O‘zbekiston | 21:10 / 26.05.2022
31552
3 daqiqa o‘qiladi

Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha kelib tushgan ilk takliflar ma’lum qilindi

Davlat bilan munosabatlardagi barcha noaniqliklarni fuqaro foydasiga talqin qilish, har kimning internetdan foydalanish huquqini e’tirof etish, eng kam oylik fuqaroning oilasiga ham yetadigan bo‘lishi, monopoliyalarga yo‘l qo‘yilmasligi va boshqa normalarni Konstitutsiyaga kiritish bo‘yicha takliflar kelib tushgan.

O‘zbekistonda tubdan yangi konstitutsiya qabul qilish yoki konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish emas, Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish reja qilinmoqda. Bu haqda Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov komissiyaning 26 may kuni bo‘lib o‘tgan ilk yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Konstitutsiyaviy islohotlarda 3 ta masala bo‘ladi. Birinchisi, tubdan yangi konstitutsiyani qabul qilish, bu jahon amaliyotida bor. Ikkinchisi – mana shu konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish, bunday yondashuv ham bor. Va uchinchisi – amaldagi konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishdan iborat.

Bizga palatalar kengashiga mana shu amaldagi Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha qonun loyihasini tayyorlash topshirilgan”, – dedi Akmal Saidov.

Yig‘ilishda komissiyaga kelib tushgan ilk takliflar haqida ma’lumot berildi.

Komissiya a’zosi, huquqshunos Mirafzal Miraqulovning so‘zlariga ko‘ra, kelib tushgan takliflar asosan xalqparvar davlat qurish, ekologiya, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xususiy mulk himoyasi kabilarga oid.

Uning aniqlik kiritishicha, ilk takliflar bosh qomusning 13-, 15-, 29-, 37-, 40-, 41-, 53-, 78– va 80-moddalariga taalluqli. Xususan:

  • fuqaroning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida barcha qarama-qarshiliklar va noaniqliklarni fuqaro foydasiga talqin qilish;
  • Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega bo‘lib, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi;
  • har kimning axborot resurslari, kommunikatsiya texnologiyalari va internetdan erkin foydalanish huquqiga egaligi;
  • mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (hozirda oyiga 822 ming so‘m) insonning nafaqat o‘zi, balki oilasining ham hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo‘lishi;
  • ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarni ishga joylashtirish bo‘yicha davlat kafolatlarini belgilash;
  • davlatning ishsizlik va kambag‘allikni tugatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanish majburiyati;
  • har bir insonning sog‘lom va qulay atrof-muhitga, uning holati haqidagi haqqoniy axborotga ega bo‘lish hamda o‘z sog‘lig‘iga yoki mulkiga ekologik huquqbuzarlik tufayli yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi huquqiga egaligi;
  • davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investitsiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, iqtisodiy faoliyatda insofsiz raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi;
  • korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha parlament nazoratini o‘rnatish, bu borada qattiq qoidalarni yozib qo‘yish va boshqalar.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasini takomillashtirish jarayonida fuqarolardan Meningkonstitutsiyam.uz portali, Telegram-bot va koll-markaz orqali takliflar yig‘iladi. Fuqarolar taklif bildirish uchun mahalla idorasiga ham borishi yoki parlament quyi palatasiga pochta yordamida xat yo‘llashi ham mumkinligi aytildi.

Mavzuga oid