O‘zbekiston | 08:51
3848
3 daqiqa o‘qiladi

Anqarada “O‘zbekiston” turar joy majmuasi ochildi, Istanbulda o‘zbek maktabi qurilishiga start berildi

Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari Hatay viloyatida O‘zbekiston tomonidan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shuningdek, Istanbulda O‘zbekistonning xorijdagi ilk ta’lim muassasasi - o‘zbek maktabi qurilishi boshlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Anqara shahriga rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Hatay viloyatida barpo etilgan “O‘zbekiston” turar joy majmuasining ochilish marosimida qatnashdilar.

Tadbirda davlat rahbari uch yil oldin Turkiyada sodir bo‘lgan vayronkor zilzila qardosh turk xalqi uchun og‘ir sinov bo‘lganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston ushbu fojiali davrning dastlabki kunlaridanoq Turkiyaga har tomonlama yordam ko‘rsatgan.

Qisqa muddat ichida 100 nafar o‘zbekistonlik qutqaruvchi va 70 nafar tibbiyot xodimi zilziladan jabrlangan hududlarga yetib bordi. Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 18 kishi tirik holda qutqarib qolindi, 200 nafarga yaqin jabrlanganlar vayronalar ostida chiqarildi. Shuningdek, tashkil etilgan dala shifoxonasida 4 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Marosimda Turkiya prezidenti tashabbusi bilan zilzila oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli dasturlar amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi. Ma’lum qilinishicha, bugungi kunga qadar mamlakatda 455 mingdan ortiq uy-joy qurib bitkazilgan.

O‘zbekiston ham o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar doirasida Hatay viloyatining Arsuz tumanida 300 dan ziyod to‘liq jihozlangan xonadondan iborat, jami 24 ta ko‘p qavatli uyni o‘z ichiga olgan, barcha zarur infratuzilmaga ega zamonaviy turar joy majmuasini qisqa muddatda barpo etdi.

Turkiya prezidenti ushbu majmua nafaqat zilziladan jabrlangan oilalar uchun yangi uy, balki o‘zbek va turk xalqlari o‘rtasidagi abadiy do‘stlik va birodarlikning yorqin ramzi ekanini ta’kidladi.

Yetakchilar loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan quruvchilar, muhandislar, ishchilar hamda barcha hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng davlat rahbarlari yangi xonadonlar kalitlarini ularning egalariga tantanali ravishda topshirdi.

Tashrif doirasida prezidentlar Istanbul shahrining Bekirkyoy tumanida o‘zbek maktabi qurilishiga ham rasman start berdi. Ushbu ta’lim dargohi O‘zbekistonning xorijdagi birinchi maktabi bo‘ladi.

Qayd etilishicha, yangi o‘quv maskani Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbek oilalarining farzandlariga ona tilida ta’lim olish, shu bilan birga milliy qadriyatlar, madaniyat va an’analarni asrab-avaylash imkonini beradi.

Tomonlar mazkur maktab ikki qardosh xalq o‘rtasidagi rishtalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, yosh avlod uchun muhim ta’lim va tarbiya markaziga aylanishiga ishonch bildirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid