O‘zbekiston | 19:59 / 25.10.2023
32682
2 daqiqa o‘qiladi

Odil Abdurahmonov yangi oliy ta’lim vaziri bo‘ladi

U muqaddam ushbu vazirlikda vazir o‘rinbosari bo‘lgan, keyinroq prezident maslahatchisiga aylangan, so‘nggi vaqtlarda prezident administratsiyasidagi departament rahbari sifatida ishlayotgandi.

Foto: Xalqaro press klub

Odil Qalandarovich Abdurahmonov oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri etib tayinlanadi. Bu haqdagi ma’lumotni Kun.uz manbasi tasdiqladi.

U yangi lavozimda Ibrohim Abdurahmonov o‘rnini egallamoqda.

Odil Abdurahmonov 1978 yilda tug‘ilgan, iqtisodiyot fanlari doktori ilmiy darajasiga ega.

U muqaddam prezident devoni (hozirgi prezident administratsiyasi)da bosh konsultant lavozimida, keyinroq devonning ijro apparati rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinovning o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Keyinroq Respublika bandlik, mehnat muhofazasi va aholini ijtimoiy himoya qilish ilmiy markazi rahbari bo‘lgan. 2018 yil 31 iyulda oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.

2019 yil aprel oyida prezident administratsiyasiga qaytib, prezidentning fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Abdujabbor Abduvohidov)ga o‘rinbosar bo‘lgan, 2020 yil iyulida Transport universiteti rektori lavozimiga o‘tkazilgandi.

2022 yil avgustida O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlangan, 2023 yil avgustida prezident administratsiyasidagi islohotlar doirasida tuzilgan Ijtimoiy rivojlanish departamenti direktori sifatida ish boshlagandi.

Mavzuga oid