O‘zbekiston | 15:58 / 03.11.2022
20019
2 daqiqa o‘qiladi

2023/2024 o‘quv yilidan chet tili o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat talabi kiritiladi

Foto: Getty Images

Yangi ishga kirayotgan chet tili o‘qituvchilariga B2 darajadagi sertifikat talabi 2023-2024 o‘quv yilidan kiritiladi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 19 maydagi qaroriga asosan, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab davlat ta’lim muassasalarining xorijiy tillar o‘qituvchisi lavozimiga ishga qabul qilinayotgan nomzodlar kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishi lozim.

Mazkur qarorning amaliyotga joriy etilishi natijasida ayrim hududlarda chet tili fani o‘qituvchilarining maktablarga ishga qabul qilinishida muammolar yuzaga kelishi va o‘qituvchilar yetishmovchiligi kuzatilmoqda.

 Qayd etilishicha, ko‘plab murojaatlarni inobatga olib, shuningdek, maktablarda xorijiy tillarni o‘qitish jarayoni davomiyligini ta’minlash maqsadida hukumat tomonidan B2 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lmagan cheti tili fani o‘qituvchilarining umumta’lim maktablariga ishga qabul qilinmasligi xususidagi talab 2023-2024 o‘quv yilidan kuchga kirishi yuzasidan topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, S1 darajadagi xalqaro sertifikatga ega o‘qituvchilar ayni vaqtda oylik ish haqlarini 50 foizga oshirish imkoniyatiga ega.

Mavzuga oid