Jahon | 14:48 / 27.03.2026
4383
10 daqiqa o‘qiladi

Eronga yana muddat bergan Tramp, Kubada g‘oyib bo‘lgan kemalar va arablarga yordam taklif qilgan Zelenskiy – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Erondagi urush davom etmoqda

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni Oq uydagi yig‘ilishda agar Eron kelishuvga rozi bo‘lmasa, bosimni oshirish bilan tahdid qildi. Biroq keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda Eronning energetika obektlariga hujumlarni 6 aprelgacha — yana 10 kunga to‘xtatib turishini e’lon qildi.

«Muzokaralar davom etmoqda, «Fake News» OAVlari va boshqalarning zid bayonotlariga qaramay, ular juda yaxshi ketmoqda», deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Shuningdek, Tramp agar Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish va yadroviy dasturini yakunlashga rozi bo‘lmasa, AQSh Eronning «eng dahshatli tushiga» aylanishini aytdi. U Eron nefti ustidan nazoratni qo‘lga olish ham variantlardan biri ekanini aytdi, biroq tafsilotlarni keltirmadi.

Pentagonga ko‘ra, AQSh Eronga qarshi operatsiyalar doirasida patrullik qilish uchun uchuvchisiz dron-katerlarni safarbar qilgan. Bu Vashingtonning faol mojaroda bunday kemalardan foydalanayotganini birinchi marta tasdiqlashidir.

Shu bilan birga, Tramp Eronga muzokaralarda xayrixohlik belgisi sifatida 10 ta neft tankerini, jumladan, Pokiston bayrog‘i ostidagi ba’zi kemalarni Ho‘rmuz orqali o‘tkazib yuborishni taklif qildi.

Eron esa Vashington bilan muzokaralar olib bormayotganini aytgan. Xususan, eronlik mulozimning Reutersʼga ma’lum qilishicha, Pokiston orqali Tehronga yetkazilgan AQShning taklifi Eronning yuqori martabali mulozimlari va Oliy rahbar vakili tomonidan batafsil ko‘rib chiqilgan. Ular bu taklif – faqat AQSh va Isroil manfaatlariga xizmat qiladi, degan xulosaga kelgan.

Biroq diplomatiya hali yakunlanmadi. Pokiston tashqi ishlar vaziri AQSh va Eron o‘rtasida «bilvosita muzokaralar» ketayotganini, Turkiya va Misr kabi boshqa davlatlar ham vositachilik harakatlarini qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi.

Eron manbalariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri Eron o‘z pozitsiyasini qat’iylashtirdi va kelajakdagi harbiy harakatlarga qarshi kafolatlar, yo‘qotishlar uchun tovon puli va bo‘g‘oz ustidan rasmiy nazoratni talab qilmoqda.

Isroil Eronning dengiz floti qo‘mondonini o‘ldirdi

26 mart kuni Isroil Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasiga rahbarlik qilgan Eron harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni o‘ldirilganini bildirdi. Mudofaa vaziri Israel Katsning so‘zlariga ko‘ra, Islom inqilobi muhofizlari korpusi harbiy-dengiz kuchlari rahbari Alirizo Tangsiri «Ho‘rmuz bo‘g‘ozini to‘sib qo‘yish uchun bevosita javobgar» bo‘lgan va u «portlatib yuborilgan».

Uning aytishicha, Eron «harbiy-dengiz kuchlarining bir qancha yuqori martabali mulozimlari» ham halok bo‘lgan. Eron hozircha bu borada rasmiy izoh bermadi.

Tangsiri 2018 yilda Eron dengiz floti qo‘mondoni etib tayinlangan. U 2019 yilda AQSh dronini urib tushirganidan so‘ng sanksiyaga uchragandi.

Dunyo neft va suyultirilgan tabiiy gazining qariyb 20 foizi o‘tadigan bo‘g‘ozni blokada qilish Eronning urushdagi strategiyasi ustunlaridan biri bo‘lib kelmoqda. O‘tgan haftadagi holatga ko‘ra, bo‘g‘oz orqali kundalik qatnov qariyb 95 foizga kamaygan.

Kubaga yordam olib ketayotgan kemalar g‘oyib bo‘ldi

Meksikadan Kubaga humanitar yordam yuklari bilan ketayotgan ikki dona yelkanli kema g‘oyib bo‘ldi. Meksika harbiy-dengiz flotiga ko‘ra, kamida to‘qqiz nafar ekipaj a’zosini tashiyotgan «Friendship» va «Tigger Moth» kemalarini topish uchun harbiy-dengiz guruhlari va qidiruv samolyotlari safarbar etilgan.

Kemalar seshanba yoki chorshanba kuni Havanaga yetib kelishi kutilgan edi, biroq ular bilan hech qanday aloqa yo‘q va yetib kelgani haqida tasdiq olinmagan.

G‘oyib bo‘lgan ikki kema 20 mart kuni Meksikaning Kintana-Roo shtatidagi orolidan yo‘lga chiqqan. To‘qqiz nafar ekipaj a’zosi Polsha, Fransiya, Kuba va AQSh fuqarolari. Meksika har bir davlatning dengiz qutqaruv muvofiqlashtirish markazlari hamda ularning diplomatik vakillari bilan aloqa o‘rnatgan.

«Kapitanlar va ekipaj a’zolari tajribali dengizchilar. Har ikkala kema ham tegishli xavfsizlik tizimlari va signalizatsiya uskunalari bilan jihozlangan», dedi karvon vakili.

Meksika harbiy-dengiz floti kemalarni topish va ekipajlar xavfsizligini ta’minlash uchun ixtiyoridagi barcha resurslardan foydalanishga sodiqligini ma’lum qildi. Kuba hukumati esa g‘oyib bo‘lgan kemalar bo‘yicha hozircha hech qanday izoh bermadi.

Kuba so‘nggi haftalarda Meksikaning humanitar yuklariga tayanib qoldi, chunki mamlakat AQShning energetik blokadasi ostida blekautlar bilan kurashmoqda.

Endi AQSh banknotlarida Trampning imzosi bo‘ladi

AQSh G‘aznachilik departamentining xabar berishicha, Donald Tramp o‘z imzosi AQSh banknotlari – qog‘oz pullarida aks etgan ilk amaldagi prezident bo‘ladi.

Trampning imzosi g‘aznachilik kotibi Skott Bessentning imzosi bilan yonma-yon joylashtiriladi. Departamentning bildirishicha, ushbu misli ko‘rilmagan qadam Amerikaning 250 yillik yubileyini nishonlash maqsadida tashlanmoqda.

«Buyuk mamlakatimiz va prezident Donald Trampning tarixiy yutuqlarini e’tirof etish uchun uning ismi tushirilgan AQSh dollaridan ko‘ra kuchliroq vosita yo‘q», dedi Bessent.

An’anaga ko‘ra, 1861 yildan beri AQSh moliya vaziri — bosh g‘aznachisining imzosi banknotlarda aks ettiriladi. BBCʼning yozishicha, bu Oq uy ma’muriyatining Tramp ismini qator davlat dasturlari va jamoat binolari bilan bog‘lashga qaratilgan navbatdagi qadamidir.

Tramp va Bessent imzolari tushirilgan dastlabki 100 dollarlik kupyuralar iyun oyida bosib chiqariladi, boshqa nominallardagi pullar esa undan keyin chiqariladi. Hozirda bosilayotgan kupyuralarda Bayden davridagi g‘aznachilik kotibi Janet Yellen va g‘aznachi Lin Malerbaning imzolari mavjud edi.

«Endi amerikaliklar oziq-ovqat, benzin, ijara va sog‘liqni saqlash uchun ko‘proq pul to‘layotganlarida aynan kimni ayblashni aniq bilib olishadi», deya Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom bu qarorni tanqid qildi.

Filippin va Fransiya harbiy bitim imzoladi

Filippin va Fransiya bir-birlarining hududlarida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishga imkon beruvchi «kuchlarning tashrifi to‘g‘risidagi bitim»ni imzoladi. Bu Janubiy Xitoy dengizida Pekin bilan keskinlik kuchayib borayotgan bir sharoitda rasmiy Manila o‘z mudofaa aloqalarini kengaytirayotganidan dalolat.

Fransiyadan tashqari Filippin hozirga qadar AQSh, Avstraliya, Yaponiya va Yangi Zelandiya bilan ham shunday bitimlarga ega. 26 mart kuni Parijda imzolangan kelishuvdan so‘ng, tomonlar qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlashlarini yana bir bor tasdiqladi.

Ushbu muhim harbiy kelishuv Filippin harbiylari Xitoy raketa fregati tomonidan sodir etilgan provokatsiya haqida xabar berganidan bir kun o‘tib imzolandi. Xabarga ko‘ra, Xitoy kemasi — bahsli hudud yaqinida dengiz operatsiyasini o‘tkazayotgan Filippin harbiy-dengiz kuchlari kemasiga nisbatan «xavfli va noprofessional manyovr»ni amalga oshirgan.

Pekin yillik savdo aylanmasi 3 trillion dollardan oshadigan strategik suv yo‘li — deyarli butun Janubiy Xitoy dengiziga da’vogarlik qilib keladi.

Zelenskiy Saudiya Arabistoniga keldi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy payshanba kuni Saudiya Arabistoniga tashrif buyurdi. Safar oldidan Zelenskiy Xelsinkidagi sammitda videomurojaat qilib, Ukraina dron texnologiyalari sohasidagi tajribasini butun dunyo, xususan, Fors ko‘rfazi xavfsizligini oshirish uchun taklif qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, gap — nafaqat yangi qurollar ishlab chiqarishda, balki ularni mavjud havo mudofaa tizimlari bilan integratsiya qilishdagi real tajribada. Ukraina esa aynan shunday tajribaga ega.

Fransiyaning Le Monde gazetasiga bergan intervyusida Zelenskiy ushbu texnologiyalar evaziga Rossiya bosqiniga qarshi mudofaa uchun yordam kutayotganini ochiq aytdi: «Yaqin Sharq davlatlari bizga o‘zimizni kuchaytirish uchun imkoniyat berishini istardik. Ularda bizda yetishmayotgan havo mudofaa raketalari bor. Biz aynan shu bo‘yicha kelishuvga erishmoqchimiz».

Xabarlarga ko‘ra, Ukrainaning dron ishlab chiqaruvchi bir qancha kompaniyalari Fors ko‘rfazi davlatlaridan takliflar olgan. Ular Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar va Kuvaytga mahsulot eksporti uchun Kiyevdan ruxsat kutmoqda.

Ukrainadagi vaziyatni murakkablashtirayotgan omil shundaki, Pentagon Eron bilan urush tufayli kamayib borayotgan o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish uchun Ukrainaga atalgan qurollarni Fors ko‘rfaziga yuborishi mumkin. Prezident Tramp bu boradagi savolga javoban: «Biz buni doim qilamiz. Ba’zan bir joydan olib, boshqa joyda foydalanamiz», deya ta’kidlagandi.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid