O‘zbekiston | 10:40 / 03.01.2023
19596
2 daqiqa o‘qiladi

Air Astana samolyoti bilan ro‘y bergan hodisada uch o‘zbekistonlik jarohat oldi

2023 yil 2 yanvar kuni Toshkent – Olmaota yo‘nalishi bo‘yicha KC128 reysini amalga oshirish chog‘ida Air Astana aviakompaniyasining samolyoti Chimkent parvozlarni boshqarish markazi hududida 350 (10 600 m) balandlikda kuchli turbulentlikka uchradi.

Foto: Transport vazirligi axborot xizmati

O‘zbekiston Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, samolyot Toshkentdan mahalliy vaqt bilan soat 14.35 da havoga ko‘tarilgan. Airbus A321 havo kemasi bortida 135 yo‘lovchi va 9 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida 7 kishi (shundan 3 nafari O‘zbekiston fuqarosi) jabrlangan.

Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 16.45 da Olmaota aeroportiga qo‘ngan. Yo‘lovchilarga yordam ko‘rsatish uchun tez yordam mashinalari aeroportda kutib olgan.

Havo kemasi qo‘nganidan so‘ng 2 nafar yo‘lovchi tibbiy yordam so‘ragan va ular Olmaotadagi shifoxonalardan biriga ko‘rikdan o‘tish uchun yuborilgan.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘rikdan so‘ng singan tan jarohatlari qayd etilmagan, tibbiy yordam ko‘rsatilgach, yo‘lovchilar kasalxonaga yotqizishdan bosh tortishgan.

Qozog‘iston fuqaro aviatsiyasi qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu fakt vakolatli organlar tomonidan tekshiriladi hamda natijalari bo‘yicha keyinroq qo‘shimcha axborot beriladi.

Mavzuga oid