Jahon | 21:31 / 21.05.2026
8022
11 daqiqa o‘qiladi

Litva TIV rahbari NATO kuchlari Rossiyaning Kaliningraddagi harbiy bazalarini «yer bilan bitta qila olishi»ni aytdi

Moskvadagilar bunga javoban yadro quroli bilan tahdid qildi.

Yevgeniy Odinokov / RIA Novosti / Profimedia

Litva tashqi ishlar vaziri Kyastutis Budris o‘z intervyusida Kaliningrad haqida aytgan gaplari uchun Rossiyada keskin tanqidga uchradi. Moskvadagilar vazirning so‘zlarini «telbalik» deb atashdi. Budrisning intervyusi 18 may kuni Shveytsariyadagi Neue Zürcher Zeitung gazetasida e’lon qilingandi. Quyida vazir nimalar degani va uning so‘zlariga Rossiyadan qanday javob bo‘lgani haqida.

Litva TIV rahbari nimalar degan?

Kyastutis Budris Litvada havo hujumidan mudofaa vositalari yetishmasligi, Rossiya va Ukraina dronlari esa «muntazam ravishda mamlakat havo kengliklariga bostirib kirayotgani», bundan tashqari, ba’zida Litva ustidan Rossiya jangovar samolyotlari transponderlarini o‘chirgan holda uchib o‘tishi haqida gapirgan.

Vazirning hisoblashicha, Rossiya-Ukraina urushi tufayli «bunday hodisalar ehtimoli keskin oshgan». Uning so‘zlariga ko‘ra, Litva yaqin va o‘rta masofali tizimlarga investitsiya kiritmoqda, biroq mamlakatda «ballistik va qanotli raketalarni qaytarish uchun uzoq masofali havo hujumidan mudofaa tizimlari yetishmayapti». Budrisning aytishicha, Litva Rossiyaning niyatlari va imkoniyatlarini biladi: «O‘zgarishi kerak bo‘lgan yagona narsa – bu bizning zaifligimiz. Va biz buning ustida ishlayapmiz».

Kyastutis Budris
Konstantin Sednev / Postimees Grupp / Scanpix / LETA

U NATO nizomining beshinchi moddasiga ishonishi va mamlakatga bostirib kirilgan taqdirda Yevropadagi ittifoqchilar Litvaga yordam berishiga shubha qilmasligini qo‘shimcha qilgan. Hozir ham Litvada NATO qo‘shinlari joylashtirilgan, asosiy mas’uliyat esa Germaniya zimmasida. U Germaniya Litva xavfsizligini himoya qilishiga ishonadi: «Germaniya bizga so‘z bergan».

Rossiyaning Litva Polsha o‘rtasida joylashgan anklav hududi hisoblangan Kaliningrad shahri haqida gapirarkan, vazir shunday deydi:

Biz rossiyaliklarga ularning Kaliningradda qurgan kichik qal’asiga yorib kirishga qodir ekanimizni ko‘rsatishimiz kerak. NATOda zarurat tug‘ilganda Rossiyaning havo hujumidan mudofaa bazalari va u yerda joylashgan raketa bazalarini yer bilan yakson qilish uchun vositalar mavjud.

Budris «Yevropa birligining yemirilishi»dan qo‘rqasizmi, deya berilgan savolga javoban yevropaliklar Yevropani yaqin yillarda nima kutayotganini yaxshi bilishi haqida aytgan. «Va biz nima xavf ostida ekanini bilamiz. Ammo umid qilamanki, shu kunlarda barcha partiyalarda olib borilayotgan strategik munozara bir xulosaga olib keladi: harakatsizlik uchun to‘lov juda yuqori bo‘ladi», – deya qo‘shimcha qiladi Budris.

Moskvada bunga qanda reaksiya qilishdi?

Rossiya mediasidagi sahifalardan ayrimlari:

  • RIA Novosti: «Litva TIV NATOni Kaliningradga hujum qilishga chorladi».
  • TASS: «„Momaqaldiroq“ va tahdidlar: Litva TIV rahbari Kaliningradni Rossiyadan tortib olishni orzu qilayotgani haqida».
  • «Moskovskiy komsomolets»: «Vilnyuslik „kozyol-provokator“: Litva NATOdan Rossiya bilan urush boshlashni so‘ramoqda».

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova Litva vazirining so‘zlariga izoh berarkan, buni «suitsidal paranoyya» deb baholadi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham shunga o‘xshash fikr bildirdi: «Bu ahmoqona bayonot». Kaliningrad oblasti gubernatori Aleksey Besprozvanix Litvadagi mulozimlarning salomatligidan xavotirda ekanini aytdi: «Bunday faollik yo bahorda, yo kuzda sodir bo‘lishini payqadik».

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham xuddi shu ruhda gapirdi: «Ular o‘zlarining mavjudligini qandaydir tarzda tasdiqlashlari kerak, faqat „Men fikrlayapman, demak, men mavjudman“ degan mashhur faylasufdan farqli o‘laroq, bular –shunchaki mavjud».

Rossiyalik siyosatchilarning bir qismi Ivan Krilovning «Fil va kuchukcha» masalini esladi. Masalan, Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi rahbari o‘rinbosari Dmitriy Medvedev shunday dedi: «Ma’lumki, kuchukchalar o‘z obro‘sini oshirish uchun kattalarga baland ovozda vovullashni yaxshi ko‘radi». Davlat Dumasi deputati, Xavfsizlik qo‘mitasi a’zosi Mixail Sheremet esa shunday degan: «Litvadagi rasmiylar Kaliningradga qarab akillamasligi kerak».

Ba’zi siyosatchilar jangovar bayonotlar bilan chiqishdi. Davlat Dumasining xalqaro ishlar qo‘mitasi rahbari, LDPR yetakchisi Leonid Slutskiy yadroviy qurol bilan tahdid qildi: «Agar NATO Kaliningradga hujum qilsa, Rossiyaning harbiy va yadroviy doktrinalari muqarrar ravishda ishga tushadi». Kaliningrad oblastidan Federatsiya Kengashiga a’zo bo‘lgan Aleksandr Shenderyuk-Jidkov «»Litva o‘z mustaqilligining 36 yilidan keyin bunga munosib ekani»ga shubha qilayotganini aytdi.

Rossiya Boltiqbo‘yi davlatlarini Ukrainaning dronlar hujumiga yordam berishda ayblaydi

Rossiya propagandasi, RF TIV vakillari va siyosatchilari Boltiqbo‘yi davlatlari – Litva, Latviya va Estoniyani Rossiya hududiga hujum qilayotgan Ukraina dronlariga o‘z osmonidan foydalanish imkonini berishda bir necha bor ayblagan. Boltiqbo‘yi davlatlari bu ayblovlarni rad etadi.

Mariya Zaxarova aprel oyida o‘z havo hududini zarbalar uchun taqdim etayotgan mamlakatlarga Rossiya tomonidan «javob» berilishi bilan tahdid qilgandi: «Mazkur mamlakatlarga tegishli ogohlantirish berildi. Agar ularning, bu mamlakatlarning rejimlarining aqli yetsa, quloq solishadi. Agar yo‘q bo‘lsa, javob berishlariga to‘g‘ri keladi».

Rossiya Tashqi razvedka xizmati (SVR) 19 may kuni Ukraina go‘yo bevosita Boltiqbo‘yi davlatlari hududidan dronlarni uchirishga tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi. «Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyev Boltiqbo‘yi mamlakatlari qurolli kuchlariga taqdim etilgan havo yo‘laklaridan foydalanish bilan cheklanmoqchi emas. Uchuvchisiz uchish apparatlarini ushbu davlatlar hududidan ham uchirish rejalashtirilmoqda», – deya ta’kidlagandi xizmatdagilar.

Razvedka Ukraina qurolli kuchlarining Uchuvchisiz tizimlar kuchlariga mansub bo‘lgna harbiylar allaqachon Latviyadagi harbiy bazalarda ekanini bildirib, shunday tahdid qilgan: «Latviya hududidagi qaror qabul qilish markazlarining koordinatalari yaxshi ma’lum va mamlakatning NATOga a’zoligi terrorchilarning sheriklarini adolatli qasosdan himoya qilmaydi».

Latviya hukumati Rossiyani yolg‘onchilikda aybladi. «Rossiya yana aldayapti. Bu safar Tashqi razvedka xizmati Latviyaga qarshi dezinformatsiya kampaniyasini olib bormoqda. Fakt: Latviya Rossiyaga hujum qilinishi uchun havo hududini taqdim etmayapti. Bu allaqachon Rossiya vakillariga bir necha bor tushuntirildi», – dedi Latviya tashqi ishlar vaziri Bayba Brajye.

Latviya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya Tashqi razvedka xizmati bayonotidan so‘ng Rossiya muvaqqat ishlar vakili Dmitriy Kasatkinni chaqirib, unga «qat’iy protest» bildirdi va rasmiy nota topshirdi.

Bularning barchasi Boltiqbo‘yi mamlakatlariga dronlar tez-tez uchib kirayotgan bir paytda bo‘lmoqda

Finlandiyadagi Iltalehti tabloidi 17 may kuni NATOdagi manbalarga tayanib, RF qurolli kuchlari radioelektron kurash vositalari orqali ukrain dronlarining parvoz trayektoriyasini o‘zgartirib, ularni Finlandiya yoki Boltiqbo‘yi mamlakatlariga yo‘naltirishga harakat qilayotgani haqida yozdi.

So‘nggi haftaning o‘zida shu kabi bir necha holat sodir bo‘lgan.

  • 15 mayga o‘tar kechasi Finlandiya havo hududiga kamida bitta dron uchib kirdi. Helsinkida xavf haqida ogohlantirish e’lon qilindi, aholi yopiq binolarda qolishga va derazalarga yaqinlashmaslikka chaqirildi. Mahalliy aeroport yopildi. Finlandiya Harbiy-havo kuchlarining Hornet rusumli qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi. O‘sha kuni Latviyaning chegara hududlarida ham xavf haqida ogohlantirish e’lon qilindi.
  • 17 mayga o‘tar kechasi Ukraina droni Latviya havo hududiga uchib kirdi. Mamlakat armiyas havo hujumidan mudofaa kuchlarini faollashtirdi, bundan tashqari, NATOning Boltiq dengizi havo hududini patrul qilish missiyasining qiruvchi samolyotlari ishga tushirildi. Chegara hududlarida trevoga e’lon qilindi. Bir necha soatdan so‘ng dron Latviya havo hududini tark etdi.
  • 17 may kuni kechqurun Litva shimoli-sharqida Ukraina droni aniqlandi. Qurolli kuchlar ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha kuni radarlar dronlarni qayd etmagan. Uni Uten uyezdi aholisi vakillari topib olishgan. Dron qanday qilib Litva havo hududiga kirib qolgani noma’lum.
  • 19 may kuni ertalab Estoniya havo hududida Rossiyadagi nishonga qarab ketayotgan Ukraina droni aniqlandi, deya ma’lum qildi Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkur. NATO missiyasi doirasida Estoniyada bo‘lib turgan Ruminiya F-16 qiruvchi samolyotlari dronni to‘xtatish uchun havoga ko‘tarildi. Dron Virs’yarv ko‘li ustida urib tushirildi. Estoniya janubida bir soat davomida dronlar xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Ro‘y bergan hodisa uchun Ukraina Estoniyadan uzr so‘radi.

Shu kabi holatlarning so‘nggisi 20 may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Litvaning ayrim hududlarida, shuningdek, Vilnyusda Belarus tomonidan yaqinlashayotgan dron tufayli trevoga e’lon qilindi. Xavf haqida avtomatik ogohlantirish mahalliy aholining telefonlariga yuborilgan. Delfi ma’lumotlariga ko‘ra, dastlab xavfning «sariq» darajasi (hujum ehtimoli bor) haqida gap borgan, keyin u «qizil» darajaga (hujum sodir bo‘lmoqda) ko‘tarilgan.

Ayrim aholi punktlarida, jumladan, Vilnyusda aholi bombapanagohlarga tushirilgan. Xususan, Litva rahbarlari – prezident Gitanas Nauseda, bosh vazir Inga Ruginene va parlament (seym) spikeri Yozas Olekas shunday joyga evakuatsiya qilingan.

Litva mudofaa vazirligi dron tufayli Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududi xavfsizligini ta’minlovchi NATO harbiy-havo kuchlarini ishga solganini ma’lum qildi. Dron Litvada qulaganmi yoki uning havo hududini tark etganmi, hozircha noma’lum.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid