Jahon | 12:59 / 08.10.2024
3809
10 daqiqa o‘qiladi

Livanda davom etayotgan bombalashlar, Isroil hujumiga tayyor Eron va dunyodagi qurg‘oqchilik oqibatlari - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Isroilning Livanga hujumlari

Isroil Livanga hujum qilishda davom etmoqda. Bir paytlar gavjum bo‘lgan poytaxt Bayrutning janubiy mavzelari bir necha kunlik to‘xtovsiz bombalashlardan so‘ng kimsasiz dalaga aylanib qoldi. Turar joylar, do‘konlar va ishxonalardan tutun chiqib yotibdi.

Minglab aholi shaharni tark etgan. Qolganlarni esa G‘azodagidek o‘ta murakkab sharoit kutmoqda. Chunki ichimlik suv va oziq-ovqat yetishmaydi. Hayot uchun birinchi navbatda zarur bo‘lgan narsalarni topib bo‘lmaydi.

«Bu yerda ortiq hayot yo‘q», — degan France Press agentligiga qaytib kelganlardan biri. Uning uyi vayronaga aylanib, tuproq va devor bo‘laklari ostida qolib ketgan. Yana bir mahalliy turg‘un Bayrutni «arvoh-shahar» deb atagan.

Isroil esa nafaqat Bayrutga zarbalar bermoqda, Livanning o‘zi bilan chegaradagi janubiy hududlarini ham vayron qilish bilan band.

Livan-Isroil chegarasidan ikki kilometr olisda joylashgan Yarun qishlog‘idagi Imom Ali markaziy masjidi vayron qilindi.

Havodan keng ko‘lamli hujumlar fonida Isroil askarlari Livanga bostirib kirgach, mamlakat vayrongarchiliklar to‘lqini va tinch aholi o‘rtasida ommaviy o‘limlarga duch kelmoqda.

HAMAS jangchilarining bayonoti

2023 yilning 7 oktyabrida Isroilga qilingan hujum bilan «Al-Aqso toshqini» operatsiyasi boshlaganini da’vo qiluvchi HAMASning jangovar qanoti bo‘lmish «Al-Qassam brigadasi» rasmiy vakili Abu Ubayda bir yillik urush natijalarini izohladi.

U bu urushni tarixdagi eng professional operatsiya deb atagan.

«Biz o‘zimizning urush taktikamizni dushman sira kutmagandek, dushmanga qarshi turishning barcha ssenariylarini hisobga olib ishlab chiqdik», — degan Abu Ubayda.

«Dushman ko‘p yillardan beri bizga qarshi jinoyat qilib keladi. Bir yil o‘tgach, Amerika va g‘arbning yordami bilan kuchaytirilganiga qaramasdan, biz Falastin xalqining afsonaviy qarama-qarshiligini ko‘rmoqdamiz. Bizning jangchilarimiz G‘azoning har bir qarich yerida qahramonona qarshilik qilishmoqda», — degan u.

«Bezbet dushman tarixdan biror saboq chiqarmagan va millatimizning qat’iyatini anglay olmayapti. Yetakchilarimizga qilingan suiqasd qachon bizning kurashimizga ta’sir o‘tkaza olgan? Agar bu kurash yetakchilarning o‘limi bilan tugaganida u 100 yil avval Izzadin al-Qassamning shahid bo‘lishi bilan tugagan bo‘lar edi.

Agar suiqasdlar g‘alabaga yetaklaganida 20 yil avval shayx Ahmad Yosinning o‘ldirilishidan so‘ng «Al-Aqso toshqini» va g‘arbiy sohilda intifoda ro‘y bermagan bo‘lardi», degan Ubayda.

«Sionistik hosila Amerika ma’muriyatining oddiy iplariga bog‘langan va vaqt o‘tishi bilan ular uzilishi muqarrar», — degan Abu Ubayda.

«Bu yerlar zaytun daraxti misoli qarshilik jangchilarini yetishtirib beraveradi va bu ruh avloddan avlodga qolaveradi. Dushman faqat kuch tilini tushunadi va uni faqat qurol kuchli bilan yengish mumkin», — degan «Al-Qassam brigadasi» rasmiy vakili Abu Ubayda.

AQSh Isroilga ta’sir o‘tkazmayapti

Oq uy okkupatsiya ostidagi Falastinda urush qayta boshlanganining bir yilligi munosabati bilan prezident Jo Baydenning bayonotini e’lon qildi.

«Mojaroning o‘tgan bir yili ichida juda ko‘plab tinch aholi halok bo‘ldi, o‘n minglab odamlar o‘ldirildi. Isroilliklar ham, falastinliklar ham xavfsiz, munosib va tinch sharoitda yashashga birdek haqli», — degan Bayden.

Bayden garovga olinganlarni qaytarish, insonparvarlik yordamini ko‘paytirish va joylardagi azoblarni yengillashtirishga xizmat qiluvchi G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishish borasidagi ishlarni davom ettirishni va’da qildi.

Jurnalistlar va huquqbonlar Baydenning murojaatini tanqid ostiga olishdi. Chunki AQSh prezidenti mojaro uchun javobgarlikni HAMAS zimmasiga yuklagan va Isroilning ko‘p yillik noqonuniy okkupatsiyasi, harbiy jinoyatlari va O‘rdun daryosining g‘arbiy sohilidagi aparteid rejimini tilga olmagan.

Bayden ma’muriyati Isroilga eng yirik qurol-yarog‘ yetkazib beruvchi va BMTdagi diplomatik qalqon sifatidagi AQSh richagidan sulh bitimi tuzish uchun Isroil bosh vaziriga ta’sir o‘tkazishda foydalanishni istamayotganlikda ayblanmoqda.

Eron javob berishga tayyor

Agar Isroil Eronga javob hujumi qiladigan bo‘lsa Eron Qurolli kuchlari qo‘mondonligi kamida o‘nta ssenariyni ishlab chiqqan. Tasnim agentligi xabariga ko‘ra, qo‘mondonlik har qanday harakat ssenariysini amalga oshirishga tayyor, biroq unga o‘zgartirish kiritishi mumkin.

«Eron o‘z javobini isroilliklar qanday darajada amalga oshiradigan bo‘lsa, shunga yarasha amalga oshirishi shart emas, bu javob boshqa maqsadlarga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Variantlardan birining tanlanishi Eronning reaksiyasi samaradorligini oshiradi», dedi Eron qurolli kuchlaridagi manba.

Manbaning ta’kidlashicha, Isroil Eronga qaraganda ancha kichikroq va Isroil «infratuzilmasi yanada zaifroq va kamroq», shuning uchun Eronning javob harakati Isroil rasmiylari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

6 oktyabr kuni Islom inqilobi muhofizlari korpusi Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni kontr-admiral Alirizo Tangsiriy Eron qo‘mondonligi Tehron Isroil bilan to‘qnash kelgan taqdirda bir qancha harakatlar rejasini ishlab chiqqanini aytgan edi.

Eron qurolli kuchlaridagi manba Eronning javob formati va uning qarshi hujumlari Isroil tomoni nima qilishiga bog‘liqligini aytgan.

AQSh davlat departamentining oliy martabali vakili CNN mediasiga bergan intervyusida Isroil hozircha Bayden ma’muriyatiga Eronning yadroviy obektlariga zarba berishdan o‘zini tiyish to‘g‘risida kafolat taqdim etmaganini bildirgan.

Tunisda prezident saylovi

Tunisning amaldagi prezidenti Qays Sayid mamlakatda o‘tgan prezidentlik saylovlarida 90,69 ovoz bilan qayta saylandi.

Saylovning dastlabki natijalarini Tunisning oliy saylov kengashi rahbari Farrux Buasqar e’lon qilgan va amaldagi prezident katta ustunlik bilan g‘alaba qozonganini ta’kidlagan.

Qolgan nomzodlar ichida eng ko‘p ovozni 2020 yilda «Yashasin Tunis» partiyasidan deputat sifatida o‘z siyosiy hayotini boshlagan biznesmen Ayashi Zamal to‘plagan — 7,35 foiz. Uchinchi nomzod «Xalq harakati» partiyasi yetakchisi Zuhayr al-Mag‘zaviy 1,97 foiz ovoz to‘plagan.

Qozog‘istonda AES qurilishi

Amerika Qo‘shma Shtatlari Qozog‘istonda atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha adolatli tender o‘tkazilishini kutmoqda va unda ishtirok etmoqchi. Bu haqda Olmaotaga ish safari bilan borgan AQSh Savdo-sanoat palatasi katta vitse-prezidenti Hush Choksi bildirgan.

«AQSh atom elektr stansiyalari borasida eng yaxshi texnologiyalarga ega. Umid qilamizki, ochiq tender bo‘lib o‘tadi, bu esa unda Amerika kompaniyalariga ham ishtirok etish imkonini beradi», degan Choksi.

Bir kun avval Qozog‘istonda AES qurish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi, ishtirokchilarning 71 foizdan ortig‘i bu g‘oyani qo‘llab-quvvatladi. Ikki millionga yaqin kishi bunga qarshi chiqdi — bu umumiy saylovchilarning 28,88 foizini tashkil qiladi.

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev agar mamlakat fuqarolari AES qurish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlasa, u holda bu ishni xalqaro kompaniyalar konsorsiumi amalga oshirishi kerakligini aytgan edi.

Avvalroq, AES Olmaota viloyatining Jambil tumanidagi Ulken qishlog‘ida qurilishi mumkinligi xabar berilgan edi. Ilgari Qozog‘iston hukumati nomzodlarning «qisqa ro‘yxatini» tuzdi, unga to‘rt kompaniya: Xitoyning CNNC, Koreyaning KHNP, Rossiyaning «Rosatom» va Fransiyaning EDF kompaniyalari kirdi.

Qurg‘oqchilik oqibatlari

2023 yilgi qurg‘oqchilik dunyo daryolarining 50 foizini sayozlashtirgan. Shuningdek, yuqori harorat so‘nggi 50 yilda muzliklarning eng ko‘p erishini ham keltirib chiqargan.

Amerika qit’asidagi Missisipi va Amazonka daryolari 2023 yilda rekord darajada sayozlashdi. Bu haqda BMT Jahon meteorologiya tashkiloti ekspertlari ma’lum qildi.

O‘tgan yilgi kuchli qurg‘oqchilik oqibatida Shimoliy, Markaziy va Janubiy Amerikaning ko‘plab mintaqalarida daryolar oqimi kamaygan. Ma’lum qilinishicha, 2023 yilgi ob-havo sharoiti 33 yillik kuzatuvlar davomida dunyo daryolari holatiga eng kuchli ta’sir ko‘rsatgan.

Shunday qilib, uzoq davom etgan issiqlik Osiyodagi Ganga, Brahmaputra va Mekong daryolari havzalarida suv sathiga ta’sir qildi — u o‘rtacha darajadan pastga tushdi. Umuman olganda, issiqlik barcha suv havzalarining 50 foiziga ta’sir qildi, ularning aksariyatida suv tanqisligi kuzatildi, bu esa qishloq xo‘jaligi va sanoatga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.

2023 yildagi yuqori harorat ham muzliklarning so‘nggi 50 yildagi eng ko‘p erishini keltirib chiqardi. Oqibatda 600 gigatonna suv yo‘qotildi, bir qator Yevropa va Skandinaviya daryolaridagi suv hajmi ortdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, keyinchalik ularning oqimi sezilarli darajada kamayadi.

Mavzuga oid