O‘zbekiston | 10:08 / 05.10.2021
4950
3 daqiqa o‘qiladi

Xirurgiya markazida yurak va o‘pka transplantatsiyasi joriy etiladi

Foto: iStock

Prezident “Xirurgiya xizmatini transformatsiya qilish, hududlarda jarrohlik amaliyotlari sifatini oshirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari bilan birgalikda 2022-2023 yillar davomida kam invaziv va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari ko‘lami oshirilishini, shu jumladan, tuman (shahar)larda amalga oshiriladigan amaliyotlar turi 60 tadan 79 taga, hududlarda esa 130 tadan 168 taga oshirilishini, Xirurgiya markazida yurak va o‘pka transplantatsiyasi joriy etilishini ta'minlaydi.

Xirurgiya markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 2022 yil yakuniga qadar barcha hududlarda buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi ta'minlanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligining Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamg‘armasi va mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarining xorijiy tillarni yaxshi biladigan xodimlarini 2021-2022 yillarda xirurgiya sohasi uchun dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha nufuzli xorijiy tibbiyot muassasalari va markazlariga malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuborish, shuningdek, Xirurgiya markazi faoliyatiga yetakchi xorijiy mutaxassislarni jalb etish choralari ko‘riladi.

Belgilab qo‘yilsinki:

Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qo‘llab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish bo‘yicha ishchi guruhi mazkur bandga muvofiq malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladigan xodimlarning shaffof tanlov asosida tanlab olinishini ta'minlaydi;

malaka oshirish va stajirovka o‘tash uchun yuboriladigan xodimlarga Xirurgiya markazi bilan tuziladigan shartnoma shartlariga muvofiq Xirurgiya markazi va hududiy davlat tibbiyot muassasalarida ishlab berish majburiyati yuklatiladi.

Mavzuga oid