O‘zbekiston | 10:07 / 05.10.2022
15836
3 daqiqa o‘qiladi

Issiqlik ta’minoti tariflari tasdiqlandi: aholi va tadbirkorlar uchun narxlar o‘zgarmaydi

Toshkent shahar Xalq deputatlari Kengashi 2022-2023 yillar isitish mavsumi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini tasdiqladi. Jismoniy shaxslar shuningdek kichik, o‘rta va yirik biznes uchun tariflar avvalgi holda qoladi.

Foto: Kun.uz

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 2022 yilning 26 sentabrdagi VI-70-255-14-0-K/22-sonli qarori asosida Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2022 yilning 27 sentabrdagi 983-14-0-Q/22-sonli qarori e’lon qilindi.

Qayd etilishicha, «Veolia Energy Tashkent» MChJ XK tomonidan ko‘rsatiladigan issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar (bazaviy tarif) 397 ming 212 so‘m/Gkal miqdorida belgilandi. Qarorga muvofiq, issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun chakana tariflar quyidagilar uchun avvalgi narxlarda qoladi:

  • aholi uchun – 91 ming  960 so‘m/Gkal (2019 yil 15 avgustdan amalda);
  • kichik, o‘rta va yirik biznes uchun – 141 ming 737 so‘m/Gkal (2019 yil 15 avgustdan amalda).

Budjet tashkilotlari uchun chakana tarif – 502 067 so‘m/Gkalni tashkil qiladi. Ushbu narxlar e’lon qilingan kundan boshlab 15 kun o‘tib, ya’ni 2022 yil 21 oktyabrda kuchga kiradi.

Bazaviy va chakana tariflar o‘rtasidagi farq Toshkent shahrining mahalliy budjeti hisobidan subsidiyalanadi. Ushbu subsidiyalar va iste’molchilardan issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari uchun kelib tushgan mablag‘lar hamda «Veolia Energy Tashkent» MChJ XKning o‘zinining sarflangan mablag‘lari hisobidan:

  • issiqlik ta’minoti tizimlarining rejali modernizatsiyasi va qayta tiklanishini;
  • Sergeli va Bektemir tumanlarida pilot loyihalar;
  • issiqlik energiyasini ishlab chiqishga energiya resurslarini sezilarli ravishda qiskartiradigan, issiqlik ta’minotining yopiq tizimga bosqichma–bosqich o‘tish amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun, ushbu tariflar faqat Toshkent shahri uchun amal qiladi.

Avvalroq, 2022 yil 1 iyuldan «Veolia Energy Tashkent» ilgari «Toshissiqquvvati» DUK boshqaruvida bo‘lgan barcha faoliyat turlarini amalga oshirishni boshlashi ma’lum qilingandi.

Mavzuga oid