Iqtisodiyot | 14:06 / 18.09.2025
3629
1 daqiqa o‘qiladi

810 ta mahallada 1,3 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha xalqaro forumda hududlarda infratuzilmani yaxshilash, odamlarga yashash uchun qulay sharoit yaratish ko‘p o‘lchovli kambag‘allikni qisqartirishda muhim qadam bo‘lishini aytdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu maqsadda qariyb 3,5 million aholi yashaydigan sharoiti og‘ir 1 mingta mahallada infratuzilma yaxshilanmoqda. Natijada shu yilning o‘zida 470 ming xonadon tomorqasiga suv bordi, yana 790 ming xonadonda elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.

Kelgusi yilda mahallalarda infratuzilmani yaxshilash, ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yana 400 million dollar ajratiladi. 32 ta tuman va 328 ta og‘ir mahalla tanlanib, ularni rivojlantirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilinadi.

Shuningdek, 810 ta mahallada suv, kanalizatsiya, yo‘l, maktab va bog‘cha qurish bo‘yicha 1,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Uy-joyga muhtoj va daromadi past aholiga ipoteka tizimidan foydalanish uchun har yili 200 million dollar subsidiya ajratiladi.

Prezident xalqaro moliya institutlarini rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda kambag‘allikni qisqartirish talabini kiritishga chaqirdi.

Mavzuga oid