Iqtisodiyot | 18:20 / 10.06.2024
4091
2 daqiqa o‘qiladi

Ko‘p energiya sarflaydigan kompaniyalar har 3 yilda energiya auditidan o‘tadi

Yangi tizimga ko‘ra, yiliga kamida 4 mln kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har 3 yilda energiya auditidan o‘tishi kerak bo‘ladi. Energiya auditi faqat xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkaziladi. Auditdan o‘tmagan korxonalar bilan gaz va elektr uchun oshirilgan tarifda hisob-kitob qilinadi.

Foto: Energoinspeksiya matbuot xizmati

10 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida energiya samaradorligi, ko‘p qavatli uylarni boshqarish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda bundan buyon ilg‘or tajriba asosida soha va tarmoqlarda energiya samaradorlikni baholash bo‘yicha yangicha tizim amal qilishi belgilandi. Bunda:

  • yiliga kamida 4 million kilovatt elektr yoki 375 ming kub metr gaz sarflaydigan yirik iste’molchilar har 3 yilda energiya auditidan o‘tadi;
  • Energoinspeksiya har yili yirik iste’molchilar ro‘yxatini e’lon qilib boradi;
  • auditdan o‘tmagan korxonalarga gaz va elektr oshirilgan tarifda yetkaziladi.

Mutasaddilarga yil yakunigacha yangi tizim bilan bog‘liq texnik reglament va normativ hujjatlarni ishlab chiqish topshirildi.

Ma’lumot uchun, prezident huzuridagi 30 may kungi yig‘ilishda iste’molchilarni energiya auditidan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan edi. Unga ko‘ra, energiya auditi faqat xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkaziladi. Audit asosida tashkilot va korxonalar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan chora-tadbirlar ishlab chiqiladi va ularning ijrosi nazorat qilinadi.

Mavzuga oid