Jahon | 18:21 / 15.01.2026
19660
6 daqiqa o‘qiladi

Eron yiqilsa, nima bo‘ladi?

G‘arb Erondagi rejimni yiqitish uchun kiritilgan sanksiyalar yakuniy maqsadiga erishishidan umid qilib, namoyishlarni bo‘rttirishga urinmoqda. Agar bu maqsadga erishilsa, Isroilning keyingi nishoni Turkiya va Saudiya bo‘ladi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi kolonkasi.

Eronda har 2-3 yilda yirik namoyishlar bo‘lib turadi. Namoyishlarga oliy hokimiyat ikki xil nazar bilan qaraydi. Rasmiy darajada namoyishlarni to‘liq man etishmaydi, chunki islom respublikasining o‘zi ham 1979 yilgi ommaviy namoyishlar orqali paydo bo‘lgan. Lekin namoyishlar siyosiy tizimni tanqid qilganda, oliy hokimiyat jiddiy asabiylashadi. Buning sabablari bor, albatta…

Agar e’tibor berilsa, dunyo davlatlaridagi ommaviy namoyishlarga deyarli e’tibor bermaydigan aksariyat G‘arb davlatlari, avvalo AQSh va Isroil, Eronga kelganda o‘ta faol bo‘lib qoladi. Erondagi namoyishlarni maksimal va imkon qadar bo‘rttirib yoritishga kirishadi. Namoyishlarni «tizimning oxirgi talvasasi» sifatida talqin qiladi.

Ikki haftadan oshyaptiki, eronliklar ijtimoiy-iqtisodiy qiyinchiliklar sabab, namoyishlar o‘tkazishmoqda. Eng avvalo milliy valuta – rialning jiddiy qadrsizlanishi eronliklarni tinkasini quritmoqda. Inflatsiya va iqtisodiy qiyinchiliklarning sababi esa – iqtisodiy siyosat va xalqaro sanksiyalardir..

Hukumat uzoq yillar valuta ayirboshlash kursini subsidiyalab keldi, yakunda bu subsidiyaning to‘xtatilishi namoyishlarga turtki berdi. Sanksiyalar borasida esa, Eron dunyoda umumiy sanksiyalar soni va salmog‘i bo‘yicha birinchi uchtalikka kiradi. AQSh va u boshchiligidagi G‘arb davlatlari Eronni iqtisodiy zaiflashtirish va shu yo‘l bilan rejimni yiqitish uchun misli ko‘rilmagan sanksiyalarni joriy qilgan. Aynan shu sabab hamki, ommaviy namoyishlar yuz berganda, G‘arbdagi siyosatchilar “ana, balki shu safar, biz qo‘llagan sanksiyalar sabab, rejim yiqilar” deya umid qiladi.

Isroil, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari OAV Erondagi namoyishlarni “inson huquqlari”, “demokratiya” nuqtayi nazaridan yoritishadi. Biroq shu Isroilning o‘zi keyingi ikki yil mobaynida o‘n minglab falastinliklarni, begunoh falastinliklarni ommaviy o‘ldirdi. Jumladan, 20 mingga yaqin falastinlik bolalar Isroil tomonidan, AQSh qo‘llovi ostida bemalol o‘ldirildi. Bu ommaviy qirg‘inlar amalga oshirilayotganda G‘arb davlatlari, avvalo Amerika OAV “inson huquqlari” haqida hech narsa demadi, deya olmadi.

Eron – Yaqin Sharq mintaqasida Isroil va AQSh nazoratidan tashqarida bo‘lgan, Isroilni eng ko‘p tanqid qiluvchi davlatlarning birinchisi hisoblanadi. Isroilning strategik maqsadi – Yaqin Sharq mintaqasini to‘liq yangidan formatlash, barcha davlatlarni yoki o‘ziga bo‘ysundirish, yoki zararsizlantirish. Bu yo‘lda Eron – eng katta to‘g‘anoq.

Xo‘sh, faraz qilaylik, Erondagi islomiy respublika tizimi yiqildi deylik. Bu nimani anglatadi, nimani o‘zgartiradi? Yangi Eron hokimiyati shu zahotiyoq Isroil va AQSh bilan yarashishga harakat qiladi va Eron Isroilga qarshi davlatdan Isroilga moyil, uning manfaatlariga xizmat qiladigan davlatga aylanadi. Mintaqada davlatlar muvozanati o‘zgaradi.

Eron yiqilsa, Isroilning nishonidagi keyingi davlat – Turkiya bo‘ladi. So‘ngra esa, Saudiya Arabistoni va Misr keladi. Chunki Isroilning maqsadi – mintaqada katta va qudratli davlat bo‘lish, “Katta Isroil”ni tashkil qilish.

Agar Eronda siyosiy rejim yiqilsa, yangi hokimiyat tezda Eronni kuchli, markazlashgan va mintaqada katta vaznga ega davlat maqomida saqlab qola olmaydi. Chunki Isroil va uning asosiy inttifoqchilarining maqsadi – Eronni strategik zaiflashtirish. Agar bu davlat parchalanib ketsa, Isroil uchun yanada yaxshiroq bo‘ladi.

Isroil biladiki, Eronda hokimiyat va aholining siyosiy kayfiyati o‘zgargani mumkin, musulmon o‘zligi va bu o‘zlik bilan bog‘liq geosiyosiy qarashlar hech qachon o‘zgarmaydi. Shuning uchun Isroil keyingi o‘n yilliklarda Yaqin Sharqdagi ko‘plab davlatlar kabi, Eronning ham jiddiy zaiflashishini orzu qiladi.

Haqiqatda, keyingi o‘n yilliklarda Iroq rejimi yiqitildi, “Arab bahori” ko‘plab arab davlatlarining siyosiy tizimini qulatdi. Bu o‘rinda ikkita yirik muammo ko‘rinadi. Birinchidan, ushbu davlatlarda barqaror demokratiya, kuchli yoki normal fuqarolik jamiyati shakllanmadi. Aksincha, aksariyatida fuqarolik urushi boshlandi yoki o‘tkir siyosiy inqirozlar, zaif davlatchilik muammolari bo‘y ko‘rsatdi. Jumladan, etnik yoki mazhabiy to‘qnashuvlar, separatizm odatiy muammoga aylandi.

Ikkinchi muammo – ushbu davlatlardagi avtoritarizm. Chunki aynan avtoritarizm davlatlarni zarba ostiga qo‘ydi, tashqi dunyoda salbiy va yomon reputatsiyali davlat sifatida o‘zini namoyon qildi. Ichki siyosatda esa, avtoritarizm davlatning yashovchanligini, rivojlanishini, raqobatdoshligini ta’minlab bera olmadi. Natijada, bu davlatlar ichki va tashqi bosimlar qurboni bo‘lishdi.

Eron Islom Respublikasi oldida o‘ta murakkab vazifalar turibdi. Bular – davlatning legitimligini oshirish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish, siyosiy tizimni isloh qilish va shu yo‘l bilan ichki va tashqi bosimlar hamda tahdidlarga dosh berish. Chunki Eronning yiqilishi nafaqat Yaqin Sharq uchun, balqi Markaziy Osiyo va musulmon dunyosi uchun ham faqat zararli hodisa bo‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Камолиддин Раббимов
Muallif Камолиддин Раббимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid