Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi opiy va geroin eng ko‘p tayyorlanadigan joy - giyohvand moddalar makoni bo‘lgan Oltin uchburchak
Janubiy-Sharqiy Osiyoda Oltin uchburchak deb nomlangan joy bor. Bu hudud Tailand, Myanma va Laos chegaralari o‘rtasida joylashgan. Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelgach, Oltin uchburchak dunyodagi giyohvand moddalar yetishtiriluvchi asosiy makonlardan biriga aylandi.
Joriy yil 21-22 aprel kunlari Samarqand shahrida BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi bilan hamkorlikda “Jamoat salomatligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusida global forum bo‘lib o‘tdi.
Uning ochilish marosimida prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi va forum ishtirokchilariga davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning murojaatini o‘qib eshittirdi.
“Forum ishtirokchilariga — 50 dan ortiq davlat vakillari, 500 dan ziyod xalqaro ekspert va mutaxassislar, shuningdek, BMT, Interpol, Yevropa Ittifoqi, MDH va ShHT kabi yetakchi xalqaro tashkilotlar delegatlariga O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaatini yetkazish men uchun katta sharaf bo‘ldi”, – deya yozdi prezident administratsiyasi rahbari o‘z sahifasida.

Bunday keng miqyosdagi forumning Samarqandda o‘tkazilayotgani bejizga emas. O‘zbekiston so‘nggi yillarda giyohvand moddalar tarqalishiga qarshi kurashda bir qator yutuqlarga erishdi.
Biroq bugun giyohvandlik balosi baribir dunyo bo‘ylab jiddiy muammoligicha qolmoqda. Masalan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda dunyoda taxminan 4 ming tonnaga yaqin kokain, 3 ming tonnaga yaqin opiy tayyorlangan.
Qoradori va boshqa giyohvand moddalar qayta ishlanib olinadigan geroin hamda turli sintetik giyohvand vositalarining qancha tayyorlanayotgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q.
Tashkilot hozirda dunyoda giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchi va ularga bog‘lanib qolgan insonlar soni 300 milliondan oshganini aytadi.
Biroq bu raqam rasmiy ravishda ro‘yxatga olingan nashavandlarga tegishli. Ro‘yxatga olinmagan nashavandlar soni esa aniqmas. Shu sababli ularning aniq soni BMT ma’lumotlarida keltirilganidan ancha ko‘pligi aytiladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda har yili giyohvand moddalar tufayli 600 mingdan oshiq odam vafot etadi.
Ularning bir qismi shpritslar orqali OITS yuqtirib, boshqalari dozani oshirib yuborish ortidan nobud bo‘ladi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, har yili giyohvand moddalar tufayli 1 milliondan ortiq odam vafot etadi.

Giyohvand moddalar yetishtiriluvchi asosiy hududlar
Giyohvand moddalar yetishtirish haqida gap ketganda odamlar darrov Afg‘oniston va Janubiy Amerikadagi Kolumbiya davlatini eslaydi.
Bu bejizga emas, Afg‘oniston yaqin yillargacha giyohvand moddalar tayyorlanuvchi asosiy davlat edi. Biroq hokimiyat tepasiga “Tolibon” kelgach, vaziyat biroz o‘zgardi. Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish sezilarli kamaydi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelganidan so‘ng Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish 95 foizgacha kamaygan.
Afg‘onistonda giyohvand moddalar yetishtirish kamaygan bo‘lsa, unda hozirda bu davlatdan tarqalayotgan “og‘u” qayerda yetishtirilyapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelishidan avval Afg‘onistonda yetishtirilgan ko‘p miqdordagi giyohvand moddalarning bir qismi zaxira sifatida saqlanib qolgan va ular “bozor”ga endi chiqarilmoqda.
Ya’ni “Tolibon” giyohvand ekinlar ekilishiga qarshi qattiq kurash olib bordi va natijaga erishdi. Biroq odamlarning qo‘lida bo‘lgan giyohvand moddalar savdosini to‘xtata olmayapti.
Endi Janubiy Amerikaga kelsak, ularda qoradori emas, asosan boshqa turdagi giyohvand modda – kokain tayyorlanadi. Bu giyohvand modda koka o‘simligi barglaridan olinadi.
Kokain asosan uch davlat – Kolumbiya, Peru va Boliviya hududida tayyorlanadi. Ekvador esa dunyoda tayyorlanadigan kokainni boshqa davlatlarga o‘tkazuvchi asosiy hab hisoblanadi.
Afg‘oniston va Janubiy Amerikadan tashqari, dunyoda yana bir hudud borki, u yerda so‘nggi yillarda dunyoda yetishtirilayotgan qoradorining yarmidan ko‘prog‘i tayyorlanmoqda. Bu yuqorida eslab o‘tganimiz Oltin uchburchak hududi.
Oltin uchburchak tarixi
Oltin uchburchak Myanmaning shimoliy-sharqiy, Tailand va Laosning shimoliy qismi tutashgan hududda joylashgan. Uning umumiy maydoni 200 ming km.kv.dan iborat.
Bu hududga Oltin uchburchak nomini AQSh davlat mulozimi Marshall Grin bergan. 1971 yilda u davlat departamentida giyohvand moddalar savdosi yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ilk bor shu atamani qo‘llaydi.
Oltin uchburchakda giyohvand o‘simliklar yetishtirish tarixi 1950-yillarga borib taqaladi. O‘shanda Xitoydagi fuqarolar urushida kommunistlar g‘alaba qozonadi.
Mag‘lub bo‘lgan Xitoy respublikasi tarafdorlarining bir qismi (ularni Gomindanchilar ham deyishgan) Tayvanga, qolgani Birmaga, hozirgi Myanmaga qochib o‘tadi.
O‘sha paytda endigina Britaniyadan mustaqil bo‘lgan Birma ancha kuchsiz bo‘lib, bu davlat o‘z hududlarini to‘liq nazorat qilolmasdi. Shu sababli Gomindan armiyasi u yerga oson borib joylashadi.
Xitoyda hokimiyat tepasiga kelgan kommunistlar giyohvand moddalarga ruju qo‘yganlarga qarshi ayovsiz kurash boshlaydi. Shunda xitoylik nashavandlar ham Birma shimoliga, Gomindan armiyasi nazoratidagi hududga qochib o‘tadi.

Shundan so‘ng Gomindan armiyasi o‘z ta’minoti uchun nazorati ostida bo‘lgan hududlarda ko‘knori yetishtira boshlaydi. Ko‘knori shirasi – opium-qoradori asosan Tailandga yuboriladi va u yerdan dunyoning turli burchaklariga tarqaladi. Keyinroq ko‘knori ekish Laos va Tailand shimolidagi nazoratsiz hududlarga ham yoyiladi.
1970-yillarda hali Afg‘onistonda qoradori oldi-sotdisi avj olmagan va afg‘on chollari ko‘knori po‘chog‘ini shifobaxsh dori sifatida qaynatib ichib yurgan paytlarda dunyoda tarqatilayotgan opiy hamda geroinning asosiy qismi Oltin uchburchakda tayyorlanardi.
Hatto AQShga ham geroin va opiy asosan shu joydan borardi. Masalan, amerikalik taniqli narkobaron Frenk Lukas Vetnam urushi davom etayotgan paytda bir necha yil Oltin uchburchakda tayyorlangan tonnalab geroinni halok bo‘lgan askarlarning tobutlariga yashirib, AQShga tashiydi.
O‘sha paytlarda Oltin uchburchakda tayyorlangan opiy hamda geroinning AQShda tarqatilishi Qo‘shma Shtatlar hukumati uchun jiddiy muammo sanalgan.
Opiy va geroin tayyorlashda yetakchi
Sovet armiyasi chiqib ketganidan so‘ng 1990-yillardan boshlab Afg‘onistonda ko‘knori ekish avj oladi va opiy hamda geroin ishlab chiqarish hajmi oshadi.
Afg‘oniston opiy va geroin ishlab chiqariluvchi asosiy mamlakatga aylanadi. O‘z navbatida Oltin uchburchakda ko‘knori ekish, undan opiy va geroin tayyorlash birmuncha kamayadi.

Biroq 2021 yilda AQSh armiyasi Afg‘onistondan butunlay chiqib ketib, hokimiyat “Tolibon”ga o‘tgach, vaziyat o‘zgaradi. Toliblar mamlakatda ko‘knori yetishtirishga qarshi ayovsiz kurash boshlaydi.
Natijada Afg‘onistonda giyohvand o‘simliklar yetishtirish, opiy va geroin tayyorlash keskin kamayadi. BMT hisobotiga ko‘ra, “Tolibon” yuritgan qattiqqo‘l siyosat tufayli Afg‘onistonda qoradori yetishtirish 90-95 foizga kamayadi.
Shundan so‘ng Myanmada ko‘knori ekish qayta avj oladi. 2023 yildan boshlab bu davlat qoradori va geroin yetishtirish bo‘yicha Afg‘onistonni ortda qoldirib, dunyoda birinchi o‘ringa chiqadi.
Bu jarayon keyingi yillarda ham davom etadi. Hisobotlariga ko‘ra 2025 yilda ham dunyoda yetishtirilgan qoradori va geroinning asosiy qismi Myanmada tayyorlangan.
Shu o‘rinda “Oltin uchburchak uchta davlat hududida bo‘lsa, nega Laos yoki Tailand emas, Myanmada opiy va geroin tayyorlash keskin oshdi?” degan savol tug‘ilishi tabiiy.
Buning javobi shuki, Laos va Tailand ancha yillardan buyon o‘z hududlarida ko‘knori ekilishiga qarshi qatttiq kurash olib bordi. Natijada bu ikki davlat hududida giyohvand o‘simliklar ekish keskin qisqardi.
Myanmada vaziyat birmuncha boshqacha. Bu davlatda bir necha marta davlat to‘ntarishi uyushtirildi. Hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tdi va ular mamlakatning barcha hududini nazorat qila olmadi.
Masalan, 1962 yildan 2011 yilgacha Myanmani harbiylar boshqardi. 2010 yilgacha bu yerda umumilliy saylovlar o‘tkaziladi va 2011 yilda harbiylar hukumati tarqatib yuboriladi. Hokimiyat fuqaro boshqaruviga qaytadi.

Biroq 2021 yil fevralda Myanmada harbiylar yana davlat to‘ntarishi amalga oshirdi va hokimiyatni egalladi. Myanmadagi siyosiy vaziyat izdan chiqadi.
Mamlakatda iqtisodiy qiyinchiliklar boshlanadi va Oltin uchburchak hududida joylashgan provinsiyalar aholisi yana ko‘knori ekishga zo‘r beradi.
Myanmada opiy va geroin tayyorlash qayta avj oladi. Oqibatda Afg‘onistondagi vaziyat tufayli jahon bozoridagi opiy va geroinga bo‘lgan talabni myanmaliklar qondira boshlaydi.
Opiy muzeyi
Tailand Oltin uchburchakda joylashgan hududlarini birmuncha nazoratga olgach, o‘sha joylarda ko‘knori ekilmaydigan bo‘ldi.
So‘nggi bir necha o‘n yillarda sayyohlikni keskin rivojlantirgan Tailand Oltin uchburchakdan sayyohlik yo‘nalishida foydalanishga qaror qiladi.
Bu uchun mamlakat shimolida, Chiang Ray viloyatida, Myanma bilan chegaraga yaqin joyda yirik muzey quriladi. “Opiy muzeyi” (Hall of Opium) deb nomlangan bu muzey boshdan oyoq opiyga bag‘ishlangan.
Muzey Tailand qirollik oilasiga tegishli jamg‘arma tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, hududda ko‘knor yetishtirishni to‘xtatish va dehqonlarni boshqa foydali ekinlarga o‘rgatish loyihasining bir qismi hisoblanadi.
Muzey shunchaki eksponatlar to‘plamidan iborat emas, balki opiyning 5000 yillik tarixi, uning jamiyatga salbiy ta’siri va giyohvandlikka qarshi kurash haqida ta’lim berishga qaratilgan ilmiy-ma’rifiy markazdir.
viator.com
Muzeyda qoradori yetishtirish texnologiyalari, uni tashishda ishlatilgan vositalar, "Opiy urushlari" tarixi va giyohvandlikning ayanchli oqibatlari aks etgan video hamda installyatsiyalarni ko‘rish mumkin.
Muzeyga tashrif buyuruvchilar uchun opiyning tibbiy xususiyatlaridan tortib, uning global iqtisodiyot va siyosatga qanday aks ta’sir qilgani haqida turli tillarda batafsil ma’lumot beruvchi gidlar hamda audioqo‘llanmalar mavjud.
So‘nggi so‘z o‘rnida shuni aytmoqchimizki, giyohvand moddalar inson salomatligi uchun juda xavfli. Uni oldi-sotdi qilish esa jinoyat. Biz insonlarning giyohvand moddalarni iste’mol qilishiga mutlaqo qarshimiz.
Mavzuga oid
12:05 / 20.04.2026
Bedarak yo‘qolgan moviy olmos – tailandlik xizmatchi Saudiya qirollik oilasining boyliklarni qanday o‘g‘irlagandi?
10:26 / 04.04.2026
Myanma harbiy xuntasi rahbari prezident etib saylandi
09:07 / 31.03.2026
Myanmada xunta rahbari prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatildi
09:56 / 27.03.2026