O‘zbekiston | 01:39 / 07.05.2021
24032
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand yaqinida M39 xalqaro avtomobil yo‘lining bir qismi cho‘kib, yana bir qismi o‘pirilib tushdi

Samarqandda M39 xalqaro avtomobil yo‘lining bir qismi cho‘kib ketgan, yana bir qismi o‘pirilib tushgan. Natijada Cho‘ponota tepaligi yaqinida yo‘l bir taraflama tashkil etilgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB Kun.uz’ga xabar bermoqda.

Ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 6 may kuni soat 20:40 atrofida M39 Almati — Toshkent — Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Samarqand viloyati hududidan o‘tuvchi 1081-kilometrida, yo‘lning tagidan o‘tgan 1200 millimetrli yuqori bosimli magistral suv quvuri yorilib ketgan. Oqibatda, katta miqdorda suv sizib chiqib, yo‘lning chap tomonidan 15x6 metr qismi o‘pirilib tushgan. Yana bir qismi esa cho‘kkan.

Shundan so‘ng viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan joydagi aylanma atrofida, yo‘l qoplamasi cho‘kkan va o‘pirilib tushgan tomonda transport vositalarining harakati to‘xtatilgan va yo‘lning ikkinchi tomonidan qatnov tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, oqibatlarni bartaraf etish uchun:

Viloyat IIB YHXBdan 18 nafar,

PPXdan 8 nafar,

Yo‘l tashkilotidan 25 nafar,

«Samarqand suv ta'minoti» MChJdan 27 nafar xodim jalb qilingan.

Bundan tashqari, 2ta treyler, 2ta avtokran, 2ta ekskavator, 1ta pogruzchik, 1ta manipulyator, 2ta suv tortkich, 2ta maxsus mashina jalb etilgan.

Ta'kidlanishicha, mazkur hodisada hech kim jarohat olmagan. Ayni damda yo‘lning cho‘kkan va o‘pirilgan joyi yopib qo‘yilib, qatnov yo‘lning narigi tarafidan tashkil etilgan.

«Haydovchilardan M39 yo‘lining serqatnovligini inobatga olgan holda yo‘lning bir taraflama tashkil etilgan joyida ehtiyotkorlik bilan harakatlanishlarini so‘rab qolamiz», deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, mazkur cho‘kkan va o‘pirilib tushgan yo‘l Cho‘ponota tepaligida, bundan 2 oy avval buzib olingan «Shtab» yo‘l-patrul posti yaqinida joylashgan.

Mavzuga oid