Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Bu – milliy qadriyatning bir qismi” – vazir Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq aytib, qistirilgan pullarni olganiga izoh berildi
Internetda Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq kuylab, unga qistirilgan pullarni olayotgani aks etgan video tarqaldi. Madaniyat vazirligining Kun.uz'ga bildirishicha, to‘ylardagi qistir-qistir “asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat” va “orzu-havas” hisoblanadi. Vazirlikka ko‘ra, agar xonanda uzatilgan pullarni olishdan bosh tortganida, bu kamsitish yoki mensimaslik sifatida talqin qilinishi mumkin edi.
Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq kuylayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Unda vazir o‘ziga uzatilgan pullarni olayotgani ko‘ringan. Madaniyat vazirligi matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov holat yuzasidan Kun.uz'ga izoh berdi.
Unga ko‘ra, tarqalgan videodagi holat 2025 yil 25 oktyabr kuni, vazirlik xodimining nikoh to‘yida bo‘lgan.
“Videoda vazir Ozodbek Nazarbekovga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan. Shu bilan birga, vazir ushbu holatni oldindan rejalashtirmagani, yuzaga kelgan vaziyatda fuqarolarning xohish-irodasini rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan holda, holatga ijobiy munosabat bildirilganini kuzatish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, to‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish yoki uzatmaslik amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan bo‘lib, bu holat xalqimiz orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi hisoblanadi. O‘zbekona an’analarda bunday jarayonlar “orzu-havas” sifatida e’tirof etilib kelinadi”, deyiladi vazirlik izohida.
Qayd etilishicha, Ozodbek Nazarbekov – nafaqat madaniyat vaziri, balki taniqli o‘zbek xonandasi, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston xalq artisti, shuningdek O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi hisoblanadi. Uning kasbiy faoliyati bevosita milliy qo‘shiqchilik san’ati bilan bog‘liqligi sababli, to‘y marosimida kuzatilgan holat vazirning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq vaziyat sifatida baholanishi lozim, deydi vazirlik rasmiysi.
“Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, har bir inson egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z tanlagan kasbidan ayro bo‘la olmaydi. Mazkur holat ham aynan shu nuqtayi nazardan kelib chiqqan”, deyiladi izohda.
Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi holat yuzasidan Madaniyat vazirligiga taqdimnoma kiritgan.
2024 yilda Ozodbek Nazarbekov Kingsman kiyim do‘konini reklama qilib chiqqandi. O‘shanda holat muhokamalarga sabab bo‘lgach, vazirning matbuot xizmati u bundan hech qanday moddiy manfaatdorlikni maqsad qilmaganini bildirgandi. Madaniyat vazirligi rahbari, shuningdek, 2025 yilda xususiy universitet reklamasida ko‘rinish berdi.
Mavzuga oid
10:30 / 09.12.2025
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi o‘rnida Boshqaruv samaradorligi agentligi tuzildi
16:58 / 04.12.2025
G‘azo vayronalari orasida 54 juftlik uchun ommaviy to‘y o‘tkazildi – fotolar
23:23 / 29.11.2025
Vazirliklar xodimlarining soliq qarzi haqida ma’lumot berib boriladi
16:33 / 25.11.2025