Toshkent avtobuslariga qoidabuzarliklarni qayd etuvchi kameralar o‘rnatilmoqda
Shaharning asosiy ko‘chalarida nihoyat avtobuslar uchun alohida harakatlanish yo‘laklari ajratib berilyapti. Bu yo‘laklarga va avtobus bekatlariga mashinasini qo‘yib ketgan haydovchilar avtobuslarga o‘rnatiladigan kameralar orqali jarimaga tortiladi – avtomatik, inson omilisiz.
Toshkentdagi yo‘nalishli avtobuslarga qoidabuzarlikni avtomatik qayd etuvchi videoregistratorlar o‘rnatiladi. Shu kunlarda bu masalada tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borilyapti. Bu haqda YHXX boshqarma boshlig‘i Fazliddin Toshkenboyev ma’lum qildi.
“Keyingi 3 kun davomida Toshkent shahridagi barcha markaziy ko‘chalar aylanib chiqildi. Yo‘l qoplamasi, yo‘l harakatining qanday tashkil etilgani va avtobus bekatlarida avtobuslarning kirib-chiqishiga xalaqit berayotgan barcha omillar o‘rganib chiqildi.
Avtomobillarning tartibsiz qoldirib ketilishi holatlari juda ham ko‘p. Ayniqsa savdo majmualari, do‘konlarga kiraman degan haydovchilar hech qanday tartib-qoidasiz istalgan joyda avtomobilini tashlab... Avtobus to‘xtab qolishi, buning natijasida uning marshrut vaqti buzilishini xayoliga ham keltirmasdan qoldirib ketmoqda.
Shunday holatlarning oldini olish maqsadida inson omilini cheklagan holda har bir avtobusga videoregistrator o‘rnatish bo‘yicha hozirgi kunda tadbirkorlar bilan muzokaralar olib borilmoqda. Tez kunlarda har bir avtobusni videoregistrator bilan jihozlab, qoidabuzarlarga nisbatan jazo choralari qo‘llanishini yo‘lga qo‘yamiz”, – dedi Toshkenboyev.
Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning aytishicha, kameralar avvaliga 20 ta avtobusga o‘rnatiladi. Shu orqali avtobuslar uchun ajratilayotgan alohida harakatlanish bo‘laklariga boshqa haydovchilar kirmasligiga erishish maqsad qilingan.
“IIV hamma bekatlarni inventarizatsiya qilyapti. Haydovchilar avtomobilini to‘xtatmasligi uchun platformalar oldiga zigzag shaklida yotiq chiziqlar chiziladi. Qoidabuzarlarni avtobuslarning o‘zlari qayd etadi. Birinchi bosqichda tajriba tariqasida 20 ta avtobusga kamera o‘rnatamiz. IIV kameralar uchun texnik topshiriqni ishlab chiqishga yordam berdi. Biz avtobuslarga kameralarni zavodning o‘zidayoq o‘rnatishlari, mart oyida mingta avtobusni kameralari bor holda olishni xohlayapmiz”, – deya Anvar Jo‘rayevning so‘zlarini keltirmoqda Gazeta.uz.
Jo‘rayev nazarda tutgan mingta yangi avtobus – prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i. Yangi avtobuslar Navro‘z bayramigacha olib kelinishi kerak.
Avvalroq ma’lum qilinganidek, Toshkentning markaziy ko‘chalarida 2 oy ichida 475 km avtobus yo‘laklari tashkil etiladi. Yo‘llardagi harakatlanish bo‘laklaridan avtobusdan tashqari faqat tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin. Boshqalarning bu yerdan harakatlanishi taqiqlanadi.
Anvar Jo‘rayevning aytishicha, Alisher Navoiy ko‘chasida o‘tkazilgan tajriba avtobuslar uchun alohida bo‘laklar fizik to‘siqlarsiz ishlamasligini ko‘rsatgan. Shu sababli jamoat transporti uchun mo‘ljallangan harakatlanish bo‘lagini vaqtincha boshqalaridan konuslar va lentalar bilan ajratish reja qilinmoqda.
Mavzuga oid
21:58 / 04.11.2024
Sariq va qizil ranglarda tovlanayotgan Toshkent - fotojamlanma
17:42 / 04.11.2024
Xavfsizlik chegarasidan 80 barobar yuqori: Lahor dunyoning havosi eng iflos shaharlaridan biri
08:10 / 04.11.2024
Toshkentda “Yashil shahar” kuni o‘tkaziladi
21:44 / 01.11.2024