Ta’lim | 13:58 / 18.08.2025
10269
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yilida to‘lov-kontrakt miqdori oshmasligi kutilmoqda

Moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar to‘lov-kontrakt miqdorini oshirish masalasini o‘zi hal qiladi.

Foto: Kun.uz

Bu yil OTMlarda to‘lov-kontrakt miqdori oshmasligi kutilmoqda. Bu haqda Oliy ta’lim vazirligi mas’ullariga tayanib, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev xabar berdi.

«Tez orada talabalar uchun yangi o‘quv yiliga onlayn shartnoma berish boshlanadi. Shartnomada o‘tgan yili tasdiqlangan summalar aks etadi. O‘tgan yili to‘lov-kontraktlar miqdori haqidagi Davlat qabul komissiyasining qarori «2024/2025-o‘quv yilida quyidagi miqdorlar tasdiqlansin» degan mazmunda chiqqan edi. Joriy yilda yangi miqdorlar tasdiqlanmaydi, demak, yuridik jihatdan o‘tgan yili tasdiqlangan miqdorlar amal qilishda davom etaveradi», deb yozdi huquqshunos.

Qoidaga ko‘ra, moliyaviy mustaqillik berilgan oliygohlar to‘lov-kontrakt miqdorini oshirish yoki oshirmaslik masalasini o‘zi hal qiladi. Shunday OTMlardan biri - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti o‘tgan hafta kontrakt narxi 15 foizga oshirilgani haqida xabar bergandi.

2024/2025-o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdorlari 2024 yil iyul oyi oxirida tasdiqlangandi. Unda kontrakt miqdori o‘tgan o‘quv yiliga nisbatan 15 foizga oshgandi.

Mavzuga oid