O‘zbekiston | 14:11 / 27.02.2026
5329
3 daqiqa o‘qiladi

Xususiy kompaniya Adliya vazirligiga Kia K9 mashinasini nega bergandi?

Fevral oyi boshida Roodell kompaniyasi Adliya vazirligiga vaqtincha foydalanish uchun Kia K9 avtomobilini bepul taqdim etgan. Kun.uz so‘roviga javoban, kompaniya buni “davlat-xususiy sheriklik doirasida vaqtinchalik ko‘mak ko‘rsatishning standart amaliyoti” deb atadi. Vazirlikning ma’lum qilishicha, avtomobildan foydalanish zarurati qolmagani sababli u qaytarib berilgan.

Adliya vazirligi xususiy kompaniya – “Roodell” MChJning qimmatbaho mashinasini bepul olgani ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi. Tarqalgan skrinshotga ko‘ra, 2026 yil 12 fevral kuni bu borada vazirning 46-sonli buyrug‘i qabul qilingan.

Buyruq E-qaror platformasiga joylangan, lekin hozir uni ko‘rib bo‘lmaydi.

Hujjatda premium toifadagi Kia K9 rusumli avtomobili bepul foydalanish shartnomasi asosida vazirlik xizmatlari uchun olinayotgani yozilgan. Avtomobilga yonilg‘i quyish va texnik xizmatlar ko‘rsatish vazirlik tomonidan qoplanishi ko‘rsatilgan. Buyruqqa bosh vazir o‘rinbosarining 30 yanvardagi topshirig‘i asos sifatida keltirilgan.

Kun.uz holat yuzasidan Adliya vazirligi bilan bog‘landi. Matbuot kotibi Hayotjon Qilichevning ma’lum qilishicha, avtomashina nufuzli xorijiy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish maqsadida vaqtincha tekin foydalanib turish uchun taklif qilingan hamda bugungi kunda undan foydalanish zarurati qolmaganligi sababli qaytarib berilgan.

“Roodell” MChJning marketing bo‘limi rahbari Mariya Kimning Kun.uz'ga tasdiqlashicha, Kia K9 haqiqatan ham kompaniyaning taklifi bilan vazirlikka berilgan.

Mazkur avtomobil Adliya vazirligiga faqat bepul vaqtincha foydalanish shartnomasi asosida topshirilgan. Hujjat shartlariga ko‘ra, mulk huquqi “Roodell” MChJda saqlanib qoladi. Bu hadya qilish yoki sotish emas, avtomobil vazirlikning vaqtinchalik xizmat ehtiyojlari uchun taqdim etilgan bo‘lib, uni saqlash va ekspluatatsiya qilish bilan bog‘liq barcha xarajatlar (YMM va texnik xizmat) belgilangan tartibda qabul qiluvchi tomon zimmasiga yuklatilgan. Bu – davlat-xususiy sherikligi doirasida vaqtinchalik ko‘mak ko‘rsatishning standart amaliyotidir”, – deydi Kim.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu yerda hech qanday yashirin maqsadlar yo‘q”, kompaniya mahalliy ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va avtomobillarni bevosita O‘zbekiston bozorida ishlab chiqaradi.

Sizga ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan davlat tashkilotlarining bosqichma-bosqich mahalliy avtomobillarga o‘tishi bo‘yicha aniq vazifa qo‘yilgan. Biz O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan sifatli avtomobillar yo‘llarimizda ko‘proq ko‘rinishi va davlat sektorida faol qo‘llanishidan manfaatdormiz. Bu – mahsulotimiz ishonchliligining eng yaxshi isbotidir. Adliya vazirligi tomonidan boshqa turdagi hech qanday “yordam” haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, – deyiladi izohda.

Eslatib o‘tamiz, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, mansabdorlar o‘z xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan biron bir mukofot, foyda yoki sovg‘alar olishi mumkin emas.

 

Дилшода Шомирзаева
Muallif Дилшода Шомирзаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid