O‘zbekiston | 21:36 / 29.05.2023
22319
3 daqiqa o‘qiladi

500 mln qarzi bor Mirzo Ulug‘bek hokimligi 306 mln so‘mni xodimlarga ustama sifatida tarqatmoqchi

Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi tumanning 2022 yilgi budjetidan ortib qolgan 306 mln so‘mni tuman deputatlari va boshqa xodimlarga ustama sifatida berishga qaror qildi. Ayni paytda, Kun.uz'ning aniqlashicha, tuman hokimligining sud qarorlari asosidagi 500 mln so‘mdan ortiq qarzi bor.

Shavkatbek Ergashev, tuman hokimi

Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi Shavkatbek Ergashev juda xodimparvar rahbar chiqib qoldi. Bejizga bunday demayapmiz. Tuman kengashida 29 may kuni qabul qilingan va Shavkat Ergashev tomonidan imzolangan hujjatda 2023 yilga avvalgi yildan qoldiq bo‘lib o‘tgan 306 mln 178 ming so‘m miqdoridagi mablag‘ni kengash kotibiyati, tuman hokimining devoni va boshqa xodimlarga ustama qilib berish ko‘zda tutilgan.

Hokimlik axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, bu qaror loyihasi regulation.gov.uz portali orqali 10 kun davomida, ya’ni 16 maydan 26 maygacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Lekin mahalliy budjetning 2023 yil I choragi yakuni bo‘yicha daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi nimaga yo‘naltirilishi bo‘yicha hech qanday taklif kelib tushmagan.

Shu sababli 306 mln 178 ming so‘m, qaror loyihasida keltirilganidek, xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tuman kengashi kotibiyati, tuman hokimi devoni, shuningdek, davlat boshqaruvi hududiy organlari xodimlarining faoliyatini baholash natijasiga ko‘ra 2023 yil aprel oyi uchun ustama sifatida ajratilmoqda.

Bu qaror loyihasi muhokamaga qo‘yilganidan tuman aholisi qanchalik xabardor bo‘lgani noma’lum. Tuman hokimligining sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida odamlarni jamoatchilik muhokamasiga taklif qilgan hech qanday xabar e’lon qilinmagan.

Basharti muhokama davomida tumanda yashovchi aholi vakillari bu pul hududdagi muammoli masalalarni hal qilishga, masalan, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ko‘p qavatli uylar orasiga bolalar maydonchasi qurib berish, maktab ta’miriga yo‘naltirishiga o‘xshash takliflar bilan chiqishganda ham, bu takliflar inobatga olinarmidi yoki yo‘q, bunisi ham qorong‘i.

Xalq deputatlari Mirzo Ulug‘bek tumani kengashining 2023 yil 29 mayda qabul qilingan qarori

Xalq nomidan bu qarorni qabul qilgan deputatlarning hech biri: “Xo‘p, tuman aholisidan taklif kelib tushmagan bo‘lsa, muhokama muddatini uzaytiraylik, jamoatchilikka bu haqda xabar beraylik, shunda ham taklif kelib tushmasa keyin hokimlik bergan taklifni qabul qilaveramiz”, deb aytishmagan.

Bu voqeada kishini taajjubga soladigan holat faqat shugina emas. Kun.uz manbasining ma’lum qilishicha, ayni paytda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligining sud qarorlari asosida 500 mln so‘mdan ortiq kompensatsiya bilan bog‘liq qarzdorligi mavjud.

Tabiiyki, tuman hokimining bundan xabari bo‘lmasligi mumkin emas. Shunday holatda 306 mln so‘m nima uchun qarzdorlikni qoplashga yo‘naltirilmayotgani qiziq. Hokimlik axborot xizmati bu haqdagi savolimizni javobsiz qoldirdi.

Jamshid Niyozov

Mavzuga oid