O‘zbekiston | 20:22 / 22.10.2020
5796
2 daqiqa o‘qiladi

Nosozlik tufayli to‘xtab qolgan elektr energiyasi importi tiklangani xabar qilindi

21 oktabr kuni Turkmaniston energetika tizimiga qarashli 500 kVli «Serdar-Mari GRES»da kuzatilgan nosozlik tufayli Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berilishi to‘xtab qolgan edi.

Foto: Shutterstock

Mazkur hodisa tufayli o‘zbekistonlik iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilgan, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan elektr stansiyalardagi mavjud rezerv quvvatlarni oshirish orqali tarmoqdan uzilgan iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan edi. 

Ma'lum bo‘lishicha, 22 sentabr kuni 11:09da Turkmaniston energetika tizimi mutaxassislari havo tarmog‘idagi nosozliklarni bartaraf etishgan. Natijada Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi eksporti tiklangan.

«O‘zbekiston MET» AJ O‘zbekiston iste'molchilarini elektr energiyasi bilan ta'minlash maqsadida «Issiqlik elektr stansiyalari» hamda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatlari tarkibidagi bug‘-gaz qurilmalari hamda gidroinshootlar tomonidan elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni rejaga muvofiq davom etayotganini bildirgan. Qayd etilishicha, bu jarayonga Turkmanistondan import amaliyoti ham qo‘shilgan va ayni paytda O‘zbekistondagi elektr ta'minoti tizimi barqaror faoliyat yuritmoqda.

Mavzuga oid