O‘zbekiston | 21:26 / 24.01.2023
63689
5 daqiqa o‘qiladi

Ortiqxo‘jayevga aloqador kompaniyalar oxirgi oylarda hokimlikdan qancha buyurtma olgan?

Toshkent shahri hokimligining yagona buyurtmachi xizmati 2022 yilning noyabr-dekabr oylarida sobiq hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevga doxil uchta kompaniya bilan 10dan ortiq davlat buyurtmalari bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri, tendersiz shartnomalar tuzgan. Bir nechta holatda amaldagi shartnomalar qiymati oshirilgan.

Foto: Kun.uz

Kun.uz'ning davlat xaridlari bo‘yicha navbatdagi surishtiruvi poytaxtning sobiq hokimi atrofidagi manfaatlar to‘qnashuviga oid yangi holatlarni o‘rtaga chiqardi.

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yagona buyurtmachi xizmati va Ortiqxo‘jayevga begona bo‘lmagan kompaniyalar o‘rtasida 2022 yil noyabr-dekabr oylarida to‘g‘ridan to‘g‘ri (tendersiz) tuzilgan ayrim shartnomalar ro‘yxati:

Discover Invest

7 460 000 000 so‘m – 07.11.2022. Raqamli Toshkent vaziyatlar markazini qurish bo‘yicha navbatdagi qo‘shimcha shartnoma.

9 032 800 000 so‘m – 28.11.2022. Raqamli Toshkent vaziyatlar markazini qurish bo‘yicha yana bir qo‘shimcha shartnoma. Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnomalar asosida 100,3 mlrd so‘mdan 122,3 mlrd so‘mga yetgan.

18 799 914 000 so‘m – 28.11.2022. Nukus shahridagi Do‘stlik kanali bo‘yida istirohat bog‘ini tashkil etish, musiqali favvora, atrofidagi ko‘chalarga tashqi yoritish moslamalarini o‘rnatish, bolalar o‘yingohlari, “Workout” maydonchalari qurish, ko‘p kvartirali uylar fasadlarini ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan).

27 799 914 000 so‘m – 19.12.2022. Nukusdagi loyiha bo‘yicha yana bir qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan). Birlamchi shartnoma qiymati (34,3 mlrd so‘m) o‘zgarmagan.

2 700 000 000 so‘m — 19.12.2022. Shayxontohur tumani hududidagi Zaxariq kollektorining Uchlola berk ko‘chasidan Quyi Jangoh kollektorigacha bo‘lgan 600 metr qismini yopiq holatga olish va kollektor ustida 700 metr masofadagi hududni obodonlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma. Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnoma asosida 36,99 mlrd so‘mdan 24,9 mlrd so‘mga kamaygan. Shu bilan birga, mazkur kompaniya bu ishlarga aloqador asosiy loyiha (Jangoh, Chuqurko‘prik va Zaxarariq kollektorlarini yopiq holatga o‘tkazish va boshqalar) yuzasidan 2022 yil yozida o‘tkazilgan tenderda 307,8 mlrd so‘mlik taklif bilan shubhali ravishda g‘olib deb topilgan.

10 022 700 000 so‘m — 28.12.2022. Toshkent arxitektura-qurilish instituti o‘quv binosi (1.1-blok) bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma. Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnomalar hisobiga 77,1 mlrd so‘mdan 101,9 mlrd so‘mga yetgan.

5 088 400 000 so‘m — 28.12.2022. TAQI rektorati (2-blok). Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnomalar hisobiga 46,03 mlrd so‘mdan 52,8 mlrd so‘mga yetgan.

Mimar Group

20 000 000 000 so‘m — 19.12.2022. Shahidlar xotirasi yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish va infratuzilmasini boyitish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan).

30 000 000 000 so‘m — 22.12.2022. Shahidlar xotirasi majmuasi bo‘yicha yana bir qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan). Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnomalar hisobiga 90,5 mlrd so‘mdan 90,6 mlrd so‘mga yetgan.

Grand Road Tashkent

2 715 530 000 so‘m — 28.11.2022. Mirzo Ulug‘bek tumani Mingbuloq, Shukur Burhonov, Gulsara, Salom, Sayohat, Podshohbek, Qibray va Xirmontepa ko‘chalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash, yoritish vositalarini qurish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan). Birlamchi shartnoma qiymati (36,3 mlrd so‘m) o‘zgarmagan.

1 932 000 000 so‘m — 07.11.2022. Senat binosining mavjud avtomobil yo‘llarini binoning ichki kirish yo‘llari bilan bog‘lash hamda hududni obodonlashtirish bo‘yicha qo‘shimcha shartnoma (to‘lov muddatlariga o‘zgarish kiritilgan). Birlamchi shartnomadagi taxminiy qiymat qo‘shimcha shartnomalar hisobiga 6,5 mlrd so‘mdan 6,9 mlrd so‘mga yetgan.

Mazkur uchala kompaniya ham oxirgi yillarda Toshkentda juda ko‘p qurilishlar bo‘yicha davlat buyurtmalarini tendersiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘lga kiritib keldi:

  • Discover Invest'ning asosiy hissadori (56,9 foiz) Ismoil Isroilov ayrim manbalarda Jahongir Ortiqxo‘jayevning jiyani bo‘lishi mumkinligi aytiladi. Isroilov muqaddam Akfa Engineering Management kompaniyasi direktori bo‘lgan.
  • Mimar Group'ning asosiy hissadori (57,9 foiz) Alisher G‘aniyev Jahongir Ortiqxo‘jayevga yaqin shaxs sifatida ko‘riladi. Bu kompaniyaning sobiq direktori Dilmurod G‘oyipov o‘z vaqtida Ortiqxo‘jayev egalik qilgan Dream Production kompaniyasini ham boshqargan.
  • Grand Road Tashkent brendi Jahongir Ortiqxo‘jayevning J-United Group kompaniyasiga tegishli bo‘lgan. Grand Road Tashkent – Durable Group holdingi tarkibiga kirgan, Durable Group savdo belgisiga ham J-United Group egalik qilgan.

Mavzuga oid