O‘zbekiston | 19:02 / 05.02.2026
3855
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va AQSh hukumatlari muhim foydali qazilmalar to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladi

Qo‘shma Shtatlarda dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘ta muhim minerallar bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishida AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov memorandumga imzo chekdi.

Foto: TIV

O‘zbekiston va AQSh hukumatlari muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ta’minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladi. Bu haqda tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.

«AQSh Davlat kotibining birinchi o‘rinbosari Kristofer Landau bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasida muhim foydali qazilmalar va nodir yer elementlarini qazib olish hamda qayta ishlash sohasida ta’minot barqarorligi to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladik. Biz o‘ta muhim minerallarni nafaqat iqtisodiy imkoniyat, balki mas’uliyatli hamkorlik va uzoq muddatli barqaror rivojlanish uchun muhim yo‘nalish sifatida ko‘ramiz», deyiladi xabarda.

Qayd qilinishicha, Qo‘shma Shtatlarda dolzarb masalalarga bag‘ishlangan o‘ta muhim minerallar bo‘yicha Vazirlar yig‘ilishi o‘tkazilgan.

«O‘zbekiston ushbu sohada salmoqli salohiyatga ega bo‘lib, o‘z sanoatini xalqaro eng yuqori standartlar — shaffoflik, ekologik mas’uliyat va qo‘shimcha qiymat yaratishga yo‘naltirilgan ishlab chiqarish tamoyillari asosida rivojlantirishga qat’iy intiladi. Xalqaro sheriklar bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalar va investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, ta’minot zanjirlarining barqarorligini mustahkamlash va toza energetikaga o‘tishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan global sa’y-harakatlarga hissa qo‘shishga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlaymiz», deyiladi xabarda.

Muhokamalar oliy darajada erishilgan barcha kelishuvlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishini ta’minlash, yangi istiqbolli loyihalarni kengaytirishga qaratilgan. Shuningdek, 2026 yilga mo‘ljallangan ikki tomonlama kun tartibi yuzasidan fikr almashilgan hamda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi kengaytirilgan strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishlar tasdiqlangan.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid