O‘zbekiston | 10:55 / 17.06.2021
12572
2 daqiqa o‘qiladi

1 iyuldan mansabdorlarning avtomobil sotib olish va mehmon kutish xarajatlari ochiq ma'lumotlar portaliga joylashtiriladi

«Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta'minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolandi.

Unga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Xususan, agentlik tuzilmasida Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta'minlash boshqarmasi tashkil etiladi.

Agentlik davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida ko‘rsatilgan talablarni muntazam ravishda buzayotgan aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.

Shuningdek, 2021 yil 1 iyuldan boshlab rasmiy veb-sayt va ochiq ma'lumotlar portalida quyidagi ma'lumotlar joylashtiriladi:

  • mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari (xizmat safarining yoki tashrifning maqsadi, sutkalik pul, transport va yashash bilan bog‘liq xarajatlar, bundan davlat sirlari va xizmatda foydalanish uchun mo‘ljallangan ma'lumotlar mustasno);
  • soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar olgan sub'yektlarning moliyaviy ko‘rsatkichlari va yakuniy benefitsiarlari;
  • davlat organlari va tashkilotlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi, shu jumladan, obektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash ishlari, avtomototransport vositalarini sotib olish xarajatlari.
Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров

Mavzuga oid