O‘zbekiston | 18:20 / 05.09.2022
63223
2 daqiqa o‘qiladi

Maktab darsliklari va mashq daftarlari bepul ijaraga beriladi

Prezident maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi.

Foto: Kun.uz

Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov xabar qildi.

«Maktab darsliklari va mashq daftarlarining ijara to‘lovlari miqdorlari keskin oshirilishi munosabati bilan keng jamoatchilik, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar yuzasidan prezidentimizga axborot berildi. 

Maktab darsliklari bolalarning umumiy o‘rta ta’lim olishida favqulodda muhim o‘rin tutishini hisobga olib hamda maktab o‘quvchilari va ularning ota-onalarini, qonuniy vakillarini qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy adolatni ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbari Vazirlar Mahkamasi va Xalq ta’limi vazirligiga maktab darsliklari va mashq daftarlarini bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi», deyiladi xabarda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilar O‘zbekistonda maktab darsliklari ijarasi narxi «2−3 baravarga» qimmatlashgani va birinchi chorakdan keyingina yangi kitoblar chiqarilishidan shikoyat qilishgandi. Xalq ta’limi vazirligi buni qog‘oz narxlari va transport xarajatlari oshgani bilan izohlagandi.

Mavzuga oid