O‘zbekiston | 11:50
2723
14 daqiqa o‘qiladi

Jyenevadagi pullar, hakerlar tahdidi va matbuot erkida pasayish - hafta dayjesti

Toshkentdan Xivaga endi 15 soat emas, 7,5 soat yuriladi: “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi qatnovi boshlandi. Kiberxavfsizlik xodimlarining ma’lumotlari o‘g‘irlandi: hakerlar rasmiylarga ochiq tahdid bilan chiqmoqda. Shveytsariyada Gulnora Karimova ustidan sud vaqtincha to‘xtatildi: 350 million dollarni o‘zbek xalqiga qaytarish masalasi so‘roq ostida.

Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim muhim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

“Jaloliddin Manguberdi” yo‘lga chiqdi

Toshkent va Xiva o‘rtasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bugun, 3 may kuni tongda “Jaloliddin Manguberdi” poyezdi ilk reysini boshlab, Toshkent markaziy vokzalidan Xivaga qarab yo‘l oldi. Koreyadan xarid qilingan po‘lat karvon 260 km/soatgacha tezlikda harakatlanib, o‘z manziliga 7 soat-u 31 daqiqada yetib boradi. Taqqoslash uchun, bu yo‘nalishda an’anaviy poyezdlardagi safar vaqti 14-15 soatni tashkil etadi.

Yangi poyezd haftasiga uch marta qatnaydi. Chipta narxi kelsak, uni arzon deb bo‘lmaydi. Yuqorida aytganimiz 14-15 soat yo‘l yuradigan poyezdlar chiptasi hozirda vagon turiga qarab 245 ming so‘mdan 349 ming so‘mgacha turadi. “Jaloliddin Manguberdi” chiptasi esa – 780 ming so‘m. Buni aviachipta narxi bilan solishtiradigan bo‘lsak, UzAirways'ning Toshkent–Urganch reysi chiptalari bagajsiz tarifda 770 ming so‘mdan boshlanadi. Bagajga ega, chiptani qaytarish yoki sanasini o‘zgartirish imkoniyatini beradigan parvozda esa yo‘lkira 840 ming so‘m.

Farg‘ona vodiysida ham temiryo‘l qatnoviga oid yangilik bor: Marg‘ilon, Qo‘qon, Namangan va Andijon shaharlarini bog‘laydigan halqa elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Dushanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘onaga tashrifi doirasida bu yo‘nalishdagi ilk reysda Qo‘qondan Marg‘ilonga keldi. 324 kilometrlik temiryo‘l halqasida Toshkentda ishlab chiqarilgan yangi elektropoyezdlar qatnaydi. Poyezdlarda konditsioner, bepul WiFi va USB-portlar bor. Chipta narxi – 15 ming so‘m, ya’ni taksidan ham arzonroq.

Shu hafta ma’lum bo‘lishicha, Chexiyaning Škoda kompaniyasidan elektropoyezdlar sotib olish masalasi yana kun tartibiga qaytgan. Payshanba kuni Chexiya bosh vaziri Andrey Babishning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Škoda bilan 10 ta elektropoyezd xaridi bo‘yicha shartnoma imzolandi. 2023 yilda imzolangan avvalgi bitim doirasida 320 mln yevro qiymatda 30 ta elektropoyezd yetkazib berishga kelishilgan, lekin bu amalga oshmay qolgandi. Yangi kelishuvni Chexiya davlat sug‘urta kompaniyasi va Yevropa investitsiya banki qo‘llab-quvvatlayapti.

Shavkat Mirziyoyev Chexiya bosh vazirining tashrifini “o‘zaro munosabatlar tarixida yangi bosqichning boshlanishi” deya ta’rifladi. Vizit doirasida o‘zaro savdoni 1 mlrd dollarga yetkazish, chex kompaniyalari bilan texnologik hamkorlikni chuqurlashtirish kabi masalalar asosiy kun tartibida bo‘ldi. Toshkent va Praga o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni tiklash rejalashtirilyapti.

Matbuot erkinligi indeksi: bir pog‘ona ko‘tarildik, lekin...

Bugun, 3 may – Xalqaro matbuot erkinligi kuni. Sana arafasida Parijda asoslangan “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti o‘zining har yilgi Matbuot erkinligi indeksini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “juda jiddiy”ligicha qolyapti.

Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekistondagi matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyatga 100 balldan 35 ball berdi, bu o‘tgan yilgidan biroz pastroq ko‘rsatkich. Ya’ni absolyut ko‘rsatkichlar bo‘yicha, mamlakatimizda jurnalistik faoliyat erkinligi torayishda davom etyapti. Boshqa davlatlarga nisbatan olganda esa, ulardagi salbiy tendensiya bizdagidan tezroqligi hisobiga, umumiy reytingda bir pog‘onaga ko‘tarilib, 147-o‘rinni band etdik.

“Chegarasiz muxbirlar” 40 balldan past reytingga ega davlatlarni matbuot erkinligi bilan bog‘liq vaziyat “juda og‘ir” deb tasniflaydi. O‘zbekiston bu kategoriyadan 2019 yilda chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan edi, lekin 2024 yilga kelib, mamlakatimiz yana to‘q zarg‘aldoq rangda belgilanadigan davlatlar qatoriga qo‘shilib qoldi. Yangilangan indeksda O‘zbekistondagi matbuot erkinligining iqtisodiy va xavfsizlik indikatorlari yaxshilangan bo‘lsa, siyosiy, huquqiy va ijtimoiy mezonlarga ko‘ra vaziyat yomonlashgani ko‘rsatilgan.

O‘zbekiston rasmiylari Matbuot erkinligi indeksini o‘zi uchun eng ustuvor 15 ta xalqaro reytingdan biri deb hisoblaydi. Senatning 2024 yilgi qarori bilan, 2026 yilda bu indeksda O‘zbekiston 39 ball to‘plashiga erishish vazifasi qo‘yilgan edi. Amalda esa buning aksi bo‘lib chiqdi: reyting ballimiz o‘sha paytdagi darajadan ham pasayib ketdi.

Shu fonda, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov jamoatchilik faoli Otabek Bakirov ustidan yana huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga arz qilgani ma’lum bo‘ldi. Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, vazir uning Telegram-kanaldagi va X tarmog‘idagi postlari yuzasidan qayta-qayta – jami 4 marta shikoyat qilgan. Ushbu shikoyatlar bitta ishga jamlanib, hukumat a’zosining da’volari ichki ishlar va prokuratura idoralari vositasida sudga oshirilgan. Juma kuniga belgilangan sud majlisi o‘tkazilmadi. Advokatning ma’lum qilishicha, sudya ish hujjatlari bilan tanishib chiqib, boshqa kuni chaqirishini ma’lum qilgan.

Shveytsariyada Gulnora Karimova ustidan sud to‘xtatildi

O‘zbekiston xalqiga tegishli ekani aytiladigan yuzlab million dollar pullarni Shveytsariya banklaridan qaytarib olib kelish yanada qiyinlashishi mumkin. Shu hafta boshida Shveytsariya Federal jinoiy sudi Gulnora Karimovaning o‘zi protsessda shaxsan qatnasha olmayotgani sababli, jinoyat ishining unga nisbatan qismini ish yurituvdan to‘xtatishga qaror qildi.

Sudyalar izohiga ko‘ra, Karimovaning sudlovda bevosita qatnashishini ta’minlash uchun imkon doirasidagi hamma choralar ko‘rilgan. Xususan, Federal jinoiy sud o‘z tarixida birinchi marta sudlanuvchidan ko‘rsatma olish uchun Shveytsariyadan tashqariga o‘z vakilini yuborgan. Sud rasmiylari avvaliga 2024 yilda, keyin 2026 yil yanvar oyida Toshkentga kelgan, ikkinchi tashrifda O‘zbekiston tomoni Karimovani ko‘rsatma berish uchun Shveytsariyaga yuborish so‘roviga uzil-kesil rad javobini bergan. Natijada sud korrupsion ishning unga oid qismini to‘xtatishga qaror qilgan.

Shveytsariya matbuotiga ko‘ra, sudyalar Gulnora Karimovaga nisbatan sirtdan mahkama olib borish variantini ham ko‘rib chiqqan, lekin bu ma’qullanmagan. Chunki himoya tomoni sudlanuvchi sudda qatnashishni istayotgani, ammo bunday imkoniyatga ega emasligini ta’kidlab, mahkamani to‘xtatishni so‘ragan. Advokat Greguar Manja va Karimovaning yaqinlari sud qarorini “amalda oqlovga teng” deya talqin qilmoqda. Shveytsariyadan yana bir necha yuz million dollarni qaytarishga urinayotgan O‘zbekiston tomoni esa, sud qaroriga munosabat bildirmadi.

Eslatib o‘tamiz, Shveytsariya tomoni Gulnora Karimovaga doxil boshqa jinoyat ishlari doirasida 313 mln dollar miqdoridagi mablag‘larni allaqachon musodara qilib bo‘lgan. Bu pullarni qaytarish bo‘yicha ikki davlat o‘rtasida restitutsiya bitimi ham tuzilgan bo‘lib, 2025 yil aprel oyi holatiga 87 mln dollar mablag‘ qaytarilgan va ta’lim hamda tibbiyot sohalariga sarflangan. Uzil-kesil musodara qilib bo‘lingan 313 milliondan tashqari, yana 350 mln dollar mablag‘ jinoyat ishlari doirasida muzlatilgan holatda qolyapti. Bu pullarni qaytarish masalasi keyingi huquqiy jarayonlarda hal etiladi.

Tabibimning o‘zi ham bemor...

O‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari yana hakerlar qo‘lida. Qizig‘i, bu safar Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining o‘zlari jabrlanuvchiga aylanib qoldi. Kun.uz'ning aniqlashicha, 27 aprel kuni kiberjinoyatchilar va hakerlarning ma’lumotlar savdosiga ixtisoslashgan platformasida O‘zbekiston Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining shaxsiy ma’lumotlari sotuvga qo‘yilgan.

Ma’lumotlarni sotayotgan haker o‘zi joylagan e’londa “Kiberxavfsizlik markazining ichki tizimlariga muvaffaqiyatli kirib borgani”, “Davlat xavfsizlik xizmati va razvedka xodimlari ma’lumotlar bazalariga kirish huquqini qo‘lga kiritgani”ni iddao qilgan. U o‘z so‘zlariga isbot tariqasida Kiberxavfsizlik markazida ishlaydigan 100 nafar xodimning shaxsiy ma’lumotlarini ochiq e’lon qilgan. Ular qatorida xodimlarning ism-familiyasi, kompaniyadagi lavozimi va JShShIR raqamlari mavjud.

Hakerning da’vo qilishicha, uning ixtiyoridagi ma’lumotlar, xususan Kiberxavfsizlik markazi xodimlarining to‘liq ro‘yxati “ancha katta”. Shuningdek, unda e’lon qilinganidan ko‘ra “ancha maxfiyroq” ma’lumotlar ham bor. Haker O‘zbekiston rasmiylariga o‘z taklifini ham ochiq yozib qoldirgan: unga ko‘ra, agar rasmiylar ma’lumotlar “to‘liq e’lon qilinishini to‘xtatmoqchi” bo‘lsa, 200 ming dollar to‘lashi kerak. “Aks holda, tez orada yangi ma’lumotlar sizdiriladi va bu ular uchun juda yomon oqibatlarga olib keladi”, deyiladi ingliz tilidagi e’londa.

Kiberxavfsizlik markazi holatga izoh berib, bu iddaolar haqiqatga mos kelmasligini ma’lum qildi. “Ta’kidlash lozimki, Kiberxavfsizlik markazi ichki axborot tizimlari buzilmagan va bunday turdagi ma’lumotlar bazasidan foydalanilmaydi”, deyiladi markaz bayonotida.

Shu bilan birga, Kun.uz bilan gaplashgan markaz matbuot kotibi Dilshod To‘rayev haker e’lon qilgan shaxsiy ma’lumotlar haqiqatda ham xodimlarga tegishli ekanini tasdiqladi. Uning aytishicha, xodimlarning ism-familiyasi va ishlaydigan lavozimi rasmiy saytda ham bor. Ammo, haker e’lon qilgan xodimlarning JShShIR raqami Kiberxavfsizlik markazidagi tizimlarni buzib kirish natijasida qo‘lga kiritilmagan.

“Bu ma’lumotlar ancha eski ekani ko‘rinib turibdi. Balki xodimlarimizning boshqa serverdagi ma’lumotlariga hujum bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hozir ehtimoliy sizib chiqish manbalarini birma-bir tekshirishda davom etyapmiz. Ammo bu – Kiberxavfsizlik markazi tizimlarini buzib kirish emas”, dedi To‘rayev.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Milliy investitsiya jamg‘armasi Toshkent va Londonda IPO boshladi. Ya’ni, tarixda ilk marta O‘zbekistondagi kompaniyaning aksiyalari xalqaro fond bozorida erkin muomalaga chiqarilyapti. Xarid uchun buyurtmalar 12 maygacha qabul qilinadi, ikkilamchi savdolar 18 maydan boshlanadi. Toshkent fond birjasida UzNIF aksiyalari 4,65 so‘mdan joylashtirilmoqda, bunda jismoniy shaxslar uchun 5 foizlik chegirma bor. Eslatib o‘tamiz, Milliy investitsiya jamg‘armasi – davlatga qarashli 13 ta yirik kompaniyaning 25 foizdan 40 foizgacha aksiyalarini o‘zida jamlagan. IPO narxidan kelib chiqilsa, jamg‘armaning bozor kapitalizatsiyasi 1,95 mlrd dollarni tashkil etadi.

Energiyani tejash maqsadida gaz va svet iste’moliga cheklov kiritish taqiqlandi. 29 aprel kuni imzolangan prezident farmoni bilan, elektr energiyasi va tabiiy gazni iste’molchilarni tarmoqdan ajratish va cheklov kiritish hisobidan tejashga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yildi. Bunga sabab – farmonda energiya samaradorligi va tejamkorligini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan. Natijada, ayrim mas’ullar hisobot ortidan quvib, tejaymiz deya cheklov kiritishining oldini olish uchun ham shunday normaga zarurat tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Bu farmon imzolanishi bilan bir vaqtda, elektr energiyasidagi yo‘qotishlar yuqori bo‘lgan 44 ta tuman va shaharning elektr korxonasi rahbari ishdan olindi.

2026 yilgi Haj mavsumi uchun boshlanmoqda. Bu yil ham ushbu ziyoratga O‘zbekistondan 15 ming ziyoratchi boradi. Safar narxi – 77 mln so‘m deb belgilandi. 2 maydan 18 mayga qadar O‘zbekistonning 9 ta shahridan Madinaga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshiriladi. O‘zbekistondan Madinaga parvozlarni Saudiya loukosteri Flyadeal amalga oshiradi, hojilarni qaytarib olib kelish esa Uzbekistan Airways tomonidan amalga oshiriladi. Eslatib o‘tamiz, talabgorlar kelasi yilgi Haj ziyoratiga borish uchun MyGov portali orqali oldindan elektron navbatga yozilishi mumkin.

Dalahovlilarni soliqqa tortish bo‘yicha yangi mexanizm taklif etilyapti. Soliq qo‘mitasi tegishli hujjat loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ydi. Unga ko‘ra, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan barcha joylashtirish vositalarini, shu jumladan dalahovlilarning yagona elektron bazasini yaratish ko‘zda tutilgan. Ularga 2027 yil 1 yanvardan boshlab o‘zlari ko‘rsatadigan xizmatlarning narxini yagona platformaga doimiy kiritib borish majburiyati yuklatilishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili qabul qilingan prezident qaroriga asosan, 2026 yil 1 iyuldan boshlab dalahovlilar ijarasini “Soliq” ilovasi orqali rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yilishi kerak.

Muallif – Komron Chegaboyev
Boshlovchi – Bobur Akmalov
Tasvir ustasi – Shohruz Abdurayimov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova

Комрон Чегабоев
Muallif Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid