Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tez orada sulh kutish mumkinmi? Oq uydagi uchrashuvdan keyin ochiq qolayotgan savollar
Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘ladimi? Xavfsizlik kafolatlari-chi?
The Presidential Office of Ukraine / Scanpix / LETA
18 avgust kuni Oq uyda AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp hamda Volodimir Zelenskiy va Yevropa yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Avvaliga Tramp va Zelenskiy ikki tomonlama formatda bir soatga yaqin vaqt gaplashishdi, keyin ularga yevropaliklar ham qo‘shildi va umumiy uchrashuv yana bir yarim soatga yaqin davom etdi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha ishtirokchilar tomonidan matbuot anjumani o‘tkazilmadi va qo‘shma kommyunike chiqarilmadi. Zelenskiy qisqa brifing o‘tkazdi, keyin esa oldinroq Fox telekanali bilan belgilangan intervyuni bekor qildi. Oq uy rasmiy ohangdagi press-reliz chiqarish bilan cheklandi, Yevropa mamlakatlaridan ayrimlarining rahbarlari ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida mazmunini keltirmagan holda muzokaralar haqida qisqacha postlar yozib qoldirishdi. Hozircha nimalarga erishilgani noma’lum. Quyida sammitdan keyin ham ochiq qolayotgan asosiy savollar ko‘rib chiqiladi.
Yaqin vaqtlarda Putin va Zelenskiy uchrashuvi bo‘ladimi?
Donald Tramp to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar chog‘ida Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi — ular 40 daqiqa gaplashishgan, bu muloqot chog‘ida Zelenskiy va Yevropa yetakchilari xonada bo‘lmagan, qo‘ng‘iroq uchun umumiy uchrashuvda tanaffus qilingan. Sammit yakunlanganidan keyin Tramp ijtimoiy tarmoqda Putin va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvga «tayyorgarlik ko‘rishni boshlagani» haqida yozdi.
Germaniya kansleri Fridrix Mers keyinroq Putin uchrashuv yaqin ikki hafta ichida o‘tkazilishiga rozi bo‘lganini aytdi, ammo uchrashuv joyi va formati hozircha kelishib olinmagan. Putin bunday uchrashuvga roziligi haqida Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham ma’lum qilgan.
Volodimir Zelenskiy yana bir bor Putin bilan o‘zaro uchrashuvga tayyorligini e’lon qildi.
Kreml Putin Zelenskiy bilan uchrashuvga roziligini rasman tasdiqlamagan. Bu borada yagona izoh prezident yordamchisi Yuriy Ushakov tomonidan bildirildi: u Putin va Tramp Rossiya va Ukraina muzokaralari «darajasini ko‘tarish»ni muhokama qilganini aytgan, ammo bu orqali aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamagan — prezidentlarning uchrashuvini yoki, masalan, tashqi ishlar vazirlari uchrashuvini.
Tez orada o‘t ochish to‘xtatilishini kutish mumkinmi?
Ilgari vaqtinchaga bo‘lsa ham zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilib kelgan Donald Tramp Alyaskada Putin bilan uchrashganidan keyin o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va buni talab qilishni to‘xtatdi. «Men harbiy harakatlar to‘xtatilishini istardim. Ammo strategik jihatdan bu tomonlardan biriga ustunlik berishi mumkin», — dedi u uchrashuv oldidan jurnalistlarga va tinchlik muzokaralarini harbiy harakatlar davom etayotgan sharoitda olib borish mumkinligini qayd etdi.
Yevropa yetakchilari esa o‘t ochishni to‘xtatish Rossiya bilan muloqot boshlashning majburiy sharti bo‘lishi lozimligini aytishda davom etishmoqda. Uchrashuvning ochiq qismida bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers hamda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ochiq gapirishdi. Lekin yakunda o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish haqidagi bayonot bo‘lmadi.
Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari masalasi nima bo‘ladi?
Emmanuel Makron va Kir Starmer Oq uydagi uchrashuvning «eng muhim natijasi» Trampdan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari ustida ishlashga rozilik olinishi bo‘lgan. «Biz bir necha kun yoki hafta oldin bunchalik aniq bo‘lmagan bir nechta muhim jihatlar haqida kelishib oldik», — dedi Makron.
Zelenskiy esa brifingda muzokaralar chog‘ida Ukrainaning kafolatlar masalasi bo‘yicha qarashlarini taqdim etganini, endi u yaqin 7-10 kun ichida ittifoqchilar bilan birgalikda qayta ishlanishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun Kiyevga qo‘shimcha mablag‘, jumladan, Amerika qurollarini sotib olish kerak bo‘ladi.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, kafolatlar to‘rtta asosiy elementni o‘z ichiga oladi: harbiy ishtirok, havo hujumidan mudofaa, qurollanish va otashkesim monitoringi. Nashrning yozishicha, kafolatlar bo‘yicha ishchi guruhga AQSh davlat kotibi Marko Rubio rahbarlik qiladi.
NATO bosh kotibi Mark Ryutte muzokaralardan so‘ng xavfsizlik konsepsiyasi ustida 30 ga yaqin davlat (ular qatorida Yaponiya va Avstraliya ham bor) ish olib borishini ma’lum qildi.
Kiyev hududiy yon berishlarga tayyormi?
Financial Times gazetasi Ukraina tomoni Oq uydagi uchrashuv boshlanishidan oldin tayyorlagan hujjatga tayanib, Kiyev Putinning Donetsk oblastining Ukraina qurolli kuchlari nazorati ostidagi qismini Rossiyaga jangsiz berish taklifini qabul qilishdan qat’iyan bosh tortishini yozgandi. Bu Moskva bu holda «Rossiya qo‘shinlari Dnipro yo‘nalishida yanada tezkor harakatlanishi uchun platsdarm»ga ega bo‘lishi bilan izohlangan.
Oq uydagi yig‘ilish o‘tkazilgan zalda Ukrainaning katta xaritasi o‘rnatilgandi, unda bosib olingan hududlar belgilangan va har bir regionning qancha qismi Rossiya nazorati ostida ekani foizlarda ko‘rsatilgandi. Zelenskiy muzokaralar chog‘ida Trampga ushbu xarita yuzasidan u bilmaydigan «ko‘plab detallarni» ko‘rsatganini aytgan.
The Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, hududiy masalalar «kelishmovchilik predmeti» bo‘lgan. Gazeta manbalari xabariga ko‘ra, Zelenskiy hududlarni darhol «almashish» g‘oyasini rad etmagan, ammo ularni topshirishda «konstitutsiyaviy taqiqni chetlab o‘tish» qiyin bo‘lishini ta’kidlagan.
Avvalroq tomonlar «hududlar almashuvini o‘tkazishi» kerakligini aytgan Tramp uchrashuvdan keyin bu masala yuzasidan izoh bermadi. Zelenskiy brifingda «hududlar masalasi faqat u va Putin o‘rtasida muhokama qilinishi»ni aytdi.