Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
NATO Rossiyaning alyans tahdidi haqidagi bayonotlarini rad etdi
NATO Ukrainaga AQSh ishlab chiqargan qurollar, jumladan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berilishi davom etayotganini ma’lum qildi. Alyans shuningdek, Rossiyaning NATO tahdidi haqidagi bayonotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
Foto: REUTERS
NATOning Yevropadagi birlashgan qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni general Aleksus Grinkevich Bryusselda bo‘lib o‘tgan alyans Harbiy qo‘mitasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Ukraina uchun ustuvor ehtiyojlar ro‘yxati — PURL dasturi doirasidagi barcha qurol-yarog‘ yetkazib berilayotganini aytdi.
“Men sizlarni ishontirmoqchimanki, ittifoqchilar to‘lov qilgan barcha qurollar, jumladan ukrainaliklar shoshilinch ehtiyoj sezayotgan havo hujumidan mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalar ham yetkazib berilmoqda”, — dedi Grinkevich.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina qurolli kuchlari urushning beshinchi yili davom etayotganiga qaramay, yuqori darajada chidamlilik va innovatsion yondashuvni namoyon etmoqda. Shu bilan birga, ukrain harbiylari NATO davlatlari bilan jang maydonida sinovdan o‘tgan tajribalarini, ayniqsa Rossiya va Eron dronlari hamda raketalariga qarshi kurash usullarini baham ko‘rmoqda.
Grinkevich Ukrainaga doimiy va prognoz qilinadigan yordam zarurligini ta’kidlab, PURL dasturi aynan shu maqsadga xizmat qilishini qayd etdi.
Mazkur dastur AQSh va NATO tashabbusi bo‘lib, u orqali Ukrainaga AQShda ishlab chiqarilgan muhim qurollar yetkazib beriladi. Dasturda ishtirok etayotgan davlatlar Ukraina, AQSh va NATO kelishgan ehtiyojlar ro‘yxati asosida umumiy jamg‘armaga mablag‘ ajratadi. Bu esa Yevropa analoglari bilan almashtirib bo‘lmaydigan qurollarni tezkor sotib olish va frontga yetkazish imkonini beradi.
General Grinkevich G‘arbning Ukraina mudofaasiga sarmoyasi nafaqat ukrain aholisi va muhim infratuzilmani himoya qilish, balki Yevropa xavfsizligini mustahkamlashga ham xizmat qilayotganini bildirdi.
Matbuot anjumanida u AQSh prezidenti Donald Trampning Yevropadan 5 ming nafar amerikalik harbiyni olib chiqish niyatini ham tasdiqladi. Biroq uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh harbiy ishtirokining qisqarishi NATOning mintaqaviy rejalari bajarilishiga ta’sir qilmaydi.
Grinkevich Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri Boltiqbo‘yi davlatlari, Polsha va boshqa Yevropa mamlakatlari o‘z quruqlikdagi harbiy salohiyatini sezilarli darajada oshirganini ta’kidladi. U, shuningdek, Kanada rahbarligidagi Latviyada joylashgan ko‘p millatli brigada yuqori samara ko‘rsatayotganini, Germaniya esa Litvadagi brigadasini kengaytirishda davom etayotganini qayd etdi.
“Ittifoqchilar o‘z imkoniyatlarini kuchaytirayotgan ekan, AQSh o‘z resurslarini boshqa global ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirishi mumkin”, — dedi general.
Shu bilan birga, NATO Estoniya hududiga adashib kirgani aytilgan ehtimoliy ukrain droni bilan bog‘liq voqeaga ham munosabat bildirdi. Estoniya mudofaa vaziri Xanno Pevkurga ko‘ra, dron NATOning Boltiqbo‘yi havo hududini qo‘riqlash missiyasida ishtirok etayotgan Ruminiya qiruvchisi tomonidan urib tushirilgan.
Grinkevich bu holat NATO mudofaa tizimi qanday ishlashi kerakligini ko‘rsatganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, alyans hududining “har bir santimetrini” himoya qilish uchun vakolatlar quyi taktik darajagacha berilgan.
NATO shuningdek, Rossiya tashqi razvedka xizmati Latviya o‘z hududini ukrain dronlarining Rossiyaga hujumlariga tayyorgarlik ko‘rish uchun taqdim etayotgani haqidagi bayonotini ham rad etdi. Rossiya maxsus xizmati Latviyani “adolatli javob” bilan tahdid qilgan va NATO a’zoligi uni himoya qila olmasligini aytgan edi.
Grinkevich Rossiyaning NATO tahdidi haqidagi da’volari yangi emasligini, ammo ular haqiqatga mutlaqo to‘g‘ri kelmasligini bildirdi.
“Agar biz dronlarga Boltiqbo‘yi davlatlari havo hududi orqali Rossiyaga uchib o‘tishga ruxsat bermoqchi bo‘lganimizda, ularni urib tushirmagan bo‘lardik”, — deya xulosa qildi u.