O‘zbekiston | 19:13 / 29.06.2022
41006
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi ochilayotgan ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihon tartibi ma’lum qilindi

Savollar maktab darsliklari bo‘yicha tuziladi. O‘quvchining asosan mantiqiy fikrlash qobiliyatlari tekshiriladi.

Foto: Prezident ta’lim muassasalari agentligi

Al-Xorazmiy nomidagi maktab direktori o‘rinbosari Dilrabo Davidova ixtisoslashtirilgan maktablarga imtihon jarayonlariga tayyorgarlik haqida ma’lumot berdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Yangidan tashkil etilayotgan maktablarga imtihonlar 2 yo‘nalishda bo‘lib o‘tadi. Bular aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlar. Imtihon savollari maktab dasturlari va darsliklaridan chiqmagan holda har bir sinf kesimida bolaning yoshiga moslab xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan”, – dedi Davidova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, savollarda asosiy urg‘u bolaning u yoki bu fandan bilimini emas, balki shu bilimni qo‘llay olishi, mulohazasi va mantig‘ini tekshirishga qaratilgan.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tarkibidagi maktablar qabuliga bag‘ishlangan tadbirda yangi ixtisoslashtirilgan maktablar kvotasi haqida ham ma’lum qilindi.

Agentlik rahbari Hilola Umarovaga ko‘ra, har bir sinfda 24 nafar o‘quvchi o‘qiydi, lekin har bir maktabda nechta sinf bo‘lishi aniq belgilanmagan. Bu – tumandagi maktabning kvotasi va hududiy joylashuviga qarab belgilanadi.

Bu yil ixtisoslashtirilgan maktablarning har biriga kamida 336 nafar, ko‘pi bilan 500dan ortiq o‘quvchi qabul qilish rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablarga o‘quvchilar 5- va 7-sinfdan boshlab, imtihon asosida qabul qilinadi. Bunday maktablardagi sinflarda o‘quvchilar soni 24tadan oshmaydi. Bolalar faqat o‘z hududidagi ixtisoslashgan maktabda o‘qishi mumkin.

Mavzuga oid