Jahon | 15:10 / 21.08.2025
9423
3 daqiqa o‘qiladi

“Xitoy Ukrainadagi urushga ikki xil fokusda qaraydi” - siyosatshunos

Yevropadagi qudratli davlatlardan ayrimlari Ukrainadagi urush to‘xtagach, bu mamlakatga jumladan Xitoy harbiy kontingentini ham joylashtirishni ilgari surmoqda. Bu haqda “Geosiyosat”da siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov va Hikmatilla Kazakbayev so‘z yuritdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

— Rossiya so‘rovi bo‘yicha Xitoy ham o‘z qo‘shinini Ukrainada tinchlikparvar kuch sifatida joylashtirishi mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: Bu masalada avvalo Ukrainaning o‘zi rozi bo‘lishi kerak. Prezident Zelenskiy bu borada allaqachon bayonot bergan. Bu bayonot “Qrimni Rossiya anneksiya qilganida Xitoy jim turdi, 2022 yil fevral oyida Rossiya Ukrainaga bostirib kirganida ham Xitoy uni to‘xtatish uchun hech qanday tashabbus ko‘rsatmadi”, degan ma’noda edi. Zelenskiy Xitoy Rossiyani amalda qo‘llab-quvvatlayotganini, yordam berayotganini va u bilan hamkorlikni davom ettirayotganini ta’kidladi.

Xitoyning Ukrainadagi urushga nisbatan pozitsiyasi ikki qismdan iborat.

Birinchidan, Pekin Ukrainaning hududiy yaxlitligini saqlash tarafdori. Bu pozitsiyasini Xitoy bir necha marta takrorlagan. Ammo bu Xitoyning Ukrainaga bo‘lgan hurmatidan emas. Bu o‘zining Tayvan, Tibet va Shinjon kabi hududlarini nazorat ostida ushlab qolish istagi bilan bog‘liq. Xitoy o‘zini yagona millat sifatida ko‘rsatishga harakat qilsa-da, u yerda turli millatlar va hududlar mavjud. Xuddi sobiq sovet ittifoqidagi kabi, Xitoyda ham bo‘linish, separatizm xavfi bor. Shu bois Xitoy xalqaro miqyosda davlatlar chegarasi daxlsizligi tamoyilini ilgari suradi.

Ikkinchidan, NATOning kengayishi va Rossiya–G‘arb qarama-qarshiligi masalasida esa, Xitoy ochiqchasiga Rossiya tarafida turibdi.

Hikmatilla Kazakbayev: Ukrainaga qo‘shin yuborish tashabbusiga eng ko‘p qiziqish bildirayotgan davlatlar – Buyuk Britaniya va Fransiya. Ular qo‘shin yuborishga tayyor bo‘lishi mumkin, ammo bu ham o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Hatto Germaniya qo‘shinlarini joylashtirish ehtimoli ham juda past. Boshqa davlatlarning ishtiroki ancha cheklangan bo‘lishini kutish mumkin.

Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘z qo‘shinlarini Ukrainaga yuborish niyatida emas. AQShning hozirgi ma’muriyati Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri qarama-qarshilikdan qochishga harakat qilmoqda. Albatta, to‘rt yildan keyin AQShda ma’muriyat almashishi mumkin, lekin hozircha vaziyat shunday. Shu sababli ehtimol, xorijiy qo‘shinlar masalasi faqat Britaniya va Fransiyaning cheklangan ishtiroki bilan amalga oshishi mumkin.

Suhbatni to‘liq YouTube’da tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid