Jamiyat | 23:02 / 24.09.2025
21272
15 daqiqa o‘qiladi

“Hatto bankomatdan ham o‘tadi” – Turkiyadan kelayotgan va aslidan farq qilmaydigan qalbaki dollar

O‘zbekistonga chet davlatlar, ayniqsa, Turkiyadan qalbaki dollar kirib kelish holatlari uchramoqda. Parallel ravishda o‘zbek so‘mini qalbakilashtirish ham ko‘payyapti. Ushbu soxta pullar “birga bir” ishlangani, “haqiqiysidan ajratish qiyin”ligi, bankomat ham qabul qilishi aytiladi. Xo‘sh, qalbaki pullardan qanday saqlanish mumkin?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘zbekistonda biror savdo do‘koniga kirib, xarid uchun 200 ming so‘m qiymatidagi pulni uzatsangiz aksariyat hollarda sotuvchi yarim hazil, yarim chin shaklda “Soxta emasmi ishqilib?” deb so‘raydi. Bu ishonchsizlik va shubha o‘z-o‘zidan shakllanmadi: sababi O‘zbekistonda pulni qalbakilashtirish bilan bog‘liq jinoyatlar soni oshib boryapti. Hatto qalbaki dollar va so‘m sotuvchilar ijtimoiy tarmoqlardagi yopiq kanallar orqali bemalol faoliyat yuritishga kirishmoqda.

Turkiya va qalbaki dollar

Keyingi vaqtlarda qalbaki dollar haqida gap ketganda Turkiya davlati tilga olinadigan bo‘lib qoldi. Ayniqsa, 2024 yilning noyabr oyi oxirida ushbu davlatda qalbaki dollarlar tarqalgani yuzasidan tergov boshlangani ortidan bu boradagi gap-so‘zlar yana ko‘paydi.

Turkiyada qalbaki dollarlar bilan bog‘liq tergovga mamlakatga 600 mln dollarlik qalbaki banknotlar kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani asos bo‘lgan. O‘shanda mazkur davlatdagi ayirboshlash shoxobchalari va banklar eski namunadagi 50 va 100 dollarlik kupyuralar bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatgandi.

Mutaxassislarga ko‘ra, Turkiyaga qalbaki dollarlarning asosiy qismi Suriya, Eron va Bolqon hududlaridan olib kelingan. Qalbaki valuta bilan bog‘liq birinchi operatsiya Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahrida amalga oshirilgan. Qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir, Istanbul, Anqara kabi turistik shaharlarda ham aniqlangan.

O‘zbekistondagi qalbaki dollarning ham aksariyati Turkiyadan kirib kelmoqda. Buni sodir etilgan shu kabi jinoyatlar tafsilotidan bilish mumkin. Misol sifatida bir nechta holatni keltirib o‘tamiz.

Turkiyadan kelgan “pochta”

Fuqaro Ravshan Mamatqulov o‘zining tanishi Jamshid Bozorovga 50 ming dollar miqdorida qalbaki puli borligini, unga sotmoqchi ekanini aytgan va mijoz topishni so‘ragan. Jamshid Bozorov o‘z navbatida tanishi Madiyor Baxronovga 50 ming dollar miqdoridagi qalbaki pulni 25 ming dollarga sotishini bildirgan.

Topilgan mijoz bu harakatlar noqonuniy ekanini bilib, holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi departamentga ariza bilan murojaat qilgan. 2025 yil 23 yanvar kuni tezkor tadbir o‘tkazilib, Ravshan Mamatqulov, Jamshid Bozorov va Madiyor Baxronov “Bunyodkor” stadioni avtoturargohida 50 ming qalbaki dollarni 25 ming dollarga sotayotganda qo‘lga olingan.

Ravshan Mamatqulov sudda aybiga iqror bo‘lib, qalbaki dollarlar Turkiyadan kelganini ma’lum qilgan.

2025 yil yanvar oyi boshlarida ijtimoiy tarmoq orqali Asad ismli Tojikiston fuqarosi bilan tanishib qoldim. U hozirgi kunda o‘zi Turkiyada yashashini, u yerda tekstil fabrikasi rahbari ekanini, ora-orada Turkiya davlatida ishlab chiqarilgan qalbaki dollar savdosi bilan shug‘ullanib turishini aytdi. U har bir qalbaki 10 ming dollarni 3 ming haqiqiy dollarga sotishini ma’lum qilib, agarda shu kabi qalbaki dollarni O‘zbekiston hududiga olib kirib bersa, sotib bera olishimni so‘radi.

Uning gaplariga ishonmasdan, qalbaki dollarni O‘zbekiston hududidagi yuborishini aytdim. 2025 yil taxminan 15-16 yanvar kunlari Asad xabar jo‘natib, O‘zbekistonga Turkiyadan 50 ming miqdorida qalbaki dollar yuborganini, tanishi men bilan ko‘rishib, pulni berib qo‘yishini aytdi. So‘ngra notanish bo‘lgan ayol Telegram orqali qo‘ng‘iroq qildi. U menga Asad ismli tanishim Turkiyadan pochta berib yuborganini, ko‘rishib ushbu pochtani berib qo‘yishi kerakligini ma’lum qildi. Ayol bilan ko‘rishib, qizil rangli paketga o‘ralgan pochtani olib qoldim”, degan Ravshan Mamatqulov.

Shundan keyin u uyiga borib, jo‘natmani ochib ko‘rgan. Keyin esa qalbaki dollarni sotib oladigan mijoz izlagan va qo‘lga tushgan.

Sud hukmi bilan qalbaki dollar “savdogarlari” Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi bilan aybli deb topilgan. Ravshan Mamatqulovga 10 yil 1 oy, Jamshid Bozorovga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 7 yil, Madiyor Baxronovga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bankomatdan o‘tkazib ko‘rsatdi”

Yana bir holatda fuqarolar Nozimbek Og‘aliqov, Anvar Shamsiyev hamda Temur Tojiboyev Turkiyaning Istanbul shahriga borib, u yerda Jamol Sobirli ismli shaxsdan 20 ming miqdoridagi qalbaki dollarni 10 500 dollarga sotib olishgan. So‘ngra ushbu qalbaki valutani O‘zbekistonga olib kelishgan.

Ular Namangan viloyati Davlatobod tumani hududida 17 950 dollar qalbaki valutani shartli xaridorga 12 600 dollarga sotayotganda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbirda qo‘lga olingan.

Temur Tojiboyevni tadbirkor sifatida bilaman. Uni Nozimbek Og‘aliqov orqali taniganman. Nozimbek bilan o‘zaro kelishib, biznes qilish maqsadida 26 500 dollar pul yig‘dik va Temur Tojiboyevga berdik. U Turkiyadan kiyim-kechak keltirib bersa, sotishni ko‘zlagandim.

Savdo ishlari cho‘zilgani sababli Temur Tojiboyev bilan telefon orqali gaplashdik va pulimizni so‘radik. Temur Turkiyadan kelganidan so‘ng mahsulot olib kelmaganini, pulni qaytarib berishini aytib, 18 ming dollar berdi. Ushbu dollarning ozroq qismini Toshkent shahridagi bankomatda almashtirib oldik. Dollarning qalbaki ekanini bilmagandim”, degan Anvar Shamsiyev.

Nozimbek Og‘aliqov ham sudda Temur Tojiboyev pulni qaytarayotganda uning haqiqiy ekanini isbotlab berish uchun bankomatdan o‘tkazib ko‘rsatganini, shu sababli ishonganini aytgan.

To‘yda yerdan terib olgandim”

Boshqa bir holatda esa fuqaro Dilyorbek Qodirov o‘zi bilmagan holda Turkiyadan qalbaki dollar olib kelgan. So‘ngra ushbu pulga gazon sotib olgan.

U suddagi ko‘rsatmasida qalbaki dollarni Turkiyada to‘yda yerdan terib olganini aytgan.

Turkiyaga borganimda to‘y marosimida yerdan 1 700 dollar terib oldim. O‘zbekistonga qaytganimda aeroportda deklaratsiya to‘ldirmasdan olib kirdim. Pullarning qalbaki ekanini bilmagandim”, degan u.

Sud hukmi bilan unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Yopiq kanallardagi “pul bozori”

O‘zbekistonda qalbaki dollar va so‘m sotuvchilar “narkosavdo” sistemasiga o‘tmoqda. Ya’ni ijtimoiy tarmoqlardagi yopiq kanallar orqali qalbaki dollar yoki so‘mni biror lokatsiyaga qo‘yib ketish orqali sotishmoqda: sotuvchi xaridorni, xaridor esa sotuvchini ko‘rmaydi, o‘rtada esa oldi-berdi bo‘laveradi.

Telegram’da qalbaki pul savdosi bilan shug‘ullanuvchi o‘nlab yopiq kanallar faoliyat ko‘rsatib turibdi. Ular qalbaki dollarni asosan Turkiya davlatidan olib kirishmoqda.

Shulardan biri Telegram’dagi “Turkeya 96%” kanali. Yopiq tarzda faoliyat yuritadigan ushbu kanalda qalbaki dollar va so‘m sotilishi haqida e’lonlar joylashtirib borilmoqda.

E’lonlarda qalbaki 10 mln so‘m haqiqiy 2 mln so‘mga, qalbaki 20 mln so‘m 3,4 mln so‘mga, qalbaki 10 ming dollar esa 20 mln 550 ming so‘mga sotilishi aytiladi. Shuningdek, qalbaki pul qo‘ldan qo‘lga berilmasligi, yashirilgan manzil lokatsiya aytilishi va xaridorning o‘zi borib olishi ma’lum qilingan.

E’lonlarda qalbaki pullar “birga bir yasalgani”, “hech kim ajrata olmasligi” va “bankomatdan ham o‘tishi” bildirilgan.

“Soxta o'zbek pulari” nomli yopiq guruhda ham qalbaki pullar savdosi amalga oshirilmoqda. E’lonlarda qalbaki pullar barcha viloyatga yetkazib berilishi, to‘lovning yarmi oldindan to‘lanishi aytiladi.

Markaziy bank munosabati qanday?

Albatta, muomalada qalbaki pullarning ko‘payishi jiddiy oqibatlarga olib boradi. Kun.uz bu borada Markaziy bank munosabati bilan ham qiziqdi.

Markaziy bank mutaxassislarining fikricha, qalbaki valutalar muomalada bo‘lishining oldini olish va ularni nazorat qilish mamlakat iqtisodiy barqarorligi hamda bank-moliya tizimiga bo‘lgan ishonchni ta’minlashda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shu sababli bu boradagi vaziyat doimiy ravishda kuzatib boriladi.

“O‘tgan yilning yakunida xorijiy ommaviy axborot vositalari orqali bir qator mamlakatlarda qalbaki banknotalar muomalasi jadal sur’atlarda o‘sib borayotganligi keng yoritildi. Xususan, Turkiyada eski namunadagi 50 va 100 nominaldagi AQSh dollar banknotalarni qalbakilashtirish holatlari kuzatildi. Shuningdek valuta ayirboshlash shoxobchalarida mazkur turdagi banknotalar qabul qilinmasligi ham qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra, mavjud bankomatlar va pul sanash apparatlarining dasturiy ta’minotlari yangilanmaganligi sababli ular orqali bunday turdagi qalbaki banknotalarni aniqlash imkoniyati cheklangan edi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Markaziy bank tomonidan bank kassalarini banknotani haqiqiyligini tekshiruvchi zamonaviy uskunalar (detektorlar) bilan jihozlash, mavjud uskunalarning dasturiy ta’minotlarini muntazam ravishda yangilab borish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi hamda qalbaki banknotalarni aniqlashga doir dastlabki ehtimoliy belgilar barcha tijorat banklariga yetkazildi”, deyiladi Markaziy bank izohida.

Shuningdek, Markaziy bank va AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hamkorligida barcha tijorat banklari mutaxassislari ishtirokida dollar banknotalarining xavfsizlik xususiyatlari va qalbaki pullarni aniqlash usullariga bag‘ishlangan maxsus trening o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, bugungi kunda barcha banklar qalbaki kupyuralarni aniqlash uchun zarur zamonaviy moddiy-texnik ta’minot bilan jihozlangan bo‘lib, ularning dasturiy ta’minoti muntazam yangilanib borilmoqda. Shu sababli Markaziy bank bank tizimida qalbaki kupyuralar muomalada bo‘lishi ehtimolini minimal deb hisoblagan.

Markaziy bank o‘z munosabatida aholi va xorijiy sayyohlarning manfaatlarini himoya qilish hamda chet el valutasidagi banknotaning haqiqiyligiga ishonch hosil qilish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri tijorat banklariga murojaat qilishni tavsiya etgan.

Qanday aniqlash mumkin?

Ko‘pincha 100 dollarlik pul qalbakilashtiriladi. Xo‘sh, qalbaki dollarni haqiqiysidan qanday ajratsa bo‘ladi? Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi bosh eksperti mayor Oybek Yusupov Kun.uz’ga bergan intervyusida bir nechta oddiy usullarni keltirib o‘tdi.

Qalbaki dollarning qalbaki ekanini aniqlash ancha qiyin bo‘lmoqda. Sababi, ular 80 foiz haqiqiy hisoblanib, qolgan 20 foiz qismi qo‘lbola usulda tayyorlangan holda muomalaga kiritilyapti.

Hamma pulda himoya elementi sifatida suv belgisi bo‘ladi. Lekin hozirgi kunda bu suv belgisi ham qalbakilashtirilyapti. Shuningdek, hamma haqiqiy ekanini tekshirib ko‘rish uchun dollardagi Benjamin Franklinning suratidagi belgilarni silab ko‘radi. Bu qo‘lga seziladi. Qalbakilarida ham huddi shu kabi belgilar mavjud. Shu sababli, bu usullarda tekshirishning zarurati ham qolmadi.

Dollarni qalbakilashtirish qiyin bo‘layotgan nuqtasi bu – seriya raqami hisoblanadi. Haqiqiy kupyuraning seriya raqamlari chetida to‘qroq rangda bo‘rtib chiqqan qatlam bor. Buni lupa yordamida bemalol ko‘rsa bo‘ladi.

Qalbakisida ushbu bo‘rtib chiqqan qatlam bo‘lmaydi.

Bu haqiqiy dollarni oddiy lupa yordamida aniqlash usuli.

Yana bir sodda usuli: kupyuraning ikki chetidan ushlagan holda ketma-ket tortib ko‘rish kerak. Agar haqiqiy bo‘lsa jarangdor ovoz chiqadi.

Shuningdek, qalbaki kupyura bir-biriga yopishtirilgan ikki qog‘ozdan iborat bo‘ladi. Uning chetidan tirnoq bilan ikki qismga ajratish mumkin. Haqiqiysi esa ikkiga bo‘linmaydi.

Dollar 20 dan ortiq himoya elementlariga ega bo‘ladi. Banklardagi uskunalar nari borsa 7 tagacha himoya elementlarini tekshiradi. Hammasini tekshirish imkoniyati yo‘q”, deydi Oybek Yusupov.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, Turkiyadan kirib kelayotganidan tashqari O‘zbekistonning o‘zida ham dollarni qalbakilashtirish holatlari aniqlangan. Masalan, Namangan viloyatining Chust tumanida pichoq yasovchi usta haqiqiysidan farq qilmaydigan darajada temirdan dollarning qolipini yasagan. So‘ngar Samarqanddan maxsus qog‘oz keltirib, qalbaki dollar yasagan va muomalaga kiritgan.

Oybek Yusupovning ta’kidlashicha, dollar bilan bir qatorda o‘zbek so‘mini qalbakilashtirish holatlari ham uchrab turibdi. Bunda odatda eski namunadagi 100 ming so‘mlik kupyura qalbakilashtiriladi. Chunki, unda rang kamroq ishlatilgan.

Qalbaki o‘zbek so‘mini aniqlash uchun kupyuraning bir uchini suvga tekkizib ko‘rish kifoya. Agar qalbaki bo‘lsa nam tegishi bilan ranglar bo‘yala boshlaydi. Haqiqiysida esa bunday bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish jinoyatini sodir qilganlik uchun 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Kun.uz yurtdoshlarimizni qalbaki pul savdolariga aralashmaslikka, shubhali holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga chaqirib qoladi.

Ruslan Saburov,
Kun.uz

Mavzuga oid