning Naqd pul muomalasi departamenti direktori Fazliddin Bozorov ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda naqd pulsiz, jumladan, bank kartalari orqali hisob-kitoblar hajmi ortib bormoqda va bu naqd puldan foydalanish kamayib borayotganini bildirmaydi.

“Misol uchun, 2020 yil davomida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi 1,6 trln so‘mga yoki 5,8 foizga ko‘paydi. Qolaversa, 2020 yilda banklar kassalariga kelib tushgan naqd pullar hajmi 179,9 trln so‘mni tashkil etib, 2019 yilga nisbatan 26 foizga ko‘paygan bo‘lsa, banklardan 180,2 trln so‘mlik naqd pullar berildi va bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 25 foizga oshdi.

Yana bir ko‘rsatkichga e'tibor qaratsak, 2020 yilda savdo va pullik xizmatlardan banklarga tushumlar tarkibida 85,6 trln so‘mi yoki 58,4 foizi naqd puldagi tushumlar hissasiga to‘g‘ri kelib, 2019 yilga nisbatan 1,6 foizli bandga ko‘paygan.

Ushbu ko‘rsatkichlarga qarab, “naqd pullardan foydalanish kamayib bormoqda” deyish qanchalik to‘g‘ri bo‘lmasligini anglab olish mumkin”, deydi Markaziy bank vakili.

Qayd etilishicha, 2017 yilda 50 000 so‘mlik, 2019 yilda 100 000 so‘mlik banknotlarning muomalaga chiqarilishi ortidan kichikroq qiymatdagi banknotlar o‘rnini yirik qiymatdagi pullar egallashi hisobiga muomaladagi banknotlar soni sezilarli miqdorda kamaydi.

“Mazkur holat aholiga va tadbirkorlik sub'yektlariga naqd pullar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirish, ularni olib yurish, saqlash uchun qulayliklar ortib borayotganini bildiradi.

Naqd pul sohasidagi xalqaro ekspertlar fikriga ko‘ra, 2020 yilda Yevropa ittifoqi mamlakatlarida ham naqd pulga bo‘lgan talab sezilarli darajada oshgan. 2020 yil 9 oyida muomalaga chiqarilgan naqd pullar hajmi Yevropada 10,6 foizga ko‘paygan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich AQShda – 14,6 foizni, Xitoyda – 7,9 foizni, Hindistonda – 23,1 foizni tashkil etgan.

Naqd pullardan voz kechib, hisob-kitoblarni naqdsiz ko‘rinishda amalga oshirishga o‘tishning afzalliklari ko‘p, eng asosiysi, iqtisodiyotda pul aylanishi tezlashadi.

Bunday jarayon tabiiy ravishda hamda hukumat qo‘llab-quvvatlashi orqali aholiga qiyinchilik tug‘dirmagan holda ro‘y berishi, bosqichma-bosqich joriy etilishi maqsadga muvofiq hisoblanadi. Masalan, dastlab kommunal to‘lovlarni faqat naqdsiz shaklda to‘lash, ayrim yirik savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan to‘lovlarni faqat bank kartalari orqali qabul qilish kabi tartiblarning joriy etishlari sekin-asta savolda qo‘yilgan jarayonga yetaklashi mumkin.

Shvetsiya davlati naqd pullardan voz kechish siyosatini 2015 yilda boshlagan bo‘lib, bugungi kunda ushbu davlatda restoranlar, dorixonalar va savdo korxonalari to‘lov uchun naqd pullarni qabul qilishni rad etish huquqiga ega. Ayrim ommaviy axborot vositalarida Nyu-York shahridagi bir qator savdo korxonalari va restoranlar to‘lovlarni faqat naqdsiz ko‘rinishda qabul qilishni tajriba tariqasida qo‘llab ko‘rishi ba'zi aholi vakillarining e'tirozlariga sabab bo‘layotgani yozilmoqda.

Endi O‘zbekiston misolida shu jarayonni tasavvur qilib, xulosa qilib ko‘ring-chi, buning uchun bizda yetarli shart-sharoit mavjudmi, aholi dunyoqarashi shakllanganmi? Oddiygina misol, mamlakatimizda oylik ish haqini va pensiya to‘lovlarini bank kartalari orqali to‘lanishiga e'tiroz bildiruvchi fuqarolar ko‘plab topiladi”, deydi Fazliddin Bozorov.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid