Iqtisodiyot | 17:03 / 11.02.2020
119612
5 daqiqa o‘qiladi

Koronavirus O‘zbekiston bozorlariga qanday ta'sir qildi?

Xitoyda tarqalgan koronavirus O‘zbekistonda ham turli vahimalarga sabab bo‘layotgani rost. Virus haqidagi xabarlardan avval kilosi 18-22 ming so‘m bo‘lgan banan narxi 10 ming so‘mga tushib qolgani bu virus O‘zbekistondagi bozorlarga ham bevosita ta'sir qilayotgani haqida xulosalar paydo qiladi.

Virus haqidagi xabarlar fonida bozorlarda Xitoydan kelayotgan kiyim-kechaklar narxi oshgani haqida gap-so‘zlar ham tarqaldi. Xo‘sh, butun dunyoni qo‘rqitib qo‘ygan virus bozorlarimizga chindan ta'sir qildimi? Bu savolga javob izlash uchun Samarqanddagi bozorlarni aylandik.

Samarqand shahridagi «Ipak yo‘li» savdo majmuasida savdo qilayotgan bir guruh tadbirkorlar Xitoyda tarqalayotgan koronavirus vahimasi bozordagi kiyim-kechaklar narxiga ta'sir qilmaganini bildirishdi. Ularning aytishicha, hozir kiyim-kechaklar uchun eng sust mavsum, odamlar qishki kiyimlarni yangi yilgacha olib bo‘lgan, bahorgi kiyimlar mavsumi esa hali boshlanmadi. Bozordagi savdoni qizitadigan to‘ylar ham asosan kuzda o‘tkaziladi. Kiyim-kechak savdosi avjida bo‘lmagan vaqtda narxni oshirish savdoga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Aynan shu bozor yonida Samarqand shahridagi eng yirik ulgurji meva-sabzavot bozori ham joylashgan. U yerdagi banan savdosi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarning so‘zlariga ko‘ra, vahimali gap-so‘zlar ortidan banan savdosi susaygan. Sotuvchilar turib qolgan bananlar aynib qolmasin uchun tezroq sotib yuborish maqsadida banan narxini 7-8 ming so‘mgacha tushirishgan.

Bugun bozorda bananni ikki xil narxda olish mumkin: yangi kelganlari 15-17 ming so‘m, avvalroq kelganlari 10 ming so‘mdan. Xitoydan keltirilgan mandarinlarning narxida esa o‘zgarish bo‘lmagan: sifatlisi 16-17 ming so‘m, rangi o‘zgargani 8,5 ming so‘mdan sotilmoqda. Ya'ni, virus haqidagi gaplar mandarin narxiga unchalik ta'sir qilmagan.

Urgut savdo kompleksi nafaqat Samarqand viloyati, balki qo‘shni viloyatlar aholisi ham kiyim-kechak va boshqa buyumlar xarid qiladigan katta bozor hisoblanadi. Bu yerda savdo qilayotgan tadbirkorlarning aytishicha, O‘zbekiston tomoni parvozlarni to‘xtatganidan keyin Xitoydan keladigan mahsulotlar narxi 10-15 foiz oshgan. Agar yaqin orada Xitoydan mahsulot olib kelish qayta yo‘lga qo‘yilmasa, narxlar yana ko‘tarilishi mumkin.

Samarqand viloyatida quruq meva eksporti bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar ham ko‘p. Viloyat hududidagi bog‘larda yetishtirilayotgan mahsulotning bir qismi eksportga sarxil holida chiqarilsa, yana bir qismi quritilgan holda qayta ishlanadi. Ular orasida eng ko‘p eksport qilinayotgani turli navdagi mayizlardir.

Samarqandlik tadbirkorlar Xitoyga ham katta miqdorda qora mayiz eksport qiladi. Dehqonlarning aytishicha, so‘nggi kunlarda viloyatdagi bozorlarda qora mayiz narxi 30 foizgacha pastlagan.

Xitoyga mayiz eksport qiladigan tadbirkorlardan biri, urgutlik Xurshid To‘rayevning ma'lum qilishicha, bugun Xitoyga mayiz eksporti to‘xtab qolishining koronavirusga aloqasi yo‘q, bu Xitoydagi yangi yil bayrami bilan bog‘liq.

Har yili 21 yanvar-21 fevral oralig‘ida Xitoy taqvimi bo‘yicha bu mamlakatda yangi yil tantanalari o‘tkaziladi. Bayram munosabati bilan xitoyliklar 7-15 kungacha dam olishadi. Shu sababli bir oy davomida bu davlatga mahsulot olib kirish va olib chiqish to‘xtatiladi.

«Xitoyda sharq taqvimi bo‘yicha yangi yil tantanalari o‘tkazilishi munosabati bilan har yil shu paytda mahsulot olib kirish va chiqarish to‘xtaydi. Oldingi yillarda zaxira qilish maqsadida bozorlardan mayiz sotib olishni davom ettirar edik. Bu yil unday qilmayapmiz, chunki quruq meva eksporti mavsumi tugayapti. Buning ustiga, bayram ta'tillari tugagandan so‘ng xitoylik mijozlar mayiz oladimi yoki yo‘q, bu ham noma'lum.

Bunday holatda mayiz zaxira qilib pulimizni band qilishni xohlamaymiz. Xitoyda bo‘layotgan voqealar faoliyatimizga jiddiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Biz quruq mevani dunyoning yana ko‘plab davlatlariga eksport qilamiz. Xitoydagi voqealar vahimasi quruq mevalar orasida qora mayiz narxiga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi. Qolganlariga uncha jiddiy ta'sir ko‘rsatgani yo‘q», deydi u.

Quruq meva eksporti bilan shug‘ullanadigan yana bir tadbirkor, qo‘shrabotlik Musulmon Yunusov ham yuqoridagi gaplarni tasdiqladi.

Xitoyga mahsulot jo‘natadigan yoki oladigan tadbirkorlar yana bir gapni aytishmoqda: Xitoyda bundan keyin ham mahsulot olib kelish yoki chiqarishga ruxsat berilmasa, holat o‘zgarishi va bu davlat bilan eksport-import aloqalarini o‘rnatgan tadbirkorlar qiynalib qolishi mumkin. Shuningdek, o‘shanda buyum bozoridagi Xitoydan kelayotgan mahsulotlar narxi oshib ketishi, quruq mevalar narxi esa yanada arzonlab ketishi mumkin.

G‘ayrat Yo‘ldosh

Mavzuga oid