O‘zbekiston | 10:54 / 17.11.2022
18990
7 daqiqa o‘qiladi

Doktoranturadagi alg‘ov-dalg‘ov: imtihon natijalari bekor qilinishi ortida moddiy manfaat yotibdi(mi?)

Foto: Shutterstock

Joriy yil 15 noyabriga qadar doktorantura bosqichi uchun ingliz tilidan o‘tkazilgan imtihon natijalari bekor qilindi. Unga O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2022 yil 15 noyabrdagi 01-10/6536-sonli xati asos qilib ko‘rsatilmoqda.

Prezidentning 2021 yil 19 maydagi qaroriga muvofiq 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etish tartibini joriy etish belgilangan edi.

Natijada doktorantura uchun faqatgina til sertifikati bor bo‘lgan talabgorlarning hujjatlari qabul qilindi. 15 sentabrdan 15 oktyabrgacha doktorantura bosqichi uchun talabgorlarning hujjat topshirishi belgilangan bo‘lib, ko‘rsatilgan muddatda kvotalar to‘lmadi. Misol uchun Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universitetining O‘zbek adabiyoti yo‘nalishiga tayanch doktoranturaga 12 o‘rin uchun 3 nafar talabgorning hujjatlari qabul qilingan.

Shu sabab qabul muddati 22 oktyabrgacha uzaytirildi va sertifikat olishga ulgurmagan talabgorlar ham tanlovda ishtirok etishlari mumkinligi aytildi. Shundan so‘ng hujjat topshiruvchilar soni keskin oshdi. O‘zbek tili va adabiyoti universitetining aynan shu yo‘nalishiga topshirilgan hujjatlar soni 36 taga yetdi.

2 noyabr kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi hay’atining navbatdagi yig‘ilishida oliy ta’limdan keyingi ta’lim shakliga hujjat topshirish uchun til sertifikati masalasi ko‘rib chiqilib, bu yilgi doktorantura (PhD, DSc) ixtisosliklari uchun talabgorlar chet tili sertifikati yil oxirigacha olish sharti bilan qabul qilinishi belgilangandi.

Shundan so‘ng milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat olish tartibi Prezident administratsiyasining joriy yil 4 noyabrdagi (№02-PA 1/1-1672) topshirig‘iga muvofiq, oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklari uchun tanlovlarda ishtirok etuvchi talabgorlarga birinchi o‘quv yili davomida joriy etilishi e’lon qilindi.

Bir nechta oliygohda chet tilidan imtihonlar o‘tkazib bo‘lingan bir vaqtda “yuqoridagilar” eng past darajada bo‘lsa ham, sertifikat olinishi kerak, degan qarorga kelishdi chog‘i, Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan barcha OTM va tadqiqot institutlarining chet tilidan o‘tkazilgan imtihon natijalari bekor qilindi.

15 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda doktorantura uchun o‘tkazilgan chet tili imtihonlari vaqtincha to‘xtalishi va bo‘lib o‘tganlarining natijalari bekor qilinishi bo‘yicha xabarlar tarqaldi.

Telegram’dan skrinshot.
Telegram’dan skrinshot.

Shu kunning o‘zida xabarlar o‘z tasdig‘ini topdi.

Telegram’dan skrinshot

Barcha oliy ta’lim muassasalarida ingliz tilidan o‘tkazilgan test natijalari bekor qilindi. Jumladan, Guliston davlat universiteti quyidagi rasmiy xabarni e’lon qildi:

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 01-10/6536-sonli xatiga asosan joriy yildan boshlab oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi belgilangan. Unga ko‘ra, oliy ta’limdan keyingi ta’limga kirish istagida bo‘lgan talabgorlar uchun (milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega talabgorlar bundan mustasno) Davlat test markazi tomonidan alohida xorijiy tilni bilish darajasini aniqlash malaka imtihonlari tashkil etiladi. Shu munosabat bilan, 2023 yil uchun Guliston davlat universitetining oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklari bo‘yicha chet tili fanidan 2022 yilning 15 noyabr sanasida o‘tkazilgan imtihon bekor qilinadi.

Telegram’dan skrinshot

Vazirlik tomonidan chiqarilgan xatga ko‘ra, doktorantura yo‘nalishi talabgorlari uchun til bilish darajasini ko‘rsatuvchi sertifikat olish majburiy bo‘lib, uning qanday darajada ekani ahamiyatga ega emas.

Talab qilingan darajadagi sertifikatni o‘qishga kirganidan so‘ng yil yakuniga qadar olish majburiyati yuklanadi.

Tegishli vazirlik va idoralar tomonidan chet tilini bilish darajasini aniqlash malaka imtihoni uchun YaIDXP (my.gov.uz) orqali belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan va doktoranturaga hujjat topshirgan talabgorlar to‘g‘risidagi ma’lumot DTMga taqdim etilgan taqdirda, ular uchun alohida chet tilini bilish darajasini aniqlash malaka imtihonlari tashkil etilishini ma’lum qilamiz, deyiladi xatda.

DTM tomonidan chet tilini bilish darajasini aniqlash malaka imtihonlari joriy yil yakuniga qadar har oyda ikki marotaba tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Ayrim mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan holatlar uchramoqda. Ixtisoslikdan ko‘ra xorijiy tilning ustuvor o‘ringa qo‘yilishi qanchalik to‘g‘ri? Undan olingan imtihon bekor qilinib, qayta-qayta topshirishga majbur qilish-chi?

Bu yilgi doktoranturaga qabul nizomi uchinchi marta o‘zgartirildi. Har safar tizimda yangilik bo‘lganida savollar kelib chiqaveradi. Aytaylik, arab tili mutaxassisi bo‘lgan va doktorlik ishini arab tili qo‘lyozmalaridan yoqlamoqchi bo‘lgan talabgor boshqa bir xorijiy til sertifikati olish uchun vaqt ketkazib nima qiladi? Axir unda birinchi manba bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash imkoni bor.

Sertifikat olish majburiyati birinchi kurs doktorantiga qo‘yilsa, u bir yil davomida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajaradimi yoki til o‘rganadimi? Agar barcha darajadagi sertifikatlar qabul uchun kifoya qilsa, til bilish darajasining ahamiyati bo‘lmasa, sertifikat so‘rashdan nima foyda? A1 darajadagi talabgor bilan S1 darajadagi sertifikat olganlarga bir xil ball beriladimi?

Magistratura va doktoranturaga kirish imtihonlariga qatnashish uchun darajasidan qat’i nazar til sertifikati olish mantiqsizlikdek ko‘rinadi. Ammo DTM tomonidan o‘tkaziladigan til darajasini aniqlash imtihoni to‘lov (har bir talabgor uchun 405 ming so‘m) asosida amalga oshirilishini inobatga olsak, bu mantiqsizlik ortida moddiy manfaat turganga o‘xshaydi.

Mutasaddilardan ochiq qolayotgan savollarga jo‘yali javob kutib qolamiz.

Charos Mannonova

Mavzuga oid