O‘zbekiston | 16:00 / 02.02.2021
8493
4 daqiqa o‘qiladi

Cotton Campaign: O‘zbekiston global miqyosda raqobat qila oladi

O‘zbekiston paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berish maqsadida tashkil etilgan Cotton Campaign hamasoschisi Bennett Freeman ishonch bildirishicha, mamlakat hukumati paxta yetishtirish sohasida majburiy mehnatni yo‘qotish bo‘yicha mamlakat hukumatining qat'iyati mustahkam va o‘zgarmas bo‘lib qoladi. Friman Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida tashkil etilgan «Munosib mehnat orqali barqaror rivojlanish sari» davra suhbati chog‘ida shunday bayonot berdi, deb xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.

«Biz XMT (Xalqaro mehnat tashkiloti)ning Uchinchi tomon monitoringi choralari ahamiyatini hamda fuqarolik jamiyati hisobdorligi va uyg‘un nazoratining muhim o‘rnini anglaymiz. Butun dunyoni va ushbu mamlakatni qamrab olgan pandemiyaning murakkab sharoitida monitoring olib borganlarni qutlaymiz», - dedi Bennett Freeman onlayn tartibda o‘tkazilgan davra suhbatida.

Uning qayd etishicha, ilk marotaba O‘zbekistonning ayrim tumanlaridagi paxta dalalarida majburiy mehnat kuzatilmagan. Bu esa, haqiqatda ijobiy hodisadir.

«Biroq, biz iqtisodiyotni tiklanganidan so‘ng, majburiy mehnatni qisqartirish uchun zarur bo‘lgan ishga yollashning mustaqil tizimida katta olg‘a siljishni kuzatmadik. Shu bois, biz mazkur holatga katta e'tibor qaratishga chaqiramiz.

Shuningdek, tumanlar o‘rtasida farqni kuzatdik. Ayrimlarida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmadi, chunki ularda ko‘ngilli terimchilar soni yuqori edi, mas'ullar mas'uliyatni his qilishdi. Shu bilan bir vaqtda, boshqa bir tumanlarda majburiy mehnat bilan bog‘liq holatlar kuzatildi. Bu kabi holatlar joylardagi mavjud muammolarni namoyon qilish orqali majburiy mehnatga batamom barham berish mumkinligiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashi kerak», - dedi Friman.

Cotton Campaign hammuassisiga ko‘ra, fuqarolik jamiyati imkoniyatlarini kengaytirish ham muhim vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda, chunki fuqarolik jamiyati imkoniyatlari cheklangan holda, hatto ayrim hollarda qat'iy nazoratda. Ishchilar va fermerlar klasterlar tomonidan suiiste'molliklar qarshisida jamoaviy muzokaralar va aslida mehnat huquqlarini tuzatishga imkon beruvchi shikoyatlarga e'tibor qaratish mexanizmlaridan to‘la foydalana olmasliklari bois ojizdek ko‘rinadi.

«Fikrimizcha, islohotlarni tezlashtirish va buni mehnat hamda inson huquqlarining to‘xtovsiz monitoringini amalga oshira oladigan NNTlarni sodda va tezroq ro‘yxatdan o‘tkazish vositasida fuqarolik jamiyatlarining kengroq ishtiroki orqali ta'minlash mumkin. Bundan tashqari, biz ishchilarning huquqlari, jumladan jamoaviy muzokaralar o‘tkazish huquqi va birlashmalarga a'zo bo‘lish, xususan, mustaqil kasaba uyushmalariga a'zo bo‘lish huquqlarini himoya qilish kuchayganini olqishlaymiz», - dedi Benet Friman.

Uning fikricha, bunday qulay muhit qonunan va siyosatga muvofiq majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaydigan, ammo O‘zbekistonga kelish uchun qiziqish bildiradigan jahon kiyim-kechak brendlarini jalb qilish uchun ham zarur. Mazkur brendlar O‘zbekistonda yetkazib beruvchilarni qidirish va ishlash bilan bog‘liq xavotirlar pasayib borayotganiga, islohotlar ortga qaytmasligiga ishonch hosil qilishga muhtojdirlar. Global brendlar global imkoniyatlarga ega ekan, mehnat huquqi va inson huquqlariga rioya qilinishi borasida global kutilmalar bilan to‘qnashadi.

Cotton Campaign fikricha, 2017 yil oxiridan beri o‘tgan atigi 3 yil ichida tarixiy natijalarga qo‘lga kiritilgan va muvaffaqiyatlar nafaqat ko‘zga tashlanmoqda, balki yuksak marralarga erishishga yaqin qolmoqda.

O‘zbekiston jahon standartlari va ilg‘or amaliyotga sodiq qolar ekan, global miqyosda raqobat qila oladi va o‘z xalqi turmushini farovonlashtira oladi.

Mavzuga oid