Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy Osiyo integratsiyasi uchun keyingi strategik qadam – umumiy investitsiya makoni
Dunyo siyosiy turbulentlik davriga kirdi – yangi o‘yin qoidalari joriy bo‘lmoqda, ertangi kunni prognoz qilish qiyinlashmoqda. Bunday vaziyatda Markaziy Osiyo integratsiyasi alohida ahamiyat kasb etadi – “bo‘linganni bo‘ri yeydi”. Bu yo‘lda qo‘yiladigan keyingi qadam – umumiy investitsiya makonini yaratish, deydi Kun.uz kolumnisti Alisher Umirdinov.
Foto: Shutterstock
Global iqtisodiyotda regionalizm tobora kuchaymoqda. Savdo urushlari, geoiqtisodiy fragmentatsiya, ta’minot zanjirlarining qayta konfiguratsiyasi sharoitida mintaqaviy bloklar investorlar uchun barqaror va prognoz qilinadigan maydon yaratishga intilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari ham ushbu jarayondan chetda qolmasligi kerak. Mintaqaviy integratsiyaning navbatdagi bosqichi sifatida mintaqa davlatlari uchun Umumiy investitsiya makonini barpo etish dolzarb strategik vazifaga aylanishi lozim.
Nega aynan investitsiya makoni?
Bugungi kunda Markaziy Osiyo aholisi qariyb 80 milliondan oshdi. Agar unga Ozarboyjon aholisi ham qo‘shilsa, bu raqam salkam 100 millionga teng keladi. Bu endi kichik va fragmentatsiyalashgan bozor emas. Albatta, u Yevropa Ittifoqi yoki ASEAN miqyosidagi bozor bilan tenglashmaydi, biroq mintaqa ichida “milliy chempionlar”ni yetishtirish, sanoat klasterlarini shakllantirish va kapital harakatlanishini tezlashtirish uchun yetarli hajmni ta’minlay oladi.
Bozorning kengligi tadbirkorlik harakatchanligini tezlashtiradi. Ichki bozorni to‘yintirgan biznes tabiiy ravishda qo‘shni mamlakatlarga chiqishni boshlaydi. Bu jarayon allaqachon kuzatilmoqda: ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi kompaniyalarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va hatto Afg‘oniston bozorlariga kirib bormoqda. Shu bilan birga, qo‘shni davlatlardan ham investitsiya oqimi shakllanmoqda. Masalan, Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi moliyaviy institutlarning faoliyati bunga misol bo‘la oladi.
Biroq bu jarayonlar hozircha tizimli emas. Ular alohida ikki tomonlama kelishuvlar, notekis soliq siyosati va turlicha huquqiy rejimlar doirasida amalga oshmoqda. Natijada investor uchun huquqiy aniqlik va prognoz qila olish darajasi pastligicha qolmoqda.
Umumiy investitsiya makoni qanday quriladi?
1. Yagona mintaqaviy investitsiya bitimini ishlab chiqish
Hozir mintaqada asosan eski avlod ikki tomonlama investitsiya bitimlari amal qilmoqda. Ular investitsiyalarni himoya qilishning zamonaviy standartlariga to‘liq javob bermaydi.

Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida yagona, besh yoki olti tomonlama mintaqaviy investitsiya bitimi qabul qilinishi lozim. Bu hujjat:
- investitsiyalarni himoya qilishning yagona standartlarini belgilashi,
- nizolarni hal etishning aniq va samarali mexanizmini ko‘zda tutishi,
- barqaror rivojlanish va ijtimoiy mas’uliyat elementlarini o‘z ichiga olishi kerak.
Bunday yondashuvni ASEAN, Afrika Ittifoqi va Yevropa Ittifoqi tajribasida ko‘rish mumkin. Masalan, 2009 yilda ASEAN davlatlari ASEAN Keng qamrovli investitsiya bitimi – ACIAni tuzishgan. Lotin Amerikasida esa 2017 yili MERCOSUR ichki investitsiyalarni yengillashtirish protokoli tuzilgan. Afrika qit’asida investitsiya rejimini bosqichma-bosqich yagona standartlarga yaqinlashtirishga qaratilgan AfCFTA Investitsiya bo‘yicha Protokoli ham 2023 yil fevralida qabul qilingan.
Dunyoda mana shunday yagona investitsiya makonini qurishga huquqiy yo‘llar bilan intilmayotgan mintaqa bu – Markaziy Osiyodir. Shunday ekan, tashabbuskorlikni O‘zbekiston hukumati qo‘lga olishi va mintaqaviy huquqiy arxitekturani shakllantirishda fikr yetakchiligini namoyish etishi maqsadga muvofiq, menimcha.
2. Soliq va imtiyozlar bo‘yicha zararli raqobatni cheklash
So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida haddan tashqari keng soliq imtiyozlari va subsidiyalar taklif qilib kelmoqda. Bu esa “race to the bottom” – zararli raqobatni yuzaga keltiradi. Natijada investor yutadi, biroq davlat budjeti va aholi manfaatlari zarar ko‘radi.
Umumiy investitsiya makoni doirasida:
- soliq imtiyozlarini bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish,
- ortiqcha subsidiyalarni qisqartirish,
- teng va shaffof o‘yin qoidalarini joriy etish zarur.
Bu mintaqani arzon imtiyozlar hududi emas, balki barqaror va institutsional jihatdan ishonchli investitsiya makoniga aylantiradi.
3. Nizolarni hal etishning mintaqaviy mexanizmi
Investitsiya muhitining yuragi – nizolarni adolatli va tezkor hal etish tizimi. Mintaqaviy investitsiya bitimi doirasida nizolarni ko‘rib chiqish uchun mintaqada mavjud arbitraj institutlaridan biri, masalan, Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), asosiy platforma sifatida tanlanishi mumkin.
Bu –
- mintaqada arbitraj amaliyotini rivojlantiradi,
- huquqiy ekspertiza va ishonchni oshiradi,
- kapitalni mintaqa ichida ushlab qolishga xizmat qiladi.
4. Mintaqaviy investitsiya ombudsmani
Investorlardan kelib tushayotgan tizimli muammolarni aniqlash va hukumatlarga tavsiyalar berish uchun mintaqaviy investitsiya ombudsmani yoki komissiyasi tashkil etilishi lozim. Ushbu organ:
- investorlardan tushgan shikoyatlarni tahlil qiladi,
- amaliyotni umumlashtiradi,
- “eng yaxshi tajriba” (best practice)ni muvofiqlashtiradi,
- qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha mintaqa davlatlariga tavsiyalar beradi.
Bu preventiv mexanizm bo‘lib, nizolarni arbitrajgacha yetib bormasdan hal qilish imkonini beradi. Komissiya a’zolari esa mintaqa davlatlari tavsiyasiga binoan sohaning eng kuchli mutaxassislari tomonidan tashkil etilishi kerak.
Kutilayotgan natija
Umumiy investitsiya makoni yaratilsa:
- mintaqaviy xalqaro huquq va milliy huquq o‘rtasida garmonizatsiya kuchayadi;
- kapital, texnologiya va inson resurslari erkinroq harakatlana boshlaydi;
- qo‘shni davlatlarga investitsiya kiritish va ulardan investitsiya jalb qilish osonlashadi;
- mintaqa global investitsiya xaritasida yagona iqtisodiy makon sifatida ko‘rina boshlaydi.
Markaziy Osiyoda yetarli tajriba, kapital va siyosiy iroda mavjud. Muhimi – bu imkoniyatni vaqtida anglab, uni aniq institutsional qadamlar orqali mustahkamlashdir.
Shu bois, Turkmanistonda bo‘lishi kutilayotgan navbatdagi Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvida O‘zbekiston tashabbusi bilan Umumiy Investitsiya Makoni g‘oyasini kiritish va unga oid aniq qadamlar tashlashga undash strategik jihatdan to‘g‘ri va uzoq muddatli manfaatlarga xizmat qiladigan qaror bo‘lar edi.
Alisher Umirdinov,
Nagoya universiteti professori
Mavzuga oid
21:20 / 03.04.2026
“O‘zbekiston bilan hukumatlararo komissiya ishini tiklaymiz” – Ukraina TIV o‘rinbosari
18:31 / 02.04.2026
Kogonda elektr va gibrid avtomobil ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirildi
19:32 / 01.04.2026
Shveytsariya Markaziy Osiyo uchun 200 mln dollarlik dasturni ishga tushirdi
18:00 / 31.03.2026