O‘zbekiston | 20:39 / 05.04.2022
14959
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maktab direktorlarini sertifikatlash tizimi joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev seshanba kungi videoselektor yig‘ilishida maktab direktorlariga nisbatan talab ham keskin kuchaytirilishini ta’kidladi.

«Qaysi maktab direktori harakat qilayotgan bo‘lsa, natija bo‘layapti. Aksincha, sharoit yaxshi bo‘la turib, o‘zgarish qila olmayotgan direktorlar ham ko‘p», dedi davlat rahbari.

Shu bois Xalq ta’limi vazirligiga 1 sentabrdan boshlab maktab direktorlarini sertifikatlash tizimini joriy etish topshirildi. Bundan buyon direktorlikka nomzodlar ushbu tizim orqali tanlanadi.

Joylardagi haqiqiy holatni o‘rganish asosida 193 ta ta’lim muassasalari negizida tabiiy va aniq fanlarga ixtisoslashgan maktablarni tashkil etish takliflari ishlab chiqildi.

Viloyat, shahar va tuman hokimlari 1 avgustga qadar o‘z hududidagi ushbu maktablarni ta’mirlash, zamonaviy jihozlash, yashash va ovqatlanish uchun sharoitlar yaratishga mas’ul etib belgilandi.

«Yangi o‘quv yiliga qadar 173 ta maktab tayyor bo‘lishi shart va bunga viloyat, shahar va tuman hokimlari javobgar. Qolgan 20 ta ixtisoslashgan maktab keyingi o‘quv yiliga qadar topshirilishi shart», dedi prezident.

Umuman, yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar bo‘yicha mas’ullar:

  • har bir tumanga borib, tuman va shahar hokimlari bilan birga muammolarni o‘rganadi, yechimini topadi, maktab direktorlari va o‘qituvchilari bilan ishlarni tashkil etadi;
  • maktablarda ta’lim sifati va shart-sharoitlarni yaxshilash bo‘yicha tuman va shaharlarning reytingini joriy qiladi;
  • yaxshi ishlagan tuman rahbarlarini mukofotlash, yomon ishlaganlarini esa ishdan olish bo‘yicha taklif kiritadi;
  • viloyat hokimlari bilan birga har hafta Prezidentga axborot berib boradi.

«Tizimdagi ishlarning borishi va o‘zgarishlarni har oyda o‘zim muhokama qilaman va mutasaddilarning faoliyatiga baho beraman»,  dedi prezident.

Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Mavzuga oid