O‘zbekiston | 21:40 / 12.10.2021
15215
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda tibbiyot instituti o‘qituvchilarining oyligidan shanbalik uchun pul ushlab qolindi

Andijon davlat tibbiyot institutida 743 nafar xodimning ish haqidan 100–300 ming so‘mdan pul hashar uchun deb ushlab qolingan. Institut bu ma'lumotni “feyk” deb atagan edi, biroq adliya organining aralashuvi bilan holat tasdiqlandi va pullar qaytarildi.

Centyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda Andijon davlat tibbiyot institutida o‘qituvchilar ish haqidan 300 ming so‘mdan ushlab qolingani haqida xabarlar tarqalgan edi. Adliya vazirligi bu ma'lumotni tasdiqladi.

Ta'kidlash kerak, 7 oktyabr kuni OTM o‘z saytida bayonot chiqarib, holatni rad etgan edi.

“2021 yil 21 avgust kuni Andijon davlat tibbiyot institutida umumxalq xayriya hashari o‘tkazildi, lekin institut xodimlarining birortasining ish haqidan olib qolingan emas. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu xabar asossiz bo‘lib, feyk xabar hisoblanadi”, deyilgandi institut raddiyasida.

Biroq Andijon viloyat adliya boshqarmasining aniqlashicha, Andijon davlat tibbiyot instituti rektorining 2021 yil 15 sentyabrdagi buyrug‘i bilan xodimlarning ish haqlaridan pullar ixtiyoriy ravishda shanbalik uchun ushlab qolish belgilangan.

Shu asosda 743 nafar xodimning sentabr oyi uchun oylik ish haqidan 100–300 ming so‘mdan, jami 150 mln so‘m mablag‘lar avgust oyida o‘tkazilgan hashar munosabati bilan, shundan 221 nafar xodimning ish haqidan ularning roziligisiz pul mablag‘lari ushlab qolingan.

“O‘rganish yakunida 150 mln so‘m pul mablag‘lari institut xodimlariga to‘liq qaytarildi hamda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan institut mansabdor shaxslari intizomiy va ma'muriy javobgarlikka tortildi”, – deyiladi adliya xabarida.

Foto: “Muxbir Daliyev” Telegram-kanali

Mehnat kodeksining 164-moddasiga muvofiq, ish haqidan ushlab qolishga xodimning yozma roziligi bilan, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda esa, sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

“Adliya vazirligi ogohlantiradi — xodimning ish haqidan noqonuniy ushlab qolishlar qonunga zid hisoblanadi hamda bunga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslar albatta javobgarlikka tortiladi!” – deya yakunlangan vazirlik bayonoti.

Mavzuga oid