O‘zbekiston | 12:31 / 11.09.2020
3681
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda «Inturist» madaniy-axborot markazining modernistik binosi o‘rnida nima paydo bo‘lishi ma'lum qilindi

Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san'atni rivojlantirish jamg‘armasi zamonaviy kutubxona, kovorking markazi, kinoteatr va restavratsiya laboratoriyasini o‘z ichiga olgan yangi turdagi ta'lim muassasasi tashkil etilgani haqida xabar berdi.

Qayd etilishicha, sobiq "Inturist" madaniy-axborot markazining binosi (Mirzo Ulug‘bek tumani, Istiqlol ko‘chasi, 47-uy) 1987 yilda qurilgan bo‘lib, mustaqillik yillarida ushbu binoda O‘zbekiston turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining idorasi joylashgandi.

To‘liq rekonstruksiyadan so‘ng yangi majmuada birdaniga ikkita yangi madaniyat muassasalari - Fransiya madaniy markazi va Madaniy meros obektlarini tiklash markazi joylashtirilishi rejalashtirilgan. Kelajakda Jamg‘arma ofisi ham ushbu binoda joylashadi.

Majmuada ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi, bundan tashqari, bu yerga nafaqat restavratorlar, balki, etnograflar olimlar, tarixchilar va san'atshunoslar ham jalb qilinadi. Ushbu jarayon ochiq rejimda amalga oshirilib, tiklash ishlarini kuzatish, yoki ushbu kasbni malakali mutaxassislardan o‘rganish ham mumkin bo‘ladi.

«Aynan shu binoda jahon talablariga javob bera oladigan va zamonaviy kinoteatr va barcha xohlovchilar uchun ochiq kafe ham ishga tushiriladi. Tarix va zamonaviylik uyg‘unligining natijasida yoshlar muzey biznesiga jalb qilinadi, undan tashqari, nafaqat O‘zbekistonda, balki, butun dunyoda talabga javob beradigan restavratorlarning yangi avlodi paydo bo‘lishiga erishiladi», - deyiladi vazirlik xabarida.

Binoning dizayn loyihasi Grace byurosi asoschilari Yekaterina Golovatyuk va Giasomo Santoni tomonidan ishlab chiqilgan. Me'mor so‘zlariga ko‘ra, Toshkentdagi loyihaning asosiy vazifalaridan biri bu binodan o‘rin olgan barcha detallarni maksimal darajada saqlab qolishdir. Loyihada binoning fasad qismiga alohida e'tibor qaratilgan. Asl qiyofani saqlab qolish, maydonni kengaytirish va ko‘proq funksional imkoniyatlar uchun yangi g‘oyalar va yuqori texnologiyali materiallar, shu jumladan, shaffof shisha tolali panjaralar qo‘llaniladi, bu esa mavjud g‘ishtli ishlanmalarni iqlim omillari ta'siridan himoya qiladi.

Jamg‘arma ijrochi direktori Gayane Umarovaning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyadagi Milliy tiklanish markazi bilan Jamg‘arma o‘rtasida O‘zbekistonda tiklash markazini tashkil etish bo‘yicha Fransiya mutaxassislar bilan ko‘mak-maslahatlashuv memorandumi imzolandi. Shuningdek, 2022 yilda Parijning Luvr muzeyida O‘zbekistondagi 300 dan ortiq eksponatlar namoyish etiladigan ko‘rgazma o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid