Yangi-Angren IES boshqaruv kompaniyasi: qozon tozalovchilarning xavfsizlik texnikasiga rioya etmaganligi portlashga olib keldi
2021 yil 20 yanvar kuni Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasida sodir bo‘lgan favqulodda vaziyat to‘g‘risida stansiya boshqaruv kompaniyasi Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi.
“2021 yil 20 yanvar kuni soat 11:30 da «Energoqozontozalash» mas'uliyati cheklangan jamiyati xodimlari tomonidan Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasi 5-qozon agregatining 12,0 metrlik belgisida kulni kimyoviy tozalash paytida, ko‘mir-kukun aralashmasining chaqnashi yuzaga keldi, natijada uch kishi halok bo‘ldi, yana uch kishi turli darajada kuyish jarohati olgan. Ushbu 5-qozon agregati vaqtincha to‘xtatilgan va u kimyoviy tozalanayotgan paytda qozon tozalovchilarning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etmaganligi ana shunday ayanchli oqibatlarga olib keldi.
Ushbu turdagi profilaktika ishlari ko‘mir yoqiladigan barcha elektr stansiyalari va qattiq yoqilg‘i pechlari o‘rnatilgan og‘ir sanoat korxonalarining to‘xtatilgan uskunalarida yong‘inlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi va bu vazifani korxonaning o‘zi yoki shartnoma asosida ixtisoslashgan pudrat tashkilotlari bajaradi.
Chaqnash oqibatida vafot etganlar «Vostokenergoteploizolyatsiya» MChJning ishchilari bo‘lib, ushbu korxona issiqlik izolyatsiyasi va astar ishlarini bajarish bo‘yicha pudratchi ixtisoslashgan kompaniya, xodimlari qozon qoplamasidagi nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha mutaxassislar hisoblanadi. Kuyish jarohati olganlar “Energoqozontozalash” MChJ qozon tozalovchilaridir.
20 yanvar kuni ikki tomonlama shartnoma asosida ishlayotgan qozon tozalovchilarga qozon-turbina sexining 30-sonli farmoyishi bilan xavfsizlik choralari ko‘rilgan holda soat 9:30da to‘xtatilgan qozon agregatining 12,0 metrlik belgisida profilaktika ishlari olib borishga ruxsat berilgan.
«Vostokenergoteploizolyatsiya» MChJ ishchilari ham qozon-turbina sexining 31-sonli farmoyishi bilan soat 10:30da qozon agregatining 48,0 metrlik belgisida profilaktika ishlari olib borishga kirishgan. Taassufki, texnika xavfsizligi qoidalarining qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida «Vostokenergoteploizolyatsiya» MChJning uch xodimi halok bo‘ldi, “Energoqozontozalash” MChJning turli darajada kuyish jarohati olgan uch nafar xodimiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular eng yaqin bo‘lgan shahar markaziy kasalxonasiga yetkazildi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 2-qismi “a, b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, Angren shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Uning natijalari haqida qo‘shimcha ma'lumotlar taqdim etiladi. Shu munosabat bilan fuqarolardan ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma'lumotlar tarqatmasliklari so‘raladi.
“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati tomonidan vafot etganlarning oila a'zolariga qo‘shimcha ravishda 105 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi. Tashkilotning tegishli normativ-huquqiy hujjatlariga asosan, bunday moddiy yordam yana qo‘shimcha (to‘liq) ravishda amalga oshiriladi. Hozirda ularning oila a'zolari holidan xabar olib turilibdi. Tashkilot tomonidan moddiy va ma'naviy yordam ko‘rsatilishi, shuningdek, boquvchisiz qolgan oilalarning ishga yaroqli va ishsiz a'zolari ish bilan ta'minlanadi.
“Yangi-Angren IES” aksiyadorlik jamiyati fidoyi energetiklarning vafoti munosabati bilan marhumlarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur ta'ziya izhor etadi. Vafot etgan xodimlarning yorqin xotirasi energetiklar qalbida doimiy saqlanib qoladi” – deyiladi taqdim qilingan ma'lumotnomada.
Mavzuga oid
15:47 / 24.02.2021
Yangi-Angren IESda yana bir favqulodda holat yuz bergani haqida xabar tarqaldi. Energetika vazirligi buni rad etib chiqdi
17:49 / 23.01.2021
Yangi-Angren IESdagi portlagan sexning rahbari o‘zini osdi
08:40 / 23.01.2021
Yangi-Angren IESda vafot etganlarning oila a'zolariga 105 mln so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi - Energetika vazirligi
17:16 / 22.01.2021